Uygʻunlik: taʼlim, tarbiya, maʼnaviyat

Туман янгиликлари

Hayotda inson uchun shukur qilishga arziydigan ne’matlar ko‘p. Shulardan biri savodga ega ekanliging. Axir dunyoda ta’lim olishga qurbi yetmaydiganlar, moddiy jihatdan qurbi yetsa ham jismonan nogironligi sabab imkonsizlar qancha?! Ayrim davlatlarda esa ta’lim pullik ekanligi hech kimga sir emas.

Shularni inobatga oladigan bo‘lsak, mulohaza yuritsak beixtiyor shukur qilasan inson. Bizning jonajon O‘zbekistonimizda esa ta’limga e’tibor-kelajakka e’tibor sifatida qadrlanadi, davlat siyosati darajasida yuksak e’tibor beriladi.

Yurtimizda ta’lim sohasida yuz berayotgan o‘zgarishlarb yangilanishlar esa hududlardagi maktablar hayotida, ular faoliyatida yaqqol namoyon bo‘ladi. Bizning Amudaryo tumanimizda ham ana shu ilg‘or islohotlardan kuch olib faoliyat olib borayotgan, ma’naviy-marifiy ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan maktablarimiz talaygina.

Amudaryo televediniyesi tahririyatining “Yuksak ma’naviyatli va ahloqli yoshlar – kelajak poydevori” nomli grant loyihasi esa bizni mana shunday namunali ziyo maskanlarining biri tomon chorladi.

Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 87-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi 1989 yilda qurilgan bo‘lib 300 o‘ringa mo‘ljallangan. Maktabda bugungi kunda 253 nafar o‘quvchi ta’lim tarbiya olib kelmoqda. Maktabda 31 nafar pedagog xodim faoliyat yuritadi.

Albatta o‘quvchilarning bilim darajasi, darslarni ko‘ngildagidek o‘zlashtirishi ustozning salohiyatiga bog‘liq. Maktab pedagoglarining 3 nafari oliy toifali, 8 nafari 1-toifali, 8 nafari 2- toifali va 12 nafari mutaxasis toifali o‘qituvchilar hisoblanadi. Pedagoglarda xalqaro va milliy ta’lim sertifikati bo‘yicha 4 nafarida sertifikat mavjud bo‘lib, 1 ta Rus tili va adabiyoti fanidan xalqaro S1 darajadagi sertifikat, 1 ta Ingliz tili fanidan xalqaro S1 darajadagi sertifikat, 1 ta informatika fanidan xalqaro darajadagi sertifikat va 1 ta Respublika darajasidagi ona tili va adabiyoti fanidan milliy sertifikat mavjud.

Bugungi kun ta’lim tizimi tashabbuskor, kreativ dars o‘tish uslubiga ega va o‘quvchilarning faolligini oshirib, fanga qiziqtira oladigan o‘qituvchilarni taqozo qiladi. Zamon talabi ham shunday. Ta’lim maskani o‘qituvchilari dars jarayonida Davlat ta’lim standartlarini bajarish, o‘quvchilarda bilim malaka va ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida interaktiv metodlardan foydalanib har xil rolli o‘yinlar, har xil ko‘rgazmali qurollar, elektron doska va proyektordan samarali foydalanib kelmoqda.

Shuningdek, 2022-2023 o‘quv yilida 11-sinf bitiruvchilarini oliy ta’limga hujjat topshirishi natijasida 23 nafar o‘quvchidan 16 nafari oliy ta’lim muassasalarida talabasi bo‘lishga muyassar bo‘ldilar.

So‘zimiz avvalida ushbu ta’lim dargohini ma’naviy-marifiy ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan maktab deb aytib o‘tgan edik. Maktabning MMIBDO‘ Mahbuba Madaminova boshchiligida maskanda muntazam ravishda ma’naviyat tadbirlari o‘tkazilib turiladi.

Shulardan biri yaqindagina amunews.uz tahririyati xodimlari va tumanning bir qator idora tashkilotlari hamkorligida o‘tkazilgan “Erta turmush qurishning oldini olish” mavzusida 87-sonli maktab o‘quvchi qizlari ishtirokidagi targ‘ibot tadbiri bo‘ldi. Unda qizlarga erta turmush qurishning va erta tug‘uriqning salbiy oqibatlari bo‘yicha zarur tushunchalar berildi.

