NAZARXONLIK AYOL-QIZLAR ISHTIROKIDA “YANGI OʻZBEKISTONNING BAXTLI AYOLLARIMIZ!” MAVZUSIDA MAʼNAVIY-MAʼRIFIY TADBIR BOʻLIB OʻTDI

Туман янгиликлари

Nazarxon OFY mas’ullari tomonidan ayol-qizlarga, yosh bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish, ovul fuqarolarining o‘z konstitutsiyaviy huquqlaridan samarali foydalanishlarini ta’minlash maqsadida hudud aholisi ishtirokida huquqiy mavzulardagi davra suhbatlari, mas’ul mutaxassislar ishtirokidagi targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini o‘tkazishga alohida e’tibor qaratiladi.

Xususan, Konstitutsiyamiz qabul qilingan sana – 8 dekabr arafasida, shuningdek, xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish kuni munosabati bilan o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekistonning baxtiyor ayol-qizlarimiz” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tadbiriga ovulning turli yosh toifasidagi ayol-qizlar vakillari to‘liq qamrab olinib, ular bilan samimiy va oshkora suhbatlar o‘tkazildi.

Mazkur tadbirda Amudaryo tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i G.Saburova, xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo namunali tumanlararo Markazi direktori G.Chimboychiyeva, Nazarxon OFY xotin-qizlar faoli G.Ibragimova, shuningdek, hududdagi umumta’lim maktablarining amaliyotchi-psixologlari A.Bekmuratova, D.Aynazarova hamda ko‘cha boshchi ayollar, pedagoglar, ovuldagi yosh kelinlar ishtirok etishdi.

Ayol baxtli bo‘lsa, oila muhiti sog‘lom, tinch va osoyishta bo‘ladi. Oila tinch bo‘lsa, jamiyatda taraqqiyot, baxtiyorlik hukm suradi. Shu bois, yoshlar o‘rtasidagi bir-biriga moyillik, sevgi-muhabbatdan tashqari, yuksak aql-idrok, ma’naviy yetuklik ham talab etiladi. Buni turmush, deydilar, turmushning ba’zan “musht”lari ham bo‘lishini yoshlarimiz bilishlari, bunday sinovlarga tayyor turishlari kerak. Sababi, oila hayoti doimo bir tekis, ravon kechmaydi, yetar-yetmaslik, ba’zan g‘am-tashkish soya solishi mumkin. Bunday paytlarda oila bekalari bo‘lgan ayollarimizda sabr-toqat, oila a’zolari bilan og‘zibirchilik, o‘zaro hurmat-e’tibor xislatlari bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Ana shunda hech bir oilada bir-birini kamsitish, farzand va ota-onalar o‘rtasida tushunmovchilik, hurmatsizlik kabi salbiy holatlar bo‘lmaydi va oila albatta baxtli hayot kechiradi.

Erkak ayolga qachon qo‘l ko‘taradi? Ayoli tilini tiymaganda, erining nafsoniyatiga tegadigan nojo‘ya gap aytganida yoki kaysidir ma’noda erini mensimaganida!

Bo‘lib o‘tgan muloqotlarda nazarxonlik onaxonlar va tadbir mehmonlari bu kabi masalalarda o‘zlarining hamfikr ekanliklarini yosh kelinlarga bergan maslahat va o‘gitlari orqali ifoda etdilar.

Shuningdek, tadbirda ovul fuqarolaridan A.Rametova, Z.Tayirova, U.Durdiboyevalar o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolari yuzasidan mas’ullarga murojaat qildilar.

Nazarxonlik ayollarning murojaatlariga Amudaryo tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i G.Soburova hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ayollarni reabilitatsiya qilish Amudaryo namunali tumanlararo Markazi direktori G.Chimboychiyevalar batafsil javoblar berishdi.

“Yangi O‘zbekistonning baxtli ayol-qizlarimiz” mavzusida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir nazarxonlik ayol-qizlar uchun oila mustahkamligini ta’minlash,  zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishidan saqlanish borasida muhim ahamiyat kasb etdi.

Tazaxon Qdirniyazova, 3-sonli maktab kutubxonachisi.