YOʻL HARAKATI XAVFSIZLIGINI TAʼMINLASH BOʻYICHA NAZORAT TADBIRLARI OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, shahar va qishloqlarda yangi yo‘llar va ko‘priklar qurildi, ta’mirtalab bo‘lgan ko‘plab yo‘llar rekonstruksiya qilindi. 2023 yilning 9 oyi ichida tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylarida qariyb 9,2 ming yotiq chiziqlar chizilgan, 417 svetofor obyektlari hamda piyodalar uchun 210 ta svetofor qurilgan.

Shunga qaramasdan, yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari ortib bormoqda. Masalan, 2023 yilning 9 oyi ichida mamlakatimizda yo‘l-transport hodisalari soni o‘tgan yilga nisbatan 2,4 foizga oshgan. Ko‘p hollarda baxtsiz hodisa natijasida fuqarolar tan jarohati olib, o‘lim holatlari ham kuzatilyapti.

Shu munosabat bilan davlat yo‘llarda ko‘ngilsiz hodisalar sonini kamaytirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshiryapti. Jumladan, yo‘l harakati qoidalarini buzganlarga nisbatan jarima tizimini qo‘llashdir. Butun dunyoda bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – haydovchi va piyodalarni yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini bajarishga undash va ularni noqonuniy xatti-harakatlar amalga oshirishdan tiyishdir.

Joriy yilning 19-20 noyabr kunlari va dekabr oyining boshida Amudaryo tumanida ham tan jarohati bilan bog‘liq va og‘ir oqibatli yo‘l transport hodisalarining oldini olish, mast holatda avtotransport vositalarini boshqarish bilan bog‘liq vaziyatlarga chek qo‘yish, shuningdek, muddati o‘tgan qarzdorliklarni undirish maqsadida nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Nazorat tadbirlari davomida haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmay turib avtomobil boshqarish, boshqa odamga tegishli avtomobilni boshqarish, tezlikni oshirish mumkin bo‘lmagan hududlarda katta tezlik bilan avtomotransport vositalarini boshqarish, ichki ishlar organi xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmaslik, tegishli hujjatlarsiz avtomobiliga arava ulash kabi qo‘pol turdagi ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlandi. Mazkur huquqbuzarliklarni sodir etgan haydovchilarga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy jazo choralari ko‘rildi.

Shuningdek, tadbir davomida to‘y kortejlari bilan bog‘liq xunuk holatlar ham kuzatildi. Xususan, tezlikni oshirish man qilingan, aholi gavjum bo‘lgan, shuningdek, ta’lim-tarbiya muassasalari joylashgan hududlarda yo‘lni band qilib, tartibsiz ravishda to‘y sayri uyushtirish, yurib ketayotgan avtomobilning oynasidan yarim beligacha tashqariga chiqib, namoyishkorona selfiga tushish kabi holatlar bo‘yicha ham ma’muriy bayonnomalar tuzilib, huquqbuzar, haydovchilar va to‘y korteji ishtirokchilariga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy jazo choralari belgilandi.

Xalqimiz falokat oyoq ostida, deb bekorga aytishmagan. Lekin har qanday falokat yoki baxtsiz hodisaning oldini olish esa insonning o‘ziga bog‘liq. Qolaversa, haydovchilik ham odamdan yo‘l harakati qoidalari bilan bog‘liq madaniyatni, ogohlikni talab etadi. Chunki yo‘l – faqat haydovchiniki emas, umummanfaati uchun xizmat qiluvchi ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy mulk hisoblanadi. Shu bois, haydovchilar ana shu mulkdan foydalanuvchilar daxlsizligini ta’minlashga burchlidirlar. Shu bilan birga, insonlar hayotini xavf-xatarga qo‘ymaslik uchun hamisha yo‘llarda madaniyatli tarzda harakat qilmoqlari shart.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.