2023 yil 11 dekabr kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari – 67-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyani Xalq deputatlari tuman Kengashi raisining o‘rinbosari G‘ulomjon Eshniyozov ochdi va olib bordi. Sessiya kotibligiga 4-Do‘stlik saylov okrugidan deputat Muqaddas Beknazarova saylandi.
Sessiyada tuman hokimi, sektorlar rahbarlari, deputatlar, tuman hokimi o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, bo‘limlar, tashkilotlar rahbarlari, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari mas’ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiyada dastlab 2023-2024 yillarning qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va zararsiz o‘tkazish choralari to‘g‘risidagi masala yuzasidan tuman hokimi Sobir Xo‘jametov hisobot berdi.
Hisobotda 2023 yil - “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yilida ham tumanimiz aholisining fidokorona mehnatlari natijasida barcha sohalarda salmoqli natijalarga erishilayotganligi aytib o‘tildi.
Aytish kerakki, aholining yordamga muhtoj qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qiyin kunlarida ularga ko‘makchi bo‘lish maqsadida “Mehr harakati” karvoni davom etmoqda.
Xalqimizga xos bag‘rikenglikning ifodasi bo‘lgan ushbu harakat negizida ijtimoiy yordamga muhtoj, boquvchisidan ayrilgan yoki yordamga ehtiyoji bor oilalardan xabar olinib, sovuq kunlarni talofatsiz o‘tkazib olishiga ko‘maklashilmoqda. Jumladan, yolg‘iz qariyalar, ko‘p farzandli ehtiyojmand oilalarga issiq kiyim, oziq-ovqat tarqatish punktlarini tashkil etish choralari ko‘rilmoqda. “Mehr harakati” tamoyili asosida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi va homiylar hisobidan 57 nafar oilaga 122,5 mln. so‘mlik yordamlar ko‘rsatilgan. 105 nafar oilaga 42 tonna ko‘mir, 78 nafar oilaga oziq-ovqat mahsulotlari, 4 nafar oilaga suyultirilgan gaz balloni, homiylar hisobidan 2ta oilaga gaz plitasi, 90 nafar oilaga isitish pechkasi, 25 nafar oilaga 105 dona issiq kiyim-kechaklar tarqatilgan.
Sessiyada joylarda xotin-qizlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish hamda jamiyatda ayollarning nufuzini yanada oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi to‘g‘risida tuman hokim o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Soburova hisobot berdi.
Hisobotda ta’kidlangandek, shu kungacha 4-bosqich “Ayollar daftari”ga kiritilgan 5 ming 398 nafar xotin-qizlarning 5 ming 330 nafariga yordamlar ko‘rsatilgan.
Shundan, birinchi toifa - ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz 1 ming 943 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning bandligi ta’minlangan.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan 200 nafar xotin-qizlar Xiva shahriga sayohatga olib borilgan hamda 14 nafar reablitatsiya moslamalariga muhtoj xotin-qizlarga 3ta hassa tayoq, 4 ta eshitish moslamasi, 7ta nogironlik aravachalari berilgan.
Sessiya ishida “Mehr harakati” bo‘yicha yordamga muhtoj yoshlarga yordam berish masalasi yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismoilov hisobot berdi.
Hisobotda ta’kidlangandek, tumandagi jami 14-30 yosh toifadagi 54 ming 503 nafar yoshlarning balansi shakllantirilgan. Xususan, 23 ming 551 nafar "yashil" toifa, 30 ming 952 nafar "sariq" toifa, 1 ming 316 nafar "qizil" toifalarga ajratilgan.
Joriy yil boshidan shu kungacha “Yoshlar daftari”ga 3 ming 769 nafar yoshlar kiritilgan bo‘lib, shundan 2 ming 906 nafariga amaliy yordamlar ko‘rsatilgan.
Sessiya yakunida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov deputatlarni, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari mas’ullari hamda korxona-tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda faol ish olib borgan holda "Mehr harakati" doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga hissa qo‘shishga, aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoya qilish, qish mavsumini betalofat o‘tkazishlariga ko‘maklashish borasida amalga oshirayotgan tadbirlarga hissa qo‘shishga chaqirdi.
Sessiyada Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Kun tartibidagi barcha masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.
Tuman hokimligi Axborot xizmati