AMUDARYODA KONSTITUTSIYA QABUL QILINGAN KUNGA BAGʻISHLAB TANTANALI TADBIR OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

Bu yil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 31 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan barcha hududlarda ma’naviy-ma’rifiy, madaniy-musiqiy tadbirlar tashkil etildi. Amudaryo tumanida ham ushbu sanaga bag‘ishlab katta tadbir o‘tkazildi.

7 dekabr kuni tuman Madaniyat markazi konsertlar zalida bo‘lib o‘tgan “Konstitutsiya – qomusimiz!” nomli tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari va tegishli davlat organlari mas’ullari, deputatlar, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Bayramga mos tarzda bezatilgan foye va sahna, hilpirab turgan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari bayroqlari tashrif buyurganlarga tantanavor ruh, ko‘tarinkilik baxsh etdi. Sahna to‘ridagi monitor orqali Konstitutsiya qabul qilingan kuni e’lon qilingan sessiya va joriy yil aprel oyidagi muhim siyosiy jarayon – umumxalq Referendumidan, yurtimizda bo‘layotgan islohotlar, ulkan o‘zgarishlar, innovatsion texnologiyalar asosida ish yuritayotgan turli kasbdagi ishchi-xodimlarning faoliyatlaridan lavhalar berib borildi.

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari Davlat madhiyalari ostida boshlangan tantanali bayram tadbirini tuman hokimi Sobir Xo‘jametov ochib berib, yig‘ilganlarni, ular orqali butun tumanimiz aholisini ushbu qutlug‘ sana bilan muborakbod etdi. Shuningdek, yurtimizda o‘tgan yillar mobaynida amalga oshirilgan ulkan o‘zgarishlar, bunyodkorliklar, Konstitutsiyaviy islohotlarni faxr bilan tilga oldi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi Qayrulla Atamurodov ham Qomusimizning xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi ekanligini, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelayotganini alohida ta’kidladi. Konstitutsiyamiz xalqimiz uchun tinch, obod va farovon hayot barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotganini e’tirof etib o‘tdi.

Ta’kidlash joizki, tumanimizda ham Konstitutsiya va qonunlarimiz talablaridan kelib chiqib, iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini uy-joy bilan ta’minlash, tibbiyot va ta’lim sohalaridagi muammolar, majburiy mehnat, xususan, bolalar mehnati, ishsizlik, kambag‘allik, korrupsiyaga qarshi kurash masalalari keng jamoatchiligimiz ishtirokida hal etilmoqda.

Shu o‘rinda aytish lozimki, mamlakatimizda ijtimoiy muammolarni bartaraf etish maqsadida joriy etilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tizimlari dastlabki ijobiy natijasini bermoqda. Tumanimizda ham “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 209 nafar ishsiz fuqaroga 2 mlrd. so‘mlik subsidiya ajratilib, bandligi ta’minlangan.

Mahallalardagi hokim yordamchilari tomonidan “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturi doirasida 4 421 nafar fuqaroga tavsiyanomalar berilib, 81,8 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratilgan, 6 ming nafardan ortiq fuqarolarning o‘zini-o‘zi band qilish orqali bandligi ta’minlangan. “E-AUKSION” elektron savdo platformasi orqali 743,7 gektar yer maydonlari 1338 nafar fuqarolarga ajratilgan va ularning qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish orqali daromad topishlariga imkoniyat yaratilgan.

Bayram tadbirining tantanali qismi tugaganidan so‘ng, tuman Madaniyat markazlari san’atkorlari, tumandagi musiqa va san’at maktablari to‘garaklari havaskorlari, o‘quvchi-yoshlar ishtirokidagi musiqiy dastur bilan davom ettirildi. “Uchqun” ashula raqs ansambli, 21-sonli Bolalar va musiqa maktabi orkestr jamoasi, 38-, 16-, 47-, 49-, 36-, 27-sonli maktablarning raqs jamoalari ijrosidagi qoraqalpoqcha, qozoqcha va turkmancha kuy-qo‘shiqlar, jozibali raqslar barchaga xushnudlik baxsh etdi. Ijodkor Odiljon Shomurodovning “Yangi O‘zbekiston” va 40-sonli maktab o‘quvchilarining “O‘zbekiston” she’rlari esa tomoshabinlarning kayfiyatini ko‘tardi. Ayniqsa, tuman yoshlari jo‘rligidagi “O‘zbekiston yoshlari” va Boburjon Mahmudov, Sevinchoy Bektursunova, Izzatbek Ikromovlar ijrosidagi “Qomusim” qo‘shiqlari bayram tadbirining tantanavorligini yanada oshirdi.

Konstitutsiya qabul qilinganining 31 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan katta bayram tadbiri barchaga manzur bo‘ldi.

O. Xudoyberganova