Ma’lumki, soliqlarning budjetlarga va budjetdan tashqari jamg‘armalarga o‘z vaqtida va to‘liq kelib tushmasligi – davlat iqtisodiyotining me’yorida ishlashiga to‘sqinlik qiladi. Shuningdek, ish haqi, pensiya va nafaqalarning o‘z vaqtida to‘lanishiga, davlat ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarining amalga oshirilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Majburiy ijro byurosi Amudaryo tumani bo‘limi ish yurituviga joriy yil 1 dekabr holatiga jami 235,2 mlrd. so‘mlik 27036ta ijro hujjatlari olingan. Shundan 165,5 mlrd. so‘mlik 12317ta ijro hujjatlari tamomlanib, 121,9 mlrd. so‘mlik 8064ta ijro hujjatlari amalda undirilishi ta’minlangan. Ushbu davr mobaynida davlat foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq 66,5 mlrd. so‘mlik 18907ta ijro hujjatlari ish yurituviga olingan. Shundan 47,1 mlrd. so‘mlik 8891ta ijro hujjatlari tugatilgan, 26,2 mlrd. so‘mlik 6329ta ijro hujjatlari amalda undirilishi ta’minlangan.
Jumladan, soliq qarzdorligi undiruvlari bilan bog‘liq 53,6 mlrd. so‘mlik 5698ta ijro hujjatlari ish yurituvga olingan. Shundan 40,5 mlrd. so‘mlik 3040ta ijro hujjatlari tamomlangan, 20,9 mlrd. so‘mlik 1490 ta ijro hujjatlari amalda undirilishi ta’minlangan.
Shu yil 6 dekabr kuni tuman prokuraturasi, IIB va Majburiy ijro byurosi xodimlari hamkorligida soliq va boshqa to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan qarzdorlardan qarzlarni undirish yuzasidan navbatdagi tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan ijro hujjati va Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudining tegishli buyrug‘iga asosan qarzdor T.K.dan (ism o‘zgartirilgan) undiruvchi – Davlat soliq inspeksiyasi foydasiga 211 mln. 494 mingdan ziyod soliq qarzi hamda davlat foydasiga 8 mln. 459 mingdan ortiq davlat bojini undirish choralari ko‘rildi. Qarzdor T.K.ning to‘lash imkoniyatini aniqlash maqsadida yashash manzili ko‘zdan kechirildi, uning boshqaruvida bo‘lgan avtomobili xatlovga olindi va vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga olib borib qo‘yildi.
Yurtimizning har bir fuqarosi zimmasidagi soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab borishni unutmasligi, aslo befarq bo‘lmasligi kerak. Chunki ushbu to‘lovlar mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Ro‘zmetov, tuman prokurori.