Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi.
Konstitutsiyaning 79-moddasidan.
Bugun yurtimizda yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Yangilangan Konstitutsiyada ham ko‘plab soha va yo‘nalishlar qatorida yoshlar masalasiga alohida ustuvorlik berilgan.
O‘zbekiston – yoshlar mamlakati, unda 30 yoshgacha bo‘lgan aholi soni 18 mln.dan ziyod. Aholining qariyb 55 foizini tashkil etgan ulkan qatlam har doim davlatimizning e’tiborida bo‘lib kelmoqda.
Yangilangan Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlar tufayli iqtidorli yoshlar o‘zlari xohlagan ta’lim turini tanlashi, o‘zlari qiziqqan sohada ishlashi mumkin. Shuningdek, fuqarolarga davlat va jamiyat boshqaruvining barcha bosqichlarida faol ishtirok etish, har bir qabul qilinayotgan muhim hujjat ijrosida o‘z ovoziga ega bo‘lish imkoniyati ham yaratib berilgan.
Asosiy Qonunimizning mazmun-mohiyati haqida so‘z borganida, uning har bir moddasi, yangi hayot ruhi singdirilgan normalari haqida uzoq gapirish mumkin bo‘ladi. Konstitutsiyamizning Oila, bolalar va yoshlar, deb nomlangan bobining 79-moddasida yoshlar siyosatiga doir muhim jihatlar haqida so‘z yuritilgan.
Avvalo, ta’kidlash joizki, O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida yoshlarning barcha jabhadagi huquqlarini ta’minlash kafolatini olmoqda. Birgina mana shu moddaning o‘zi mamlakat yoshlari hayotini o‘zgartirib yuboruvchi, bugungi va ertangi farovonlik asosini yaratuvchi mexanizm sifatida bo‘y ko‘rsatadi.
Yoshlar huquqlari aks etgan alohida moddaga ko‘ra, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi. Ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Shuningdek, davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘ligini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratib berishi belgilangan.
O‘qish, biron mutaxassislikka ega bo‘lgach, munosib ish topish, uy-joyli bo‘lish masalasi har bir yoshni jiddiy o‘ylantiradigan, qiynaydigan masalalardan edi. Chunki bularning barini birdaniga hal qilish juda mushkul. Shu bois, davlat endilikda bu kabi masalalarni o‘z zimmasiga olmoqda. Ya’ni, Konstitutsiyamizda yoshlarning sifatli ta’lim olishi, ishga joylashishi, uy-joyga ega bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, bosh Qomusimiz – Konstitutsiyamiz jamiyatimiz hayotining barcha yo‘nalishlarini kompleks tartibga solish hamda mamlakatimizni demokratik rivojlantirish yo‘lida eng muhim huquqiy poydevor bo‘lib hisoblanadi.
Yoshlar mamlakati bo‘lgan O‘zbekistonda biz uchun barcha imkoniyat eshiklari doimo ochiq. Mana shu imkoniyatlarning qonuniy mustahkamlab qo‘yilishi esa yoshlarimizga yanada o‘zgacha shijoat va ruh bag‘ishlaydi.
Dilmurod Yodgorov,
Do‘stlik MFY yoshlar yetakchisi.