Mamlakatimiz xalqi sevib nishonlaydigan bayramlar ko‘p. Har bir bayramning o‘z tarixiy ahamiyati, xalqimiz hayotida tutgan beqiyos katta o‘rni bor. 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan sana esa o‘zbekistonliklar uchun mukammal qomusiy baxt, erk va adolatning haqiqiy tantanasi, eng aziz va qadrli bayram sifatida yakdillik bilan nishonlanadi. Davlat va jamoat tashkilotlarida, ta’lim-tarbiya muassasalarida sana munosabati bilan “Konstitutsiya bilimdonlari”, “Qomusimiz - baxtimiz”, “Konstitutsiyamizni o‘rganamiz”, “Baxt-iqbol va kelajagimiz kafolati” mavzularida ko‘rik-tanlovlar, davra suhbatlari, zakovat bellashuvlari o‘tkaziladi.
Konstitutsiyamiz qabul qilingan kun arafasida, joriy yilning 6 dekabr sanasida Mang‘it shahridagi 1-sonli umumta’lim maktabida ham ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-musiqiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Did bilan bezatilgan maktab faollar zalida Konstitutsiyamizni madh etuvchi shiorlar, devoriy gazetalar, siyosiy adabiyotlar, maktab o‘quvchilarining Konstitutsiya haqidagi bilimlarini o‘zida mujassam etgan ma’ruzalar, insholar, ijodiy ishlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Tadbir avvalida ona Vatan, istiqlol, tinchlik va do‘stlikni tarannum etuvchi jo‘shqin kuy sadolari ostida sahnaga ma’naviy-ma’rifiy va adabiy-badiiy kecha ishtirokchilari kirib kelishdi. Ishtirokchilar ona Vatanni madh etuvchi she’rlar aytishdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston madhiyasi yangrab, barcha, shu jumladan tadbirda ishtirok etayotgan o‘qituvchilar, o‘quvchi-yoshlar, ularning ota-onalari ham mag‘rur turib O‘zbekiston madhiyasiga jo‘r bo‘lib kuyladilar.
Boshlovchilar Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 31 yilligi hamda Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlar, mamlakatimizda ro‘y berayotgan demokratik jarayonlar hamda yangilangan Konstitutsiyamizning xalqimizni kelajak sari ruhlantirib turguvchi tengsiz qudrati, qonun ustuvorligi, bag‘rikenglik, huquqiy tenglik va adolat tamoyillari haqida biri-biridan ta’sirli she’rlar o‘qidilar.
Shuningdek, o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida yangilangan Konstitutsiyamizning 155ta moddasi va undagi 434ta normaning ahamiyati, xalqimiz hayotida tutgan o‘rni yuzasidan viktorina savollariga tez, aniq va puxta javob berish bo‘yicha bellashuv ham o‘tkazildi. “Yangilangan Konstitutsiyamiz haqida nimalarni bilasiz?” degan savolga o‘quvchi-yoshlar dadil va tezkorlik bilan javob berdilar. Xususan, Konstitutsiyaning 1-moddasi 15-, 5-, va 31-moddalari haqida o‘quvchilar mukammal fikr yuritishib, o‘zlarining Konstitutsiya bilimdonlari ekanliklarini amalda namoyon etdilar.
Tadbir davomida o‘quvchi-yoshlar xalq erki, ozodlik, baxt, tinchlik, tenglik, do‘stlik va millatlararo totuvlikni madh etuvchi she’rlar, ashulalar ijro etishdi. Jo‘shqin kuy-qo‘shiqlarga monand raqslari bilan tadbir mehmonlariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdilar.
Tadbir yakunida “Bu – mening o‘zligim, g‘urur, nomusim, Konstitutsiyam – oliy Qomusim!” shiori ostida “Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!” qo‘shig‘ini jo‘r bo‘lib kuyladilar.
Bo‘lib o‘tgan bayramona tadbir barchaga zavq-shavq bag‘ishladi.
Muhabbat Qodirova,
1-sonli maktabning tarix fani o‘qituvchisi.