Muhtaram dehqon va fermerlar! Qishloq xo‘jaligi sohasida halol mehnat qilayotgan qadrli yurtdoshlar!
Avvalo, barchangizni, butun tumanimiz ahlini Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.
Barchaga ma’lumki, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotning eng qadimiy, hech qachon o‘z o‘rni va ahamiyatini yo‘qotmaydigan, shu bilan birga eng mas’uliyatli hamda mashaqqatli sohasidir. Hurmatli Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi xodimlarini "Shunday ulug‘ va muhim sohaning zalvorli yukini o‘z yelkasida ko‘tarib kelayotgan mirishkor dehqon va fermerlar, zahmatkash chorvador va pillakorlar, mohir suvchi va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator va agronomlar, jonkuyar olim va mutaxassislarni dunyodagi eng olijanob kasb egalaridir" deya ta’riflagan edilar. Ularning zahmatli mehnatini qadrlash va e’tirof etish maqsadida 2017 yildan beri Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni keng nishonlanib kelmoqda. Ushbu sana munosabati bilan tumanimizdagi dehqon va fermerlar, agrar soha xodimlarini qizg‘in muborakbod etaman.Aslida dunyodagi eng qadimiy va olijanob kasb egalari hisoblangan, el-yurt dasturxonini to‘kin va farovon etadigan qishloq xo‘jalik xodimlarining fidoyi mehnati va jasorati har qanday yuksak e’tirofga munosibdir.
Albatta, qishloq xo‘jaligi sohasida oson va yengil vaqtning o‘zi bo‘lmaydi. Tabiat injiqliklari, suv resurslarining cheklangani, turli hasharot va zararkunandalar bilan kurashish har bir dehqondan katta azmu shijoat, mirishkorlik va tajribani talab etadi.
Aziz do‘stlar!
Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida uzoqni ko‘zlagan holda amalga oshirayotgan tub islohotlarimiz tizimda salmoqli natijalarga erishishda muhim omil bo‘lmoqda.
Joriy yil yoz chillasining o‘ta issiq kelishi, suv resurslarining sezilarli darajada tanqisligi dehqonlarimizning iroda va matonatini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi. Lekin mavjud muammolarga qaramasdan, barcha tarmoqlarda mo‘l hosil yetishtirib, avvalgi yillarga nisbatan yuqori marralarga erishganingiz uchun siz, azizlarga har qancha tahsin aytsak, arziydi.
Tumanimizda yetti xazinaning biri bo‘lgan pillachilikka alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Joriy yilda ham sohadagi ko‘p yillik tajribalarga tayanilgan holda 230 tonna «kumush tola» xirmonini bunyod etishga erishildi.
2023 yilgi g‘alla hosili uchun tumandagi 361 ta fermer xo‘jaliklarining jami 7000 gektar yer maydoniga g‘alla urug‘lari ekilgan edi. Ushbu maydonlardan rejadagidan ham mo‘l hosil yetishtirildi. 2024 yil hosili esa uchun 5 ming 380 gektar yer maydoniga g‘alla ekildi va to‘liq nihol undirib olindi.
Tumanimiz hududida jami 102 ming 119 gektar yer maydoni bo‘lib, shundan, 32 ming 506 gektari sug‘oriladigan ekin yerlar, 38 ming gektari bo‘z yerlar, 450 gektari bog‘lar, 39 gektari uzumzorlar, 887 gektari tutzorlarni tashkil qiladi. Jami sug‘oriladigan qishloq xo‘jalik yerlari 32 ming 920 gektarni tashkil qiladi. Hozirgi kunda tumanimiz hududida jami 45 ming 740 gektar maydonda 608 nafar fermer va qishloq xo‘jalik korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ekin maydonlarining 13 ming 900 gektariga ko‘klamda chigit ekilgan edi.
Yil boshidan beri dehqonlarning ulkan marralarni ko‘zlab qilgan fidoyi mehnatlari, g‘o‘za parvarishi davrida agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida sifatli ado etilgani paxta maydonlarida mo‘l hosil to‘planishini ta’minladi va 47 ming tonna paxta xom ashyosi yetishtirildi.
