“JAHOLATGA QARSHI MAʼRIFAT BILAN” MAVZUSIDA TADBIR OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo televideniyesi tahririyatining “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” nomli grant loyihasi doirasida tumanning barcha hududlarida yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish, ular ongida Vatanga muhabbat milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat ruhini shakllantirish maqsadida turli tadbirlar tashkil etilib kelinmoqda. Ushbu tadbirlar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlarida, dunyoqarashni kengaytirib, ma’naviy dunyosini boyitishda, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

20 dekabr kuni 16-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida grant loyihasi rejasiga muvofiq “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning ma’naviyatini yuksaltirish, kelajagimiz egalarini “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi madaniyatsizlikning zararli ta’sirlaridan himoya qilishga qaratilgan ushbu tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Amudaryo tumanidagi bosh mutaxassisi Muzaffar Sherimbetov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limi mutaxassisi Mahmud Eshmanovlar qatnashishdi. Shuningdek, grant loyihasi ijrochilari, tahririyat xodimlari hamda maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari ham ishtirok etishdi.

Tadbirda dastlab grant loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, hududlarda o‘tkazilayotgan turli tadbirlar, yoshlarni kitobxonlikka jalb etishga qaratilgan tanlovlar, adabiy kechalar, ijodkorlar bilan uchrashuvlar haqida so‘z yuritilib, batafsil ma’lumotlar berildi. Ushbu tadbirlar va grant loyihasi doirasida tumandagi ommaviy axborot vositalarida yoritilayotgan turli maqolalar, yoshlarning ijod namunalari barchaga manzur bo‘layotgani ta’kidlab o‘tildi.

Shundan so‘ng, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Amudaryo tumanidagi bosh mutaxassisi Muzaffar Sherimbetov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limi mutaxassisi Mahmud Eshmanovlar tashkilot xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida keng to‘xtalishdi. Undan tashqari, “ommaviy madaniyat”ning zararli ta’siri, mafkura maydonining turli xurujlari, ulardan himoyalanish borasida ham so‘z yuritishdi.

Tadbir davomida XXI asr – globallashuv jarayonida yoshlarning radio-televideniye, matbuot, internet kabi vositalar orqali axborot va ma’lumotlar olayotgani, bu jarayonda ba’zi bir aqidaparast oqimlar yoshlarga mafkuraviy ta’sir o‘tkazishga urinayotgani hamda ularning oldini olish borasida nimalarga e’tibor qaratish lozimligi aytib o‘tildi. Shuningdek, bugungi kunda jaholatga karshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etayotgani, bunda yoshlarning milliy qadriyatlarga sodiq, oshkora va pinhona ko‘rinishdagi g‘oyaviy tahdidlarga qarshi kurashadigan qilib tarbiyalash lozimligi e’tirof etildi.

Ushbu tadbir ta’sirchanligini yanada oshirish maqsadida yoshlarga “Adashganlar” nomli videorolik ham namoyish etildi. Mazkur videorolikda yoshlar ongiga ta’sir o‘tkazishga harakat qilayotgan missionerlik oqimlaridan biri bo‘lgan «Iyegovo shohidlari» tashkilotiga a’zo bo‘lganlar qanday og‘ir ishga qo‘l urganlarini, ikki dunyolarini o‘z hatti-harakatlari bilan barbod etganlarini, g‘oyaviy-mafkuraviy tahdid sifatida davom etayotgan missionerlik faoliyati va shu kabilardan doimo ogoh bo‘lish kerakligini anglab, yot g‘oyalar xatar va xavf manbai ekanligi to‘g‘risida aniq tasavvurga ega bo‘ldilar.

Videorolik namoyishidan so‘ng, Islom dinini niqob qilgan buzg‘unchi oqim va harakatlarning g‘ayriislomiy faoliyatlari mohiyati aniq faktlar asosida ochib berildi. Shuningdek, «Jaholat», «Ma’rifat» tushunchalari, tinchlik va barqarorlik, globallashuv jarayoni, «ommaviy madaniyat», ma’rifatparvar, tinchlikparvar jamiyatimizdagi mavjud qonunchilik xususida batafsil ma’lumotlar berilib, fikr almashildi.

Amudaryo televideniyesining “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” nomli grant loyihasi doirasida tashkil etilgan “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

 

O.Xudoyberganova