YONGʻIN VA IS GAZI – INSON HAYOTIGA ZOMIN BOʻLUVCHI KULFAT

Туман янгиликлари

Amudaryo tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan yong‘in va is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish borasida bir qator profilaktik ko‘riklar tashkil etilmoqda. O‘rganishlar davomida qurilish ishlarining shaharsozlik me’yor va qoidalari talablariga javob berishi, loyiha hujjatlarida binolar qutqaruv yo‘llari hamda chiqish eshiklarining tegishli elektr tablolar bilan ta’minlanishi, yong‘inga qarshi yerosti gidrantlari yoki suv hovuzi tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bundan ko‘zlangan maqsad – qurilayotgan, rekonstruksiya qilinayotgan yoki kapital ta’mirlanayotgan binolarning xalqimizga munosib xizmat qilishini ta’minlash, aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashdan iborat. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, kuz-qish mavsumi kelishi bilan aholi yashash xonadonlarida yong‘in va boshqa turdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish, elektr isitish hamda gaz moslamalaridan to‘g‘ri foydalanish, qo‘lbola gaz so‘ruvchi moslamalardan foydalanmaslik, isitish qozonlarini tashqariga chiqarib o‘rnatish, isitish tizimi mo‘rikonlarini 90 gradus burchakda emas, vertikal holatda to‘g‘ri o‘rnatish talablariga rioya etish lozim. Buning bilan o‘z xavfsizligimizni ta’minlab, oilamizning is gazidan zaharlanishining oldini olgan bo‘lamiz.                     

Qurilish ishlarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga esa qurilish paytida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilishni, qurilayotgan obyektning shift qismlarini plastik qoplamalar bilan qoplamaslik, maskanni birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan jihozlash, yong‘indan xabarlovchi avtomatik qurilmalarni o‘rnatishni tavsiya qilamiz.

Hurmatli fuqarolar! Yurtimizga Yangi yil bayrami yaqinlashayotgan shu kunlarda tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi ogohlantiradi: Yangi yil archalarini to‘g‘ri o‘rnating. Tez alangalanuvchi, yonuvchi materiallarni archa tagiga qo‘ymang, elektr sim kabellariga e’tiborli bo‘ling!

B.AllabergAnov,

tuman FVB Profilaktika va

Nazorat bo‘linmasi katta inspektori.