XALQIMIZNING HAYOTDAN ROZI YASHASHI YOʻLIDA HAMISHA BURCHLIMIZ

Туман янгиликлари

Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar.

Konstitutsiyaning 2-moddasi.

 

Amudaryo tumanining 2-sektori hududida 17ta ovul va mahalla, shaharcha fuqarolar yig‘inlari mavjud bo‘lib, unda yashovchi aholi soni 65 ming 364 kishini tashkil qiladi. Hududdagi 11 ming 992ta xonadon tarkibidagi 16 ming 798ta oila doimiy e’tiborda.

Muhtaram Prezidentimizning: “Har bir rahbar faqat xizmat xonasida o‘tirmasdan, joylarga borib, aholini bezovta qilayotgan eng dolzarb masalalarning amaliy yechimi bilan shug‘ullanishi, xalq bilan yaqindan muloqot qilib, uning dard-u tashvishlari, hayotiy muammolarini samarali hal etish bo‘yicha yangicha qarash bilan faoliyat olib borishi lozim”, degan ko‘rsatmalari bugun faoliyatimizning asosiy mezoniga aylangan.

Ishimizning yana bir ustuvor yo‘nalishi sifatida haftaning har juma kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tumandagi Xalq qabulxonasi bilan birgalikda joylarda sayyor qabullar o‘tkazish, aholining shikoyat va murojaatlari, takliflarini o‘rganish, ularni qiynayotgan muammolarni joyida hal etishga katta ahamiyat berilib, aniqlangan muammolar o‘z vaqtida, joyida bartaraf qilinmoqda.

Xususan, “Bandlik” dasturiga muvofiq joriy yilning 11 oyi davomida 2-sektor hududida Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan 485 nafar fuqarolar ishga joylashtirildi. 7 marta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil qilinib, yarmarkaga 38ta korxona va tashkilotlardan 203 bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilindi va ushbu jarayonda 73 nafar shaxsga ishga yo‘llanma berildi, ishsizlik darajasi va norasmiy bandlar sonini kamaytirish maqsadida 224 nafar aholi jamoat ishlariga jalb qilindi.

Kasbga o‘qitish yo‘nalishida o‘quv markazlarida yil boshidan 42 nafar fuqarolar turli yo‘nalishda tahsil olib, ularning bandligi to‘liq ta’minlandi.

Mehnat muhojirlarini ijtimoiy himoya qilish maqsadida 2023 yil boshidan yashash joyiga qaytib kelgan 541 nafar mehnat muhojiridan 402 nafarining turli xil sohalarda bandligi ta’minlandi.

Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan tumanimiz hududidagi mavjud muammolarni bartaraf etish va infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida 25 mlrd. 595 mln. so‘m pul mablag‘lari ajratilishi belgilangan.

Ushbu ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan Do‘stlik mahallasi hududida qiymati 334,3 mln. so‘mlik bolalar umumiy sport maydonchasi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi.

Xizr eli mahalla fuqarolar yig‘ini binosini yangidan qurish ishlariga 820,9 mln. so‘m hamda Yuqori qishloq mahalla fuqarolar yig‘ini binosini yangidan qurish ishlariga 826 mln. so‘m mablag‘ ajratilib, yangi binolar qurib berildi.

Bundan tashqari, sektor hududidagi Arna bo‘yi, Besh ovul, Bo‘z solma, Do‘stlik mahallalari, Do‘rman, O‘rta qal’a, Qilichboy ovullarida jami 22,341 km. ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun 4,5 mlrd. so‘m pul mablag‘i ajratilib, ichki ko‘chalarga shag‘al to‘kish ishlari amalga oshirildi. Xolimbeg ovuli hududidagi uzunligi 3,2 km. yo‘lga asfalt yotqizildi.

Bugungi kunda Qilichboy ovuli hududidagi Chig‘atoy 1-, 2-, 3-, 4-, 5-ko‘chalariga tosh-shag‘al yotqizish ishlari va yangidan beton ustun va SIP kabel tortish ishlari davom ettirilmoqda. Qoramon mahallasi aholisining murojaatlariga ko‘ra, hududga 25ta beton ustunlar yetkazib berildi.

Sektor hududida yashovchi 38 nafar  o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz hamda yolg‘iz yashaydigan  keksalar va nogironlar ro‘yxatga olinib, ularning barchasi dispanser ko‘rigidan o‘tkazildi va ijtimoiy xodimlar tomonidan xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan 92 nafar fuqarolar reabilitatsiya-texnik vositalari, kreslo-aravachasi hamda protez-ortopediya mahsulotlari bilan ta’minlandi.  Yana 92 nafar nogiron va keksalar sanatoriy-kurortlarda bepul davolanib, o‘z salomatliklarini tiklab keldilar.

Sektor hududidagi har bir oila uyma-uy yurib, xatlovdan o‘tkazildi va xatlov natijasiga ko‘ra, 741ta kambag‘al oilada 3483 nafar fuqarolar istiqomat qilishi va ularning 1252 nafari mehnatga layoqatli ishsizlar ekanligi aniqlandi. Ularni tadbirkorlikka, hunarmandchilik va oilaviy tadbirkorlikka jalb qilish orqali amaliy yordamlar berildi.

Sektor hududidagi Rita Sariboyeva, Nilufar Iskandarova, Bayramgul Qilicheva va Amin Sadanovlarning xonadonlariga subsidiya asosida quyosh panellari o‘rnatilib, 6 nafar kam ta’minlangan oilalarning har biriga 2tadan qo‘y olib berildi. Natijada Xalq deputatlari tuman Kengashining qarori bilan “Temir daftar”dagi 16ta oila ehtiyojmandlar ro‘yxatidan chiqarildi.

Bugungi kunda sektor hududida 1167 nafar yosh «Yoshlar daftari»ga kiritilgan bo‘lib, ulardan 789 nafariga turli xil yordamlar ko‘rsatilib, daftardan chiqarildi.

“Ayollar daftari”ning 4-bosqichiga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlardan 1576 nafariga turli xildagi yordamlar ko‘rsatildi.

Mahallabay va xonadonbay ishlash tizimi asosida hokim yordamchilari tomonidan 2023 yilning shu kuniga qadar jami 142ta tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi.

Bundan tashqari, sektor hududidagi mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish va boshqa dasturlar asosida 1 383 nafar fuqaroga 27 mlrd. 150 mln. so‘m  kredit mablag‘lari ajratilishiga amaliy yordam ko‘rsatildi.

Maqsadimiz – xalqimizning o‘z hayotidan rozi yashashini ta’minlash, muammolarini ijobiy hal etishga ko‘maklashish, turmush tarziga farovonlik olib kirishdan iborat.

Chunki, xalqimiz har bir kunini obod va farovon, go‘zal turmush sharoitida o‘tkazishga haqlidir.

A.RO‘ZMЕTOV, tuman prokurori,  2-sektor rahbari.