2023 yil 27 dekabr kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi – 68-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyani Xalq deputatlari tuman Kengashi raisining o‘rinbosari G‘ulomjon Yeshniyozov ochdi va olib bordi.
Sessiya kotibligiga 5-Beruniy saylov okrugidan deputat Nilufar Davletova saylandi.
Sessiyada tuman hokimi, sektorlar rahbarlari, deputatlar, hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, bo‘limlar, tashkilotlar rahbarlari, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari mas’ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiyada dastlab Amudaryo tumanini ishsizlikdan holi xududga aylantirish hamda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tuman hokimi birinchi o‘rinbosari Kamiljon Aytbayevning hisoboti tinglandi.
Hisobotda bugungi kunda tumanda 49ta ovul va mahallalarda yashovchi aholi soni 211,1 ming nafarni, xonadonlar soni 38 ming, undagi oilalar soni esa 56,3 mingtani tashkil qilishini, iqtisodiy faol aholi esa 82 ming 626 nafar bo‘lib, rasmiy va norasmiy sektorda bandlar 75 ming 694 nafarni, ishsizlar soni 6 ming 932 nafarni, bitiruvchilar esa 14 ming 509 nafarni tashkil qilishini aytib o‘tildi.
Shuningdek, hokim o‘rinbosari tumanni ishsizlikdan holi xududga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalarga ham to‘xtaldi. Xususan, tumandagi ishsizlikdan kelib chiqib, mavjud imkoniyat va rezervlarni safarbar qilgan holda kelgusi yilda 8 ming 140ta doimiy, 8 ming 646ta mavsumiy hamda 4 ming 397ta vaqtinchalik, jami 21 ming 683ta ish o‘rinlarini yaratish belgilangan.
Sessiyada tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Soburova 4-bosqich “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga ko‘rsatilgan yordamlar hamda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi.
Hisobotda ta’kidlanganidek, tumanda 4-bosqich “Ayollar daftari”ga jami 5 ming 398 nafar xotin-qizlar kiritilgan. Shundan, ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar 1 ming 943 nafarni, tadbirkorlik qilish istagini bildirgan ehtiyojmand xotin-qizlar 685 nafarni, boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand xotin-qizlar 1 ming 183 nafarni, ijtimoiy yordamga muhtoj, I va II guruh nogironligi bo‘lgan va tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar 911nafarni tashkil qiladi. Uy-joyga muhtoj xotin-qizlar 30 nafar, qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandlari mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar soni esa 646 nafarni tashkil qiladi.
Shu kungacha 4-bosqich “Ayollar daftari”ga kiritilgan 5 ming 398 nafar xotin-qizlarning 5 ming 330 nafariga yordamlar ko‘rsatilgan.
Sessiya ishida tuman Mahalliy budjetning 2024 yilgi asosiy ko‘rsatgichlari to‘g‘risida tuman Moliya bo‘limi boshlig‘i Javlonbek Jumamuratov hisobot berdi. Hisobotda 2024 yil uchun tuman Mahalliy budjetning daromadlari 73,3 mlrd. so‘m, yuqori budjetdan ajratiladigan transfert miqdori 151,6 mlrd. so‘m, jami xarajatlari 224,9 mlrd. so‘m miqdorida prognoz qilinayotgani qayd etilib, kelgusi yilda ko‘zda tutilgan daromadlar va xarajatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Sessiyada Amudaryo tumani Soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jahongir Rahimov Amudaryo tumanida 2023 yil davomida budjetga tushumlarni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va 2024 yil budjeti rejasi tug‘risida hisobot berdi. Hisobotda budjet daromadlariga 2023 yil uchun belgilangan 91,1 mlrd. so‘m prognoz ko‘rsatkichi yil yakuni bilan 100,2 mlrd. so‘mga, ya’ni (110 foizga) bajarilib, budjetga anqlangan qo‘shimcha manbalar hisobodan 9,1 mlrd. so‘m undirilgani, budjetga tushumlar 2022 yilga taqqoslaganda 118,8 foizga, ya’ni 15,9 mlrd. so‘mga o‘sishi ta’minlangani qayd etildi.
Shundan so‘ng sessiyada tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajabov aholidan kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilgan holda, hokim yordamchilari faoliyatining natijadorligini o‘rganish yakunlari to‘g‘risidagi masala yuzasidan axborot berdi.
Axborotda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga joriy yil boshidan 1 dekabr sanasiga qadar tuman aholisi tomonidan jami 4 ming 253ta masalalar bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan. Shundan 3 ming 230tasi qanoatlantirilgan, 1 ming 705tasi ijobiy hal qilingan. Axborotda hokim yordamchilari faoliyatining natijadorligini o‘rganish yakunlari bo‘yicha ham batafsil ma’lumot berildi.
Sessiya so‘ngida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, deputatlar va barcha tuman faollarini Yangi yil bayrami bilan tabrikladi hamda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qo‘shayotgan hissalari uchun minnatdorchilik bildirib, barchani xalq farovonligi, davlat rivoji hamda jamiyat taraqqiyoti yo‘lida hamjihatlik bilan fidokorona mehnat qilishga chorladi.
Sessiyada Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Kun tartibidagi barcha masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.
Tuman hokimligi Axborot xizmati