2024 yil 12 yanvar kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Mahallani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Amudaryo tuman kengashining tashkiliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda sektorlar rahbarlari, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Kamiljan Aytbayev, tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish markazi boshlig‘i Rashid Salayev, “Nuroniy” jamg‘armasining tuman bo‘limi raisi Ashirboy Qo‘shayev, tashkilotlar rahbarlari, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, tegishli soha vakillari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroridan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar ijrosi muhokama etildi.
Mahalla azaldan hayotimizda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, tinchlik-osoyishtalik, ahillik va hamjihatlik, ma’rifat hamda tarbiya maskani bo‘lib kelgan. Shunisi e’tiborga molikki, bugungi kunda ham mahalla odamlar o