Har yili kuz-qish mavsumida ijtimoiy soha obyektlarida gaz bosimi pasayib ketishi, isitish qozonxonalarining yaxshi ishlamasligi tufayli ko‘pgina muammolar yuzaga kelar edi.
Joriy yildan boshlab mamlakatimizda ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlari bilan tadbirkorlar shug‘ullanishi yo‘lga qo‘yildi. Bundan ko‘zlangan maqsad isitish tizimlarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash, ushbu obyektlarga issiqlik energiyasini uzluksiz yetkazib berish va energiya resurslaridan samarali foydalanish, sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilishdan iboratdir.
Bu borada joriy yilning aprel oyida Prezidentning “Ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilingan bo‘lib, qaror ijrosi yuzasidan Amudaryo tumanida ham kuz-qish mavsumigacha muayyan ishlar olib borildi.
Tumandagi 38-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi majlislar xonasida tumanda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy soha obyektlari rahbarlari va mas’ul xodimlariga yig‘ilish o‘tkazilib, ularga Prezident qaroriga muvofiq xususiy sheriklik asosida ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimini yangilash va boshqarish borasida Andijon tajribasini O‘zbekiston miqyosida joriy etilayotgani, isitish tizimlari tadbirkorga 10 yil muddatga berilishi va ularning xizmatlari davlat tomonidan sotib olinayotgani, bu bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilayotgani bo‘yicha keng tushuntirish berilgan edi.
“JKB ENERGY NUKUS GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan tumanda 125ta ijtimoiy soha obyektlarini isitish bo‘yicha shartnoma imzolangan bo‘lib, shundan 26ta ijtimoiy soha obyektlarini joriy yilda modernizatsiya qilish muvaffaqiyatli tugallandi.
Shu kungacha tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli Berdaq oilaviy shifokorlik punktiga 2 dona, shuningdek, maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlaridan jami 26ta obyektga 89ta isitish qozonxonalari o‘rnatilib, ishga tushirildi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida isitish tizimlari yangilangan ijtimoiy soha obyektlarida bugungi kunda normal harorat ta’minlanib, tizim uzluksiz ishlamoqda.
Xususan, Amudaryo tumani Tibbiyot birlashmasiga qarashli Berdaq oilaviy shifokorlik punktiga o‘rnatilgan Turkiya davlatiga ishlab chiqarilgan 2ta isitish qozonlari mazkur obyektda sifatli ishlab, zarur haroratni yaratib turganligi quvonarlidir.
Shuningdek, 43-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga o‘rnatilgan yangi isitish tizimi tufayli muassasada bolajonlar uchun qulay sharoit yaratilgan.
Mang‘it shahridagi 76-sonli, 55-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablari ham yangilangan isitish tizimi orqali isitilayapti. Ushbu ta’lim maskanlarida ham isitish tizimlari uzluksiz va bir maromda, kerakli haroratni ta’minlab bermoqda.
Kelgusida jami 125ta ijtimoiy soha obyektlarida xuddi shunday yangilangan isitish tizimini joriy qilish ko‘zda tutilgan. Xizmat qilish kafolati 15 yil bo‘lgan Turkiyada ishlab chiqarilgan isitish qozonlari tumanimiz ijtimoiy soha obyektlarida kuz-qish mavsumida uzluksiz va mo‘tadil haroratni yaratib beradi.
Sevara ISMOILOVA