Yoshlar – kelajagimiz. Ular ertamiz, millatimiz egalaridir. Shu boisdan ham yosh avlod kamoloti yo‘lida tashlangan har bir qadam farzandlarimizning porloq istiqboli va jonajon O‘zbekistonimizning nurli ertasi yo‘lida qo‘yilgan odimlar hisoblanadi.
Shu o‘rinda e’tirof etish joizki, Amudaryo tumanida ham yoshlarning to‘laqonli ilm olishlariga sharoit yaratish, ularning turmushidagi muammolarini aniqlash va bartaraf etish, ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash, orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘pgina sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Shu maqsadda tuman hokimining, sektorlar rahbarlarining, huquqni muhofaza qilish organlari,tumandagi barcha korxona-tashkilotlar rahbarlarining yoshlar bilan uchrashuvlari muntazam tashkil etilayapti.
2 dekabr kuni tumanning Qipchoq ovul fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosida tuman hokimining yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismoilov, yig‘in mas’ullari, ovul faollari, yoshlar ishtirok etdilar.
Uchrashuvni ovul fuqarolar yig‘ini raisi Soatboy Nametov ochdi. U o‘z so‘zida davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar kelajagiga katta e’tibor qaratilayotgani hamda yoshlar masalasi davlat siyosatida asosiy o‘ringa ko‘tarilgani, bu qipchoqlik yoshlar hayotida ham yaqqol o‘z ifodasini topayotganini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib bugungi kunda hurmatli Prezidentimiz tomonidan yoshlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, imkoniyatlar va tumanda yoshlar bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga keng to‘xtalib o‘tdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda yoshlarning o‘zligini namoyon etishlari, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun yer maydoni ajratish kabi masalalardagi, shuningdek bandlik masalalaridagi murojaatlari ham tinglandi hamda amaliy yordam berish uchun nazoratga olindi.
Shuningdek, ovul yoshlarining sport bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish, sport musobaqalarini tez-tez o‘tkazib turish yuzasidan qilingan murojaat qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi hamda amaliy yordam berish choralari ko‘rilishi ma’lum qilindi.
Tadbirda yoshlar tomonidan bildirilgan 10dan ziyod murojaatlarning asosiy qismi shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi. O‘rganilishi vaqt talab qiladigan murojaatlarni hal etish mutasaddi tashkilot rahbarlari, ushbu masalalarning ijrosini nazorat qilish bo‘yicha tegishli mas’ullar zimmasiga yuklatildi.
Shu kuni Qipchoq shaharcha fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosida ham tuman hokimining yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismoilov, shaharcha fuqarolar yig‘ini mas’ullari, faollar va yoshlar ishtirok ishtirok etdilar.
Tadbirda tuman hokimi hudud yoshlari bilan dildan muloqot qildi va muammolarini ham tingladi. Yoshlarning bandlik, dehqonchilik qilish uchun ijaraga yer maydoni ajratish va ijtimoiy masalalardagi murojaatlari tinglandi va ijobiy hal qilish yuzasidan nazoratga olindi.
Shunisi e’tiborliki, mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang tarzda takomillashtirilib borilmoqda.
Oygul Rajabova