Ha, “ma’naviyat” va “marifat”, “ta’lim” so‘zlari har doim yonma yon yuradi. Sababi ular bir-birini to‘ldirib keluvchi tushunchalardir. Biz so‘z yuritayotgan ta’lim maskanida esa ma’naviy ishlar bilan bir qatorda ta’lim sifatiga ham maktab mamuriyati alohida e’tibor qaratishadi. Bunda, maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Farhod Avezovning o‘rni katta. U o‘z faoliyatida maktabda o‘tilayotgan darslarning sifatiga, o‘qituvchilarning zimmasidagi yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdek mas’uliyatga nechog‘lik yondoshayotganiga baho berib, muntazam nazorat qilib boradi. Ana shunday mas’uliyatni his etib, o‘z kasbini chin dildan sevib g‘ayrat bilan ishlayotgan pedagoglardan biri maktabning informatika fani o‘qituvchisi Shaxnoza Saidovadir. U bolalarga informatika fanidan saboq beradi. Pedagog o‘quvchilarning darslarni yaxshi o‘zlashtirishiga, kompyuter savodxonligini oshirishga harakat qiladi. Tashrifimiz davomida informatika fani bo‘yicha amaliy dars jarayonlarini ham kuzatdik.

Kuzatuvimiz davomida o‘quvchilarning axborot texnologiyalari va IT sohasiga bo‘lgan qiziqishlarini ularning darsga naqadar berilib tinglayotganiga guvoh bo‘ldik.

Kitob insonni yetuklikka chorlaydi. Har qanday ta’lim muassasasining faoliyatida, ma’naviy hayotida axborot resurs markazlarining yani kutubxonalarning ahamiyati katta. Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 87-sonli maktabning kutubxona fondida bugungi kunda 608 nomdagi badiiy adabiyotlar va 6000 dan ortiq darsliklar mavjud. Kutubxona rahbari Gulchehra Davletova esa kutubxonaga a’zo bo‘lish maqsadida kelgan yoki ziyo istab kelgan o‘quvchilarni ochiqyuzlilik bilan qarshi oladi.

Darhaqiqat, kitob hayot yo‘llarimizni yorituvchi ziyoga teng! Buni anglab yetgan maktab o‘quvchilari esa kutubxonadagi kitoblar bilan do‘st tutingan. Maktab o‘quvchilari turli xil tanlovlarda qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganligining 34 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan insholar tanlovida 8-sinf o‘quvchisi Madina Maqsudova 2-o‘rinni, 9-sinf o‘quvchisi Zarnigor Ozodboyeva 3-o‘rinni egallashdi.

“Salomatlik – tuman boylik”. Ta’lim dargohidagi o‘quvchilarning salomatligini maktab hamshirasi Nazokat Sobirova nazorat qilib boradi. Ayniqsa, mavsumiy kasalliklar kuchayishi mumkin bo‘lgan ayni kunlarda maktabning tibbiy xodimlarining zimmasidagi mas’uliyat bir muncha yuqori.

Qaysiki jamoada ahillik, og‘zibirchilik kuchli bo‘lsa o‘sha jamoa hamisha g‘olib. Biz tashrif buyurgan 87-sonli maktab jamoasi ham ana shunday bir yoqadan bosh chiqarib, ahillikda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan maskanlardan biri. Jamoadagi sog‘lom ma’naviy muhitni esa, maktabning boshlang‘ich sinf o‘quvchilaridan tortib yuqori sinf o‘quvchilarigacha tashrifimiz mobaynida bizga yo‘l berib, “Assalomu alaykum”ni kanda qilmaganida yana bir bor angladik.

Haqiqatan, ma’naviy tarbiyaning ajralmas qismi – salom. Ha, aslida tashrifimizdan maqsad ham maktabning ma’naviy-ma’rifiy qiyofasini, ibrat bo‘lgulik yutuqlarini (faoliyati)ni yuzaga chiqarishdir. Biz esa yurtimizda ana shunday namunali ilm dargohlari ko‘payaverishini tilab, xayrlashdik.

Aziza Madrahimova