Oila – insonning hayoti, faoliyati, bir so‘z bilan aytganda, butun umri chambarchas bog‘liq holda kechadigan mo‘tabar maskan. Mamlakatimizning yuzdan ziyod qonun va qonunosti hujjatlarida oila manfaati va uning himoyasini mustahkamlash nazarda tutilgan. Jumladan, 1998 yilda qabul qilingan Oila kodeksida nikoh tuzish yoki nikohning tugatilishi, mulkiy, bolalarning nasl-nasabini belgilash, aliment majburiyatlari, tug‘ilishni, nikoh tuzilganligi, o‘limni qayd etish, familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish kabi munosabatlar tartibga solingan.
Nikoh – erkak va ayolning oila tuzish maqsadidagi ixtiyoriy va teng huquqli ittifoqi. U er-xotinning o‘zaro huquq va burchlarini vujudga keltiradi.
Amudaryo tumanida har yili 2 mingdan ziyod nikoh qayd qilinadi. Ularni tuzishda majburiy tusdagi muayyan yuridik rasmiyatchiliklarga rioya qilish talab etiladi.
Qonunda nikoh tuzishning tartibi belgilangan. Oila tuzishga qaror qilgan shaxslar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish (FHDYO) organlariga ariza beradi. Nikoh ariza berilganidan keyin bir oy o‘tgach, nikohdan o‘tayotgan shaxslarning bevosita ishtirokida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Vakil orqali nikoh tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Nikoh FHDYO organlarida qayd qilinmaganda nikohga kiruvchilar o‘rtasida huquqiy munosabatlar yuzaga kelmaydi.Necha yoshgacha nikohga kirish mumkinligi qonun tomonidan chegaralanmaydi.
Nikohdan o‘tayotgan yoshlarimiz qonunda belgilangan tartib va qoida asosida nikohdan oldin belgilangan shartlarni amalga oshiradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 25 avgustdagi 365-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida»gi Nizomga asosan turmush qurayotgan yoshlar tibbiy ko‘rikdan o‘tishi majburiy qilib belgilangan. Nikohlanuvchi shaxslar davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar. Ellik yoshdan oshgan nikohlanuvchi shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘z roziligi bilan o‘tkaziladi.
Amudaryo tumani FHDYO bo‘limi tomonidan aholiga 2023 yil davomida tug‘ilganlikni qayd etish, nikohda turmagan ota-onalardan tug‘ilgan chaqaloqlarga otalikni belgilash, yangidan tuzilayotgan nikohlarni qayd etish, yolg‘iz onadan tug‘ilgan bolalarga tug‘ilganlik haqida guvohnomalar berish borasida o‘z vaqtida zarur huquqiy xizmatlar ko‘rsatildi.
Xususan, tuman FHDYO bo‘limi tomonidan 2023 yil davomida 4815ta tug‘ilganlik qayd qilinib, shundan 5 nafari o‘z muddatida tug‘ilishi qayd qilinmagan bolalar bo‘lib, qo‘shimcha hujjatlar to‘planishida amaliy yordam ko‘rsatildi va tug‘ilganligi qayd qilinib, guvohnomalar berildi.
Nikohda turmagan ota-onalardan 2023 yilda tug‘ilgan 138 nafar bolaga otalik belgilanib, o‘tgan 2022 yilga nisbatan 24taga, yolg‘iz onadan tug‘ilgan 52 nafar bolalarga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar berilib, bu bo‘yicha holat o‘tgan yilga nisbatan 11taga kamaydi.
1469ta nikoh qayd qilinib, shundan 1289tasi yosh oilalardir. Sayyor ravishda o‘tkazilgan nikohlar soni esa 256tani tashkil qiladi. 2023 yilda nikohdan ajralish 131ta bo‘lib, o‘tgan 2022 yilga nisbatan ajrimlar soni 35taga kamaydi. Bo‘limga jismoniy shaxslardan kelib tushgan jami 280ta murojaatlarga tegishli ravishda huquqiy tushuntirishlar berildi. Minsk Konvensiyasi asosida kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha 64 nafar fuqaroga MDH davlatlaridan guvohnoma va ma’lumotnomalar olishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Fuqarolarga ko‘rsatilgan huquqiy xizmatlar natijasida jami 219 mln so‘m davlat boji, 249 mln so‘m gerb yig‘imi, 162 mln so‘m pulli xizmat ko‘rsatildi.
M.ESHMURADOVA, tuman FHDYO bo‘limi inspektori.