Dehqon uchun yilning barcha faslida ham dolzarb yumushlar bor. Asosiy qishloq xo‘jalik ekini – paxta yig‘im-terimi tugashi bilan yerlarni shudgorlash, dalalar chetlarini yovvoyi o‘tlardan tozalash, suv yo‘llarini tayyorlash kabi ishlar bilan bir qatorda texnikalarni ta’mirlashga ham kirishiladi.
Xalqimiz “Texnika – dehqonning qo‘l-qanoti” deb bejizga aytmagan. Qishloq xo‘jaligi texnikalarini qishda ko‘klamga ekishga puxta tayyorlash yangi mavsum ishlarining o‘z vaqtida va samarali ado etilishiga zamin bo‘ladi.
Shu boisdan ayni kunlarda Amudaryo tumanida ham kelgusi yilgi mavsum davomida ishlatiladigan texnikalar sifatli ta’mirlanib, mavsumga shay qilinmoqda. Mavjud qishloq xo‘jaligi texnikalari 18ta ustaxonalarga yig‘ilib, ta’mirlanayotir.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Amudaryo tuman bo‘limi mas’ul xodimlari tumandagi qishloq xo‘jalik texnikalarining belgilangan ustaxonalarga yig‘ilishi, ta’mirlash ishlarining borishi bilan tanishib chiqmoqdalar.
O‘rganishlar davomida Bobur nomli ovulda faoliyat yuritayotgan “Haytakov Ulug‘bek” fermer xo‘jaligida lazerli tekislagich yordamida ekindan bo‘shagan yerlarning tekislanishi ko‘zdan kechirildi. Mazkur xo‘jalikning 37 gektar paxta ekilgan maydoni lazerli tekislagich yordamida tekislanib, bahorgi sug‘orishga tayyorlanmoqda. Bu mazkur maydonlarda kelgusi yilda ekilgan qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil olish imkonini beradi. Boisi, lazerli tekislagich yordamida yer sifatli tekislanib, yerning qonib suv ichishiga, ekilgan urug‘ning bir tekis unib chiqishiga imkon yaratiladi.
Mas’ullar tumanning Oq oltin ovulida kelgusi yil ko‘klamida ekish ishlarida qatnashadigan texnikalarning ta’mirlanishini ham ko‘zdan kechirdilar.
Mazkur muqobil mashina traktor parki ustaxonasiga 9 dona chigit ekish seyalkasi, 15 dona kultivator, 130 dona tishli tirma, 14 dona temir mola yig‘ilib, kelgusi mavsum ishlarida sifatli ishlashi uchun ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan.
Qish fasli – ish fasli. Ushbu faslda texnikalar ustaxonalarga yig‘ilib, sifatli ta’mirlansa, ko‘klamda ish sur’ati yuqori bo‘ladi.
Shuni hisobga olgan holda barcha texnikalarni ustaxonalarga yig‘ish va sifatli ta’mirdan chiqarish uchun harakat boshlab yuborilgan.
Aytish joizki, kelgusi yil ko‘klamgi ekish mavsumida va g‘o‘za tarbiyasida ishlatiladigan 150ta seyalka, 350ta kultivator, 1700 dona tishli boronalar, 295 dona temir mola 18ta nuqtada ta’mirlanishi belgilangan.
Ta’mirlash ishlarining borishi va barcha texnikalarning belgilangan ustaxonalarga yig‘nalishi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining tuman bo‘limi tomonidan muntazam nazorat qilib boriladi. Boisi, qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekishdan tortib, hosilini yig‘ishtirib olishgacha bo‘lgan jarayonlarni texnikalar yordamisiz tasavvur etish qiyin.
Oygul RAJABOVA.