Bugungi kun yoshlari har tomonlama salohiyatga va iqtidorga ega ekanliklarini barcha jabhalardagi yutuqlari bilan amalda isbotlamoqdalar. Turli soha va yo‘nalishlarda yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan o‘g‘il-qizlarning muvafaqqiyati so‘zimizga yaqqol isbot bo‘la oladi.
Ammo, yaratilayotgan imkoniyatlar va sharoitlarga qaramasdan turli muammo va to‘siqlarga duch kelayotgan, o‘z qiziqishi bo‘yicha kasb yoki hunar egallasa-da, iqtidorini namoyon qila olmayotgan yoshlar soni ham kam emas. Ana shunday yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi esa Amudaryo tumanining turli hududlarida jadval asosida o‘tkazilayotgan hokim va yoshlar uchrashuvlari orqali hal qilinmoqda.
21 dekabr kuni tuman Madaniyat bo‘limi tomoshalar zalida navbatdagi hokim va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ochiq muloqoqt tarzida o‘tkazilgan uchrashuvda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i Sherzod Murodov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismoilov, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, tuman, respublika miqyosida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchi yoshlar, ko‘plab natijalarga erishgan maktab o‘quvchilari, ovul va mahallalardagi yoshlar yetakchilari hamda faol yoshlar ishtirok etdilar.
Uchrashuv avvalida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov ovul va mahallalardagi ishsiz yoshlarga o‘z mehnat faoliyatlarini boshlashlari uchun subsidiya asosida mehnat qurollarini topshirildi.
Shundan so‘ng, tuman va respublika miqyosida turli musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelayotgan sportchi yoshlar hamda ko‘plab natijalarga erishgan maktab o‘quvchilariga diplom va qimmatbaholi sovg‘alar topshirildi.
Uchrashuvda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov davlatimiz va hukumatimiz tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan barcha qaror va farmonlar negizida Vatan kelajagini o‘z taqdirida ko‘ruvchi fidoiy yoshlarni tarbiyalab, voyaga yetkazishdek ezgu maqsadlar majassam ekanini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, bugun mamlakatimizda yoshlarni har jihatdan barkamol qilib tarbiyalash, ularning salomatligini mustahkamlash, qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish va bandligini ta’minlashga ko‘maklashish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar jarayonidagi ishtirokini kengaytirish masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlovchi, qat’iy hayotiy pozitsiyasi, keng dunyoqarash va chuqur bilimlarga ega bo‘lgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalash, ularda turli mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetni shakllantirish, sportga jalb qilish orqali ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda.
Uchrashuvda Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismoilov Vatan kelajagi faqat yoshlar qo‘lida ekanligi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, muammolarini hal qilish uchun tumanimizdagi barcha tashkilotlar rahbarlari mas’ul ekanligini aytib o‘tdi.
Shundan so‘ng yoshlar va ularning ota-onalari tuman hokimiga o‘z muammo va takliflari bilan murojaat qildilar. Uchrashuvda yoshlar tomonidan turli mazmundagi murojaatlar kelib tushdi. Xususan, oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalardan kontrakt to‘lovini to‘lashga yordam berish, subsidiya asosida mehnat qurollarini olish, bandlik hamda o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kredit olish kabi masalalarda murojaatlar kelib tushdi.
Joyida hal qilish imkoni bo‘lgan murojaatlar, taklif va tashabbuslar yuzasidan yoshlarning talablari qanoatlantirildi. Atroflicha o‘rganishni taqozo etadigan dolzarb masalalarni hal etish yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi hamda aloqador muassasa-tashkilot, idoralar rahbarlariga muddatlar belgilanib, topshiriqlar berildi. Murojaat va savollar barobarida uchrashuvda ishtirok etgan yoshlar tuman hokimiga o‘z takliflarini ham berishdi.
Uchrashuv so‘ngida tumanimizdagi fayzli “Sher” to‘yxonasida yoshlar uchun dasturxon yozilib, tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
Tuman hokimligi Axborot xizmati