Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2023 yil 19 sentyabr kungi hamda Amudaryo tumani hokimining 2023 yil 22 sentyabr kungi yig‘ilish bayonlariga muvofiq tuman hududida kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish bo‘yicha profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Navbatdagi shu kabi tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mutasaddilari hamda fuqarolar yig‘inlari mas’ullari ishtirok etdilar. Mutasaddilar tumanimiz ovul va mahallalarida istiqomat qiluvchi aholi xonadonlarida ayni qishning sovuq kunlarida tabiiy gazda va elektr energiyasida ishlovchi isitish vositalaridan qay tarzda foydalanilayotganini ko‘zdan kechirdilar.
Tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi binosi oldida o‘tkazilgan saf ko‘rigi davomida soha mas’ullariga profilaktik ko‘riklardan ko‘zlangan maqsad, ko‘riklarni amalga oshirish tartibi va zarur hollarda ko‘rilishi lozim bo‘lgan choralar haqida ma’lumotlar berildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarma boshlig‘i so‘zga chiqib, qish mavsumida havoning keskin sovib ketishi oqibatida insonlar hayoti xavfsizligini ta’minlash va is gazidan zaharlanishining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish muhim masalalardan biri ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Tuman hokimligida kuz-qish mavsumini talofatsiz o‘tkazish maqsadida tashkil qilingan shtabga tashrif chog‘ida shtab a’zolari va ishchi guruh tarkibi bilan suhbatlar o‘tkazilib, zarur tushunchalar berildi.
Mutasaddilar Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametovning qabulida ham bo‘lib, tumanda qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda hodisalarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida suhbatlashdilar.
Tumanimiz hududida kuz-qish mavsumini betafolat o‘tkazish hamda aholining is gazidan zaharlanishi kabi sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarning oldini olish bo‘yicha o‘tkazilayotgan bu kabi profilaktik tadbirlarning ahamiyati juda katta.
Bu galgi tadbir davomida ham tabiiy gazning to‘liq yonmasligi, bexosdan uzilib qolishi, xona ichida to‘planishi, yoqib qarovsiz qoldirilishi, uskunalarni ulashda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida portlash, yong‘in hamda tabiiy va is gazidan zaharlanish holatlari kabi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi haqida mas’ullar tomonidan aholiga keng tushunchalar berildi.
Shuningdek, mas’ullar bunday holatlar hatto insonlarning turli xil darajadagi tan jarohati olishi yoki o‘limi bilan yakunlanayotganligi haqida hayotiy misollar keltirdilar.
Mazkur profilaktik tadbir davomida maxsus ishchi guruh tomonidan tumanimizning Navoiy, Chordara, Bo‘ston va Oybek mahallalarida istiqomat qiluvchi jami 532ta aholi xonadonlari o‘rganilib chiqildi. O‘rganishlar davomida mutasaddilar tomonidan kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari ham sovg‘a qilindi.
Tegishli mas’ullarga aholi xonadonlarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berilib, xonadonlarni isitish maqsadida turli xil nostandart vositalardan foydalanmaslik, isitish va gaz uskunalaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Profilaktik tadbirlar yakunida ijtimoiy soha obyektlari, ayniqsa, maktab, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va tibbiyot muassasalarida hamda aholi xonadonlarida yong‘inga qarshi profilaktika ishlarini o‘tkazish, ularning tayyorgarlik jarayonlarini yanada kuchaytirish choralarini ko‘rish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Tuman hokimligi Axborot xizmati