“MEHR HARAKATI” DOIRASIDAGI TADBIRLAR YURTDOSHLARIMIZGA MADAD BOʻLAYOTIR

Туман янгиликлари

Xalqimiz azal-azaldan shu ona zaminimizda mehr-oqibat, o‘zaro hamjihatlik, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlashdek insoniy fazilatlarni mo‘tabar sanab, bir-biri bilan do‘st-birodar bo‘lib yashab kelgan, zarurat tug‘ilganda bir-biriga beg‘araz ko‘mak bergan.
Asrlar osha yashab kelayotgan buningdek umrboqiy urf-odatlarimiz, an’analarimiz zamirida ajdodlarimizning yuksak aql-zakosi, chin mo‘minligi aks etadi va avlodlardan avlodlarga o‘tib kelmoqda.
Bugungi kunda muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslariga ko‘ra xalq bilan muloqot qilish, ularning muammolarini tinglab, ijobiy hal etish, ko‘mak berish  va har bir fuqaroning hayotidan rozi bo‘lib yashashiga erishish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tashabbusi bilan respublikamiz bo‘ylab o‘tkazib kelinayotgan “Mehr harakati” ham sharoiti og‘ir, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ma’lumki O‘zbekistonning boshqa viloyatlariga nisbatan bizning hududimizda qish fasli sovuq va uzoqroq davom etadi. Bunday ob-havo sharoitida kam ta’minlangan oilalar turmushida ancha muammolar yuzaga keladi. Shunday damlarda “Mehr harakati” doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarda kamxarj oilalarga beminnat xayr-saxovat ko‘rsatilib, qo‘llab-quvvatlanayotir. Bu ko‘ngillarga iliqlik, shukronalik baxsh etadi.
Shu yilning 9 dekabrida Choyko‘l ovulidagi Do‘stlik muqobil mashina traktor  parki omborxonasida tuman hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Soburova “Mehr harakati” doirasida tumanimiz fermerlarining xayr-saxovati hisobiga jamg‘arilgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ehtiyojmand 78ta oilalarga tarqatdi. Tumanimizning turli burchaklarida istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, turmushida iqtisodiy muammolarga duch kelgan oilalar vakillari un, moy, mosh, guruch, kartoshka, sabzi kabi turli ro‘zg‘or ehtiyojiga zarur mahsuoltlarni olib, tumanimiz rahbarlariga, sahovatpesha fermerlarga minnatdorchilik bildirdilar. Shuningdek harakat doirasida 105ta oilaga 42 tonna ko‘mir, 4 oilaga suyultirilgan gaz balloni, 2ta oilaga gaz plitasi, 90ta oilaga isitish pechkalari, ehtiyojmand oilalarning 120 nafar bolalariga boshdan oyoq kiyim-kechaklar hadya etildi.
Tumanimizda “Mehr harakati” doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
Xalqimizga xos bag‘rikenglikning bir ifodasi bo‘lgan ushbu harakat negizida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisidan ayrilgan, qo‘llab-quvvatlashga muhtoj oilalarga beg‘araz yordam berilib, qishning ayozli kunlarini talofatlarsiz o‘tkazishlariga imkon yaratilmoqda.
Hayot yo‘llari doimo bir tekis bo‘lavermaydi. Hech kim men hayotda doimo baxtiyor, farovon yashayman, hech kimga muhtoj bo‘lmayman, deya olmaydi, taqdir har kimni har xil har manzilda sinaydi. Shunday damlarda beg‘araz uzatilgan do‘stona qo‘l kishiga madad, suyanch bo‘ladi. Xalqimizga xos bag‘rikenglik, o‘zaro mehr-oqibat va xayr-saxovat kabi urf-odatlarimizning hayotbaxshligi ham shundandir.


Oygul RAJABOVA.