Har kim sog‘ligini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.
Konstitutsiyaning 48-moddasidan.
Mamlakatimizda tibbiy xizmatlar sifati va qamrovini kengaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Amudaryo tumanida amalga oshirilayotgan ishlar ham e’tiborga molik.
Hozirgi kunda tumanimizda 1ta KTMP, 9ta oilaviy poliklinika, 4ta oilaviy shifokorlik punktlari tomonidan aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelinmoqda, shu bilan birga aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yaqinlashtirish maqsadida 2022 yildan 11ta mahalla tibbiyot punkti faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi.
Sir emas, avvallari birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida oilaviy shifokor qabuliga kelgan aksariyat fuqarolarga dori-darmonlar retsepti yozib berilar, bu holat surunkali kasalligi bor va shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bemorlarga, moddiy imkoniyati cheklangan oilalarga qiyinchilik tug‘dirardi. Endilikda Sog‘likni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘iga muvofiq, oilaviy shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalar, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar, tuman (shahar) markaziy shifoxonalarida va tug‘uruqxonalarda ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxati belgilandi.
Har bir fuqaro elektron dastur orqali oilaviy shifokorga biriktiriladi va doimiy muloqotda bo‘lish uchun imkoniyat yaratiladi; Davlat tomonidan bepul taqdim etiladigan tibbiy xizmatdan foydalanadi; Asossiz dori vositalarini tavsiya etish va statsionarga yotishga chek qo‘yiladi. Natijada tibbiy xizmatlar uchun norasmiy to‘lovlar bartaraf etilib, fuqarolar sog‘lomlashtirish dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.
Prezidentimizning 2020 yil 10 noyabrdagi “Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq tuman Tibbiyot birlashmasi mutaxassislari tomonidan tumandagi 49 OFY va MFYlarda, maktablarda, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, korxona va tashkilotlarda haftaning dushanba kunlari “Stressga qarshi kurash kuni” deb belgilanib, stress keltirib chiqaradigan kasalliklar prolfilaktikasi, seshanba – “Tuz va shakarni cheklash kuni”da qandli diabetdan saqlanish, chorshanba – “Tamakisiz kun”da chekishdan voz kechishning afzalliklari, payshanba – “Sog‘lom ovqatlanish kuni”da sog‘lom ovqatlanish tamoyillari to‘g‘risida “Salomatlik saboqlari” tarzidagi suhbatlar o‘tkazilayotgani o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.
Haftaning juma va shanba kunlari esa shifokorlar doimo xalq bilan birga piyoda yurish va “Salomatlik uchun ming qadam” tadbirlarida ishtirok etishadi.
Jismoniy faollikning inson salomatligiga ijobiy ta’siri, gipodinamiya oqibatida kelib chiqadigan kasalliklar profilaktikasi, aholining keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sport, nafas mashqlari texnikasi, faol yurishning va jismoniy mashqlarning kasalliklarning oldini olishdagi ahamiyati, ayol-qizlar salomatligi kabi mavzularda tibbiyot birlashmasi, OP, OSHPlar maydonchalarida, 30-sonli maktab sport zalida, OFY, MFYlar aholisi, muassasa, tashkilotlar xodimlari, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘qituvchi, o‘quvchi va tarbiyalanuvchilari uchun gimnastrada, faol va sportcha yurish, sport musobaqalari tashkil qilinib, ishtirokchilarga tegishli maslahatlar beriladi.
Shunisi e’tiborliki, tibbiy muolajalarni sport-sog‘lomlashtirish mashqlari bilan birgalikda olib borish xalqimizga ruhiy tetiklik, ko‘tarinki kayfiyat baxsh etib, ularning salomatligi mustahkamlanishini ta’minlamoqda. TTBda esa aynan shu yo‘nalishda muolaja choralarini qo‘llash uchun barcha sharoitlarga ega fizioterapiya anjomlari, trenajyor zali, markaziy shifoxona hududida sport mashg‘ulotlari olib borish uchun mo‘ljallangan maxsus maydoncha mavjud.
Yangilangan Konstitutsiyamizning 48-moddasida belgilab qo‘yilganidek, “Har kim sog‘ligini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”. Bu borada aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Zero, inson, xalq sog‘lom bo‘lsagina jamiyatda yuksak taraqqiyotga erishiladi.
J.YAVKASHЕV,
TTB tashkiliy-uslubiy bo‘limi mudiri.