Tabiiy gaz bosimining pastligi, suv, elektr taʼminotidagi uzilishlar: tuman hokimligidagi shtabga shu kungacha 225 ta murojaatlar kelib tushdi

Туман янгиликлари

Qoraqalpog‘istonda qish mavsumi ob-havosi Respublikamizning boshqa hududlariga nisbatan ayozli bo‘ladi va uzoqroq davom etadi. Shu boisdan ham aholining tabiiy gaz va isitish tizimiga, elektr energiyasiga ehtiyoji ortib ketadi. Bu o‘z navbatida ba’zan isitish moslamalaridan xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmay foydalanganda favqulodda holatlar yuzaga kelishi, yong‘in, is gazidan zaharlanish kabi noxush holatlar sobir bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Amudaryo tumanida aholini qish mavsumidan talofatlarsiz olib chiqish, ularning tabiiy gaz, o‘tin, ko‘mir va boshqa yoqilg‘ilarning chala yonishi oqibatida paydo bo‘ladigan is gazidan zaharlanishining oldini olish, yong‘inlar sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda iste’molchilarga elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvini uzluksiz yetkazib berish, ularning bu borada duch kelgan muammolarini tezkorlik bilan hal etish maqsadida shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.

Shtab sutkaning barcha vaqtlarida uzluksiz faoliyat ko‘rsatishi uchun “Qoraqalpoq suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati tuman filiali, “Amudaryotumangaz”, tuman elektr tarmoqlari korxonasi, Obodonlashtirish boshqarmasi, Sanitariya epidemiologik-osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi mas’ul xodimlarining navbatchiligi tashkil etilgan va ishonch telefoni muntazam ishlab turibdi.

Shtab tashkil etilgan 2023 yilning 28 sentyabridan joriy yilning 16 yanvariga qadar ushbu ishonch telefoni orqali aholidan 225ta murojaatlar qabul qilingan va tezkorlik bilan chora-tadbirlar ko‘rilib, ijobiy hal etilgan.

Shtabga ko‘plab yurtdoshlarimiz qatori Mang‘it shahrining Chordara mahallasida istiqomat qiluvchi Xosiyat Qutimova suv tarmog‘idagi nosozlik, Beshtom mahallasida istiqomat qiluvchi Komiljon To‘liboyev xonadoniga qo‘yilgan suv o‘lchagich ishlamay qolganligi, Gulzor mahallasidagi ko‘p xonadonli uyning 5-qavatida istiqomat qiluvchi yana bir yurtdoshimiz uyining tomonidan chakka o‘tayotganligi, Xolimbeg ovulidan Yunus Tursunov elektr energiyasidagi uzilishlar bo‘layotgani yuzasidan murojaat qilishgan. Kelib tushgan murojaatlarning ko‘pchiligi tabiiy gaz bosimining pastligi, suv, elektr ta’minotidagi uzilishlarga doir bo‘lib, muammolar tegishli sohalar mutasaddilari tomonidan o‘z vaqtida hal etish choralari ko‘rilayotir.

Shunisi e’tiborliki, shtab a’zolariga va ishonch telefoni orqali murojaat qilayotgan yurtdoshlarimizga tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mutasaddilari aholini qish mavsumidan talofatlarsiz olib chiqish maqsadida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarning oldini olish yuzasidan keng tushunchalar berib bormoqdalar.

Ular aholi xonadonlarida ham bo‘lib, tabiiy gazning to‘liq yonmasligi, xona ichida to‘planib qolishi, gaz plitalarining, isitish qozonlarining yoqib, qarovsiz qoldirilishi is gazidan zaharlanish, yong‘in kabi ko‘ngilsiz hodisalar sodir bo‘lishiga olib kelishini batafsil tushuntirmoqdalar. Bu borada fuqarolar ogohlikka, hushyorlikka da’vat etilmoqda.

Albatta, buningdek targ‘ibot tadbirlari o‘zining ijobiy natijalarini beradi. Shu yilning 15 yanvarida Ayoqchi mahallasida istiqomat qiluvchi Qo‘ziboy Rahimov shtabga xonadonida tok kuchlanishi baland ekinligi xususida ishonch telefoni orqali murojaat qilgan edi. Shtab navbatchilari bu haqda tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbariyatiga ma’lum qilgan. Natijada yuqori kuchlanishli tok tufayli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan noxush holatning oldi olingan.

Xulosa qilib aytganda, shtab faoliyati tumanimizda aholining qish mavsumini betalofat o‘tkazishiga xizmat qilayotgani bilan juda ahamiyatli.

Oygul RAJABOVA.