CHOYKOʻLLIKLAR VOYAGA YETMAGANLAR TAʼLIM-TARBIYASIDA YAKDIL

Туман янгиликлари

Amudaryo televidenisining Oliy Majlis huzuridagi NNTlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyili asosidagi “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar – jamiyat poydevori” grant loyihasi doirasida 2023 yil yanvar-dekabr oylari davomida ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, yoshlarni kitobxonlikka qiziqtirish orqali ularni ma’naviy barkamol insonlar qilib tarbiyalash, oilalarda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shish maqsadida “Men o‘qigan badiiy asar” videoroliklar tanlovi, “Men sevgan badiiy asar qahramoni” insholar tanlovlari, shuningdek yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, turli yot g‘oyalardan himoya qilish, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar, erta turmush qurish, yaqin qarindoshlar bilan tuziladigan nikoh holatlarining oldini olishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy mavzulardagi tadbirlarga va teleko‘rsatuvlarga tumanning eng chekka hududlaridagi qishloqlar va mahallalar yoshlari ham keng qamrab olindi. E’tiborlisi shundaki, loyiha koordinatorlari tumandagi deyarli barcha qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari, ko‘plab umumta’lim muassasalarida bo‘lishib, loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishida faol ishtirok etdilar.

Loyiha doirasidagi yakuniy tadbirlardan biri joriy yilning 22 dekabr sanasida Amudaryo tumanining Choyko‘l ovul fuqarolar yig‘inida ham bo‘lib o‘tdi. Unda IIB jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha katta inspektor-psixologi, podpolkovnik Ulug‘bek Yo‘ldoshev, hudud bo‘yicha psixolog-inspektor, leytenant Husniddin Safarboyev, “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” loyihasi ijodkorlari, hududdagi ta’lim-tarbiya muassasalari o‘qituvchilari, ota-onalar va aholi vakillari ishtirok etishdi.

Avvalo shuni alohida e’tirof etish kerakki, mazkur OFYda mahalla – maktab – oila hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Hududdagi 22-sonli 42-sonli va 59-sonli umumta’lim maktablarida faoliyat olib boruvchi ota-onalar qo‘mitasi maslahat Kengashi jamoat tuzilmasi a’zolari hamda OFY raisi Begzod Aytekov, hokim yordamchisi Rustam Rahimov, huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori Azimjon Matyusupov, yoshlar yetakchisi Xursand Shukurlayev va xotin-qizlar faoli Saylixon Murodboyevalarning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli 2022-2023 o‘quv yili davomida, shuningdek, 2023-2024 o‘quv yilining o‘tgan 4 oyida voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik, jinoyatchilik va uzrli sabablarsiz dars qoldirish holatlari umuman qayd etilmadi. 2023 yilning boshidan to shu kunga qadar mahalla – maktab – oila hamkorligiga qat’iy amal qilingani bois, uchta toifa – “yashil”, “sariq”, “qizil” toifadagi ro‘yxatga olingan yoshlar, ayniqsa, voyaga yetmagan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar bilan alohida profilaktik suhbatlar olib borildi.

- Ayni paytda choyko‘llik 14-30 yosh oralig‘idagi yoshlar va o‘smirlarning 776 nafari “yashil”, 1176 nafari “sariq”, 32 nafari “qizil” toifalardagi ro‘yxatga kiritilgan, - deydi, hudud bo‘yicha Amudaryo tumani ichki ishlar bo‘limining inspektor-psixologi Husniddin Safarboyev. – 32 nafar “qizil” toifadagi yoshlar doimiy nazoratimizda.

Biz ijodiy guruhimiz bilan Choyko‘l ovulidagi 3-darajali “Zamonaviy maktab” deb e’tirof etilgan 22-sonli umumta’lim maktabida bo‘lganimizda haqiqatan ham OFY mas’ullari, o‘qituvchilar va ota-onalarning voyaga yetmagan yoshlar bilan ishlashishda o‘ziga xos tajribaga ega ekanligiga guvoh bo‘ldik. Mazkur maktab o‘quvchilarining o‘quvchilar qoidalariga qat’iy amal qilishi, ularning yurish-turishi, fanlarni o‘zlashtirishlari, o‘zlari qiziqqan yo‘nalishlar bo‘yicha iqtidorlarini namoyon etishlariga alohida e’tibor qaratiladi. Ta’lim-tarbiya ishlariga mas’ul bo‘lgan jami 63 nafar o‘qituvchilarning 7 nafari oliy, 58 nafari 1-toifaga, qolganlari esa maxsus malakaga ega fan o‘qituvchilari hisoblanadi. O‘qituvchilarning o‘z ustlarida doimiy izlanishlari, o‘quvchilarga bilim asoslarini zamonaviy innovatsion pedtexnologiyalar asosida o‘rgatishlari bois, 2022-2023 o‘quv yilida 44 nafar maktab bitiruvchilarining 32 nafari turli OTMlar talabalari bo‘lishdi va bu bo‘yicha ko‘rsatkich 72 foizni tashkil etdi. 2023-2024 o‘quv yilida fanlar olimpiadasining tuman bosqichida 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan 5 nafar o‘quvchi-yoshlar fanlar olimpiadasining Respublika bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etishdi.

- O‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga, ularning turli yot g‘oyalar oqimiga kirib ketishlarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar tufayli o‘smir-yoshlar orasida intizomsizlik, uzrsiz sabablarga ko‘ra dars qoldirish, tungi paytlarda ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarsiz yurish holatlari umuman yo‘q, - deydi maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Ikromjon Jangaboyev.

Darvoqe, mahalla – maktab – oila hamkorligining samarali yo‘lga qo‘yilgani, o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan. O‘quvchi-yoshlar hudud bo‘yicha inspektor-psixolog Husniddin Safarboyev, yoshlar yetakchisi Xursand Shukurullayev, huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori Azimjon Matyusupovlar tomonidan tashkil etiladigan shashka-shaxmat, voleybol, basketbol, futbol musobaqalarida hamisha faol. Hududdagi uchta umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilib turiladigan o‘rtoqlik uchrashuvlari, turli bayram sanalari munosabati bilan bo‘ladigan bilimdonlar bellashuvlari, “Zakovat” intellektual o‘yini voyaga yetmaganlarning har tomonlama yetuk va intiluvchan, salohiyatli yoshlar bo‘lib voyaga yetishlarida muhim omil bo‘lmoqda.

“Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona”, degan hikmatga amal qilish, voyaga yetmagan o‘smir-yoshlar tarbiyasi va ularning bilim asoslarini chuqur egallashlarida muhim ahamiyat kasb etishi, ularning yurish-turishi, uyali aloqa vositalaridan foydalanishlarini nazorat qilish, kitob mutolaasiga kengroq jalb etish, choyko‘lliklar uchun hayotiy qoidaga aylanib borayotgani xususida 22-sonli maktab o‘qituvchilari alohida so‘z yuritdilar. Ayniqsa, OFY xotin-qizlar faoli Saylixon Murodboyeva, ko‘cha boshchi onaxonlardan Gulora Olloyorova, 22-sonli maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Ikromjon Jangaboyevlar voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar, uzrsiz dars qoldirish, tungi paytlarda kompyuter va billiardxonalarda ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarsiz yurish kabi holatlarga barham berilgani OFY mas’ullari, ta’lim-tarbiya muassasalari rahbariyati va ota-onalarning birgalikdagi sa’y-harakatlari mahsuli natijasi ekanligini alohida qayd etdilar.

Haqiqatan ham Choyko‘l ovuli Mang‘it shahri atrofida, qolaversa, qardosh Turkmaniston Respublikasi bilan chegara hududida, serqatnov guzar yo‘l bo‘yida joylashgan bo‘lishiga qaramay, hududda voyaga yetmaganlar o‘rtasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday salbiy holatga barham berilgan. Yuqorida qayd etganimiz, “qizil” toifaga kiritilgan 32 nafar yoshlar orasida ham voyaga yetmagan o‘smirlar yo‘q. 32 nafar “qizil” toifadagi ro‘yxatga kiritilgan yoshlar bilan olib borilayotgan profilaktik chora-tadbirlar tufayli yaqin vaqt ichida ushbu toifadagi ro‘yxatga ham barham berilishi kutilmoqda.

Biz ijodiy jamoamiz bilan choyko‘lliklar huzuridan qaytarkanmiz, biri-biridan obod va fayzli ko‘chalar, xonadonlar atrofida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari tufayli mo‘jaz shaharcha qiyofasiga kirgan ovul va uning ahil va mehr-oqibatli xalqiga havas qildik.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.