Navoiy nomli mahalla fuqarolar yig‘ini binosida Prezidentimizning Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan tub islohotlar hamda Yangilangan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Ushbu yig‘ilishda Navoiy nomli MFY raisi B.Kadirov, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi mas’ullari, mahalla faollari, aholi vakillari qatnashishdi.
Yig‘ilishda Asosiy Qonunimizda millati, tili va dinidan qat’iy nazar, barcha fuqarolarning tengligi, inson huquqlari, so‘z va vijdon erkinligi prinsiplari ustuvor ahamiyat kasb etgani xususida so‘z yuritildi. Shu huquqiy asosda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un ekanligi ham e’tirof etildi.
Shuningdek, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida jami 100ta maqsad, 369ta chora-tadbir, 190ta vazifa, 306ta maqsadli ko‘rsatkich bajarilishi va bu borada 118ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgani to‘g‘risida so‘z yuritildi. Ushbu dasturilamal hujjatning ijrosidan yurtimizdagi har bir insonga qulay imkoniyat va yengilliklar, moddiy va ma’naviy manfaat yetib, har qaysi oila va xonadonga obodlik, to‘kinlik, fayz va baraka kirishi aytib o‘tildi.
Yig‘ilish davomida strategiyada ko‘rsatilgan maqsad va yo‘nalishlar yuzasidan berilgan savollarga batafsil javoblar berildi.
Q.Atamurodov,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi raisi.