Mamlakatning qudratini belgilaydigan omillar ko‘p. Biroq, ularning eng asosiylaridan biri shu yurtda voyaga yetayotgan yuksak ma’naviyatli, jismonan sog‘lom, har tomonlama barkamol avloddir. Yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, muammolarining hal etilishiga yordam berish shuning uchun ham bugungi kunning dolzarb vazifasidir.
Shu sababli Amudaryo tumanida ham yoshlar ishtirokida muntazam ravishda ko‘plab uchrashuvlar, davra suhbatlari, sayyor qabullar o‘tkazib kelinmoqda.
4 dekabr kuni tumanning To‘lqin ovul fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosida tuman hokimining yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismoilov, ovul fuqarolar yig‘inining mas’ul xodimlari hamda ovul yoshlari ishtirok etdilar.
Mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan e’tibor, o‘sib kelayotgan barkamol avlodga bo‘lgan g‘amxo‘rlik davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bilan ham ahamiyatlidir. Zero yoshlar vatan kelajagi, ertangi kunning bunyodkorlaridirlar. Shu boisdan ham ularning hayotidagi muammolarini o‘rganish, hal etish, intilishlarini qo‘llab-quvvatlash kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan hisoblanadi.
Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan turli xil yo‘nalishlarda 22ta murojaat yo‘llandi. Joyida hal qilish imkoni bo‘lgan murojaatlar, taklif va tashabbuslar yuzasidan yoshlarning talablari qanoatlantirildi. Atroflicha o‘rganishni taqozo etadigan dolzarb masalalarni hal etish yuzasidan esa Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi hamda aloqador muassasa-tashkilotlar rahbarlariga muddatlar belgilanib, topshiriqlar berildi. Murojaatlar bilan bir qatorda uchrashuvda ishtirok etgan yoshlar tuman hokimiga o‘z takliflarini ham berishdi.
Murojaatlarning aksariyati o‘qish uchun kontrakt pullarini qoplab berish, subsidiya asosida mehnat qurollari olish, tadbirkorlik qilish uchun imtiyozli kreditlar olish hamda dehqonchilik qilish uchun yer maydonlari ajratish bo‘yicha bo‘ldi.
Shuningdek, Ismoil O‘razboyev ko‘chma savdo maydonini auksionga chiqarib berish, Sherzod Rajapov hamda Jo‘rabek Sobirovlar safarbarlik chaqiruvi rezervi xarajatlarini qoplab berish, Muso Yo‘ldoshev esa haydovchilik guvohnomasiga o‘qish harajatlarini qoplab berishda amaliy yordam so‘radi.
Uchrashuvda tashabbuskor va faol yoshlar o‘zlarining kelajak rejalari, ularni qiynayotgan muammolar haqida ochiq-oydin gapirdi. Tumanda yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, uyushmagan yoshlar bilan ishlash tizimini ishlab chiqish bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Tuman hokimi yoshlarga murojaat qilar ekan, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan keyingi yillarda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilganligi, yoshlar faoliyatiga doir muhim qaror va farmonlar, qonunlar qabul qilinayotgani va unda yoshlarning ham takliflari o‘rin olayotganligi yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tiborning namunasi ekanligini aytib o‘tdi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda yoshlarga taalluqli barcha dolzarb masalalar keng va to‘laqonli qamrab olindi.
Yoshlar bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlar negizida kelajak avlodning manfaatini ta’minlash va ertangi yorug‘ kunga zamin yaratish kabi ulug‘vor maqsad yotadi. Shunday ekan, har bir yosh avlodni qo‘llab-quvvtlash, ularga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish asosiy vazifadir.
Tuman hokimi Axborot xizmati