NOGIRONLIGI BOʻLGAN SHAXSLAR DOIMO DAVLATIMIZ EʼTIBORIDA

Туман янгиликлари

Mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasidadir.

Konstitutsiyaning 57-moddasidan.

Oramizda shunday insonlar borki, ularning jismoniy imkoniyati cheklangan, lekin ma’naviyati yuksak, ruhi esa juda kuchli va matonatli.

Har bir davlat o‘z fuqarolari manfaatlarini himoya qiladi. Ayniqsa, imkoniyati cheklangan, nogironligi bor fuqarolar hamisha e’tiborda bo‘lgan, qo‘llab-quvvatlangan.

Mazkur yo‘nalishda bosh Qomusimizning 57-moddasida - mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida ekanligi ta’kidlangan.

Aytish joizki, davlatimiz  aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining turmush sifatini oshirishga, jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni  amalga oshirib kelmoqda.

Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratmoqda, ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashmoqda, ularga zarur bo‘lgan axborotni olish imkoniyatini ta’minlamoqda.

Mazkur modda bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashning asosiy prinsiplari belgilab berildi. Imkoniyati cheklangan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish va ularning huquqlarini kafolatlashga oid qator masalalar Qonun darajasida belgilandi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning tenglik asosida barcha  huquqlarini to‘liq amalga oshirishlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. U mavjud sharoitlardan foydalanish imkoniyati, shaxsiy harakatlanish, sog‘likni saqlash, ta’lim, bandlik va siyosiy hayotda ishtirok etish hamda tenglik va kamsitmaslik kabi bir qator muhim masalalarni qamrab oladi.

Alohida qayd etish kerakki, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Amudaryo tuman bo‘linmasi tomonidan tumanda istiqomat qiluvchi imkoniyati cheklangan, nogironligi bor bo‘lgan insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, ular hayotiga oid muammolar yechimini topishda ko‘maklashish maqsadida tez-tez xonadonlariga borib, holidan xabar olinmoqda.

Imkoniyati cheklangan, nogironligi bor bolajonlar o‘rtasida sport o‘yinlari, shashka-shaxmat bo‘yicha do‘stona musobaqalar ham reja asosida o‘tkazib borilmoqda.

Shuningdek, saxovatpesha insonlar tomonidan kundalik oziq-ovqat mahsulotlari yordam paketlari tumanimizning barcha hududlaridagi imkoniyati cheklangan fuqarolarga, nogironligi bo‘lgan bolajonlarga muntazam ravishda yetkazib berilmoqda.

Eng muhimi, Qonunning 6-moddasida nogironlik belgisiga ko‘ra, kamsitilishga yo‘l qo‘ymaslik tamoyili aks ettirilgan. Unga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qo‘yish, istisno etish, chetlatish, cheklash yoki afzal ko‘rish holatlari, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning obyektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishni rad etish ta’qiqlanadi. Bu davlatimizning insonparvarlik, bag‘rikenglik siyosatining amaldagi ifodasidir.

N.Xolboyeva,

O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Amudaryo tuman bo‘linmasi raisi.