Mamlakatimizda ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalarga har tomonlama ko‘maklashish borasida xayrli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, bugungi qishning qirovli kunlarida qiyin sharoitda yashayotgan oilalarga yordam qo‘lini cho‘zish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tashabbusi bilan “Mehr harakati” loyihasi doirasidagi tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Mazkur harakat doirasida barcha shahar va tumanlardagi nochor sharoitda yashayotgan oilalarni borib ko‘rish va ularga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida vazirlik, boshqarma, korxona, tashkilot rahbarlaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etildi va ular ehtiyojmand oilalarga manzilli ko‘mak berishmoqda.
Mazkur harakat doirasida 26 dekabr kuni Amudaryo tumani Madaniyat markazida tuman hokimligi hamda homiylar tarafidan 130ta ehtiyojmand oilalarning farzandlariga qishki kiyim-kechaklar tarqatildi.
Tadbirda tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Soburova, tuman Maktab va maktabgacha bo‘limi boshlig‘i Yalg‘ash Shomuratov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismoilov, kam ta’minlangan, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning farzandlari ishtirok etdilar.
Tadbirda tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Soburova so‘zga chiqib, bugungi kunda “Mehr harakati” loyihasi doirasida qilanayotgan ishlar respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi tumanimizda ham qizg‘in tus olayotganini, hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasligini aytib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida sharoiti og‘ir, kam ta’minlangan oilalarning hayoti bilan tanishish va ularga yordam ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shahar va tumanlarda, ayniqsa chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholi yashash sharoitlarini yaxshilash, ularning hayot farovonligini ta’minlash maqsadida tashkil qilingan “Mehr harakati” loyihasida har qanday jismoniy va yuridik shaxslar ishtirok etib, imkon darajasida aholining ehtiyojmand qatlamiga yordam ko‘rsatishi mumkin.
Loyihani amalga oshirishda birinchi navbatda qulay sharoitga ega bo‘lmagan turar-joylarda yashab, qish kunlari uyini isitishga o‘tin, ko‘mir sotib olishda, farzandlariga kiyim olib berishda qiynalayotgan, bundan tashqari, ijarada vaqtincha kun ko‘rayotgan uy-joysiz, boshpanasiz oilalarga alohida e’tibor qaratiladi.
Haqiqatan ham, mehr-oqibat, hamjihatlik kabi insoniy xislatlar bizga avlodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan qadriyatlar sirasiga kiradi. Azal-azaldan xalqimiz har qanday sharoitda ham bir-biriga yelka tutgan, yordam qo‘lini cho‘zgan. Ko‘makka muhtoj insonlar qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘, mahalla hamda elu yurt yordami bilan o‘zini tiklab olgan. Ajdodlarimiz turli sinov va ofatlardan ham ana shunday birdamlik orqali o‘tgan, qiyinchiliklarni birgalikda mardona yenggan.
Yangi yil bayrami arafasida tashkil etilgan ushbu tadbir bolajonlarning quvonchiga quvonch qo‘shdi.
Tadbir yakunida tomoshabinlarga tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.
Tuman hokimligi Axborot xizmati