Inson manfaatlarini ta’minlash uchun avvalo, odamlar bilan, xalq bilan muloqot qilish, ularning hayotiy muammo va ehtiyojlarini o‘rganish alohida ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda mutasaddi rahbarlarning aholini qiynab kelayotgan muammolar bilan ishlashda murojaatlardagi masalalarni joylarga chiqib o‘rganishi hamda ularni ijobiy hal etishi borasidagi amaliy ishlari yangi bosqichga ko‘tarildi.
Butun mamalakatimiz bo‘ylab joylarda turli darajadagi rahbarlarning aholi bilan ochiq muloqotlari, sayyor qabullari tashkil etilib, fuqarolarning muammolari o‘rganilmoqda hamda ularni bartaraf qilish choralari ko‘rilmoqda.
Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak. Bugun bu fikr shunchaki balandparvoz gap emas, davlat organlari oldiga qo‘yilgan eng asosiy talablardan biri desak, adashmagan bo‘lamiz.
2023 yil 29 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari Maryam Ahmedovalarning tumanimizning Oybek mahallasidagi 55-sonli maktabda sayyor qabuli o‘tkazildi.
Mazkur sayyor qabulda sektorlar rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, tegishli korxona, tashkilot rahbarlari hamda o‘z muammolari bilan tumanning turli hududlaridan kelgan aholi ishtirok etishdi.
Qabulda 30ga yaqin fuqarolar o‘zlarini qiynab kelayotgan muammo va takliflari bilan murojaat qildilar.
Murojaatlar asosan, kredit olish, sog‘ligini tiklash uchun mablag‘ so‘rash, yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, bandlik masalalarida amaliy yordam berilishi va boshqa masalalarda bo‘ldi.
Sayyor qabulda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari, yangidan ishga tushirilayotgan tadbirkorlik subyektlari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonlari faqatgina xalq manfaatini ta’minlash, ularning yashash sharoitni yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
Sayyor qabulda murojaatlarning hech biri e’tibordan chetda qolmasligi va har bir murojaat imkon qadar ijobiy yechim topishi ta’kidlandi.
Sayyor qabul davomida Oybek mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Nurbek Tajimuratov bandlik masalasi bo‘yicha murojaat qildi.
Shuningdek, Oq oltin ovulidan O‘rinboy Shomuratov uy-joyini ta’mirlash hamda moddiy yordam masalasi bo‘yicha murojaat qildi.
Sayyor qabulda elektr energiyasi, ichimlik suv ta’minoti, bolalar nafaqasi, kredit olish va boshqa qator masalalar bilan bog‘liq murojaatlarning aksariyati joyida hal etildi. Ma’lum vaqt hamda atroflicha o‘rganishni talab etadigan murojaatlarni hal etish bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar, murojaat qiluvchilarga zarur tushuncha va tavsiyalar berildi, ijrosi nazoratga olindi.
Bu kabi tadbirlarning o‘tkazilib, xalq bilan faol va ochiq muloqotlar olib borilishida, avvalo inson huquq hamda manfaatlarini ta’minlash orqali xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun munosib shart-sharoit yaratish maqsad qilingan.
Ha, inson sha’ni, qadri ulug‘ tutilayotgan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlardan ko‘zlangan maqsad ham aholining o‘z hayotlaridan rozi bo‘lib yashashiga erishishdir.
Tuman hokimligi Axborot xizmati