Bunday ulkan xirmonni yaratishga salmoqli hissa qo‘shgan “Javlon”, “Ahmedov Rajabboy”, “Sherali Avezov”, “Kamoliddin Bekniyoz”, “Serikboyev Soliy” fermer xo‘jaliklari hammaga namuna bo‘lganini minnatdorlik bilan ta’kidlayman.Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning o‘z vaqtida yonilg‘i-moylash materiallari, zarur ehtiyot qismlarini , mineral o‘g‘itlarni yetkazib berib turganligi,g‘o‘za nihollari begona o‘tlardan va zararkunanda hasharotlardan ishonchli himoya qilingani ham erishilgan natijalarda muhim o‘rin tutadi.
Aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirishda g‘allachilikning o‘rni alohidadir. Shular inobatga olingan holda 2024 yilgi hosil uchun 5 ming 630 gektar maydonga g‘alla ekildi va to‘liq nihol undirib olishga erishildi.
Shuningdek, xalqimizning ertaki sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish maqsadida hosildan bo‘shagan maydonlarning 1777 gektariga sovuqqa chidamli piyoz va sarimsoqpiyoz kabi ekinlar to‘qsonbosti usulida ekildi.
Ayni paytda chorvachilikda naslchilikni yaxshilash, zotdor chorva mollarini ko‘paytirish, ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish, ushbu sohaga davlat tomonidan subsidiyalar ajratib berish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Tumanimizda 2024 yil hosili uchun esa jami 30 ming 663 gektar maydonga qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish rejalashtirilgan.
Shundan, 13 ming 900 gektar maydonga paxta, 1 ming 98 gektar maydonga sabzavotlar, 562 gektar maydonga poliz ekinlari, 300 gektar maydonga kartoshka, 1 ming 271 gektar maydonga dukkakli ekinlar, 1 ming 98 gektar maydonga moyli ekinlar ekiladi. Ayni kunlarda barcha fermer xo‘jaliklarida kelgusi yil dehqonchiligi uchun qizg‘in tayyorgarliklar olib borilayapti.
Hurmatli soha vakillari!
Sizlarga ma’lumki, so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini oshirish, ekin maydonlarini ko‘paytirish, yerlarni o‘zlashtirish ishlariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan subsidiya ajratish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, joriy yilda 3 ming 240 gektar maydonni suvni tejaydigan texnologiyalar yordamida sug‘orish yo‘lga qo‘yildi. Shundan, 190 gektar g‘alla, 10 gektar sabzavot, 15 gektar ozuqabop ekinlar yomg‘irlatib sug‘orildi.
Tumanda 2019-2023 yillarda jami 760 gektar paxta maydonda tomchilatib sug‘orish va 447 gektar g‘alla maydonida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan.
Shuningdek, yangi issiqxonalar tashkil etish, oziq-ovqat mahsulotlari tannarxining barqarorligini ta’minlash borasidagi ishlar ham o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda.
Tumanimizda ichki bozor ehtiyojini qondirish bilan bir qatorda, eksport imkoniyatlarini kengaytirib, qishloq joylarida ko‘rkam va qulay bo‘lgan savdo va qayta ishlash korxonalari rivojlantirilmoqda. Xorijiy mamlakatlar bozorlariga yangi istiqbolli yo‘nalishlar ochilib, joriy yil mobaynida qariyb 9,7 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Bularning hammasi halol va fidoyi mehnatlar natijasi ekanligini chuqur anglaymiz va sizlarning bu boradagi kelgusi ishlaringizga ham ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!
Muhtaram qishloq xo‘jaligi xodimlari!
Sizlarni Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni - fayzli va shukuhli ayyom bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.
Kirib kelayotgan yangi – 2024 yilda hosilimiz yanada mo‘l bo‘lsin! Xalqimiz dasturxonidan to‘kin-sochinlik hech qachon arimasin!