Har yili 8 dekabr – mamlakatimizning Asosiy Qonuni – Konstitutsiyamiz qabul qilingan kun ulkan tantana qilinadi. Boisi, davlatimizning erkin va adolatli fuqarolik jamiyatiga asoslangan demokratik davlat bo‘lishida Konstitutsiyamizning ahamiyati cheksiz.
Mazkur hujjat davlat suverenteti g‘oyalariga yo‘g‘rilgani va inson sha’ni, huquqlarini muqaddas deb e’tirof etgani bilan, fuqarolarning munosib hayot kechirishlarini, tinch-totuvligini ta’minlashga xizmat qilayotgani bilan ham har birimiz uchun azizdir. Shuning uchun ham har yili Konstitutsiya qabul qilingan kun yuritimizda keng tantana qilinadi. Sana munosabati bilan maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida Konstitutsiya mazmun-mohiyatini targ‘ib etishga bag‘ishlangan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi, “Konstitutsiyamizni o‘rganamiz” mavzusida darslar o‘tiladi, o‘quvchilarning Asosiy Qonunimiz haqidagi bilimlarini sinovdan o‘tkazish uchun turli tanlovlar o‘tkaziladi.
Amudaryo tumanining Bosuv mahallasida faoliyat yuritayotgan 26-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunning 31 yilligi keng tantana qilindi.
Maktabning 3 “B” sinfida “Konstitutsiya – baxtimiz qomusi” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda sinf o‘qituvchisi Roza Gulmonova Konstitutsiya haqida, yosh avlodning ta’lim-tarbiya olishi, barkamol bo‘lib voyaga yetishida davlatimizning amalga oshirayotgan g‘amxo‘rligi xususida batafsil tushunchalar berdi.
O‘quvchilar mavzuga oid she’rlar ijro etdilar. 6 “B” sinf o‘qituvchisi Kumushoy Xolimbetova “Konstitutsiya – baxtimiz kafolati” mavzusida sinf soati o‘tdi. Sinf soatida Konstitutsiya haqida ma’ruza tinglandi va bu boradagi o‘quvchilarning fikr-mulohazalariga ham keng o‘rin berildi. Muallima barcha fikrlarga munosabat bildirib, darsga yakun yasadi.
Shu kuni maktabning 5-7 sinflari o‘quvchilari o‘rtasida Konstitutsiya mazmun-mohiyatini ifoda etuvchi rasmlar tanlovi bo‘lib o‘tdi. Belgilangan muddat ichida o‘quvchilar chizgan suratlarini o‘qituvchilar jamoasidan tuzilgan hakamlar hay’ati a’zolari odilona baholadilar. Natijalarga ko‘ra, Jahongir Rajabboyev, Shodibek Ahmadov, Qamaroy Xudoyberganovalar chizgan rasmlar eng mazmunli va maqsad aniq ifoda etilgan, deb topildi. Fan o‘qituvchisi Nargiza Avazmurotova tanlov g‘oliblarini e’lon qildi va taqdirladi.
Sana munosabati bilan maktabning huquqshunoslik fani o‘qituvchisi Nilufar Sa’dullayeva 9 “A” sinfda “Konstitutsiyamiz haqidagi bilimlarimiz” mavzusida davra suhbati o‘tkazdi.
Davra suhbatida o‘quvchilar Konstitutsiya haqidagi fikr mulohazalarini bildirdilar va mazkur hujjat yurtimizning yoshi, jinsi, mavqeidan qat’iy nazar, har bir fuqarosi uchun emin-erkin yashashi, munosib sharoitlarda mehnat qilishi, o‘qishi va baxtiyor yashashining kafolati ekanligini ta’kidladilar.
Mavzu yuzasidan 9 “B” sinf o‘quvchilari orasida insholar tanlovi o‘tkazildi. Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Gulsevar Kamolova o‘tkazgan ushbu tanlovda Shahnozabonu Masharipova, Dilnavoz Ahmadovalar g‘olib, deb topildi.
Konstitutsiyamizning 31 yilligi sharafiga tashkillashtirilgan tadbirlar maktab badiiy havaskor o‘quvchilarining maxsus konsert dasturiga ulanib ketdi.
Mang‘it shahrida joylashgan 16-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham “Konstitutsiya – baxtimiz qomusi” deb nomlangan madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirni maktabning davlat va huquq asoslari fani o‘qituvchilari Ma’rifat Rajabova, Adolat Davekovalar 7-, 8-, 9 sinflar o‘quvchilari ishtirokida tashkillashtirdilar.
Maktab faollar zalida bo‘lib o‘tgan tadbirga maktab o‘qituvchilari, o‘quvchilari, ota-onalar vakillari ishtirok etdilar. Unda dastlab Konstitutsiyamiz haqida ma’ruzalar o‘qildi va uning mazmun-mohiyati haqida o‘quvchilarga keng tushunchalar berildi.
Aytish joizki Asosiy Qonunimizning mazmun-mohiyati, uning hayotimizda tutgan o‘rni va ahamiyatini o‘quvchilar ongiga chuqur singdirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu mazkur tadbirda ham o‘quvchilarning Konstitutsiyaning moddalariga bergan ta’rif-sharhlarida yaqqol namoyon bo‘ldi.
O‘quvchilar ijro etgan Konstitutsiya, ona Vatan, tinchlik osoyishtalik va baxtiyor bolalik haqidagi she’rlar, qo‘shiqlar va raqslar tadbirga yana ham o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Tadbir o‘quvchilar namoyish etgan Asosiy Qonunimizning hayotimizdagi o‘rni, ahamiyatini targ‘ib etuvchi sahna ko‘rinishi bilan nihoyasiga yetdi.
O‘tkazilgan tadbirlar o‘quvchi-yoshlarga baxtimiz, tinch-osoyishtaligimiz, farovon hayotimiz kafolati bo‘lgan Asosiy Qonunimizni keng targ‘ib etgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Oygul RAJABOVA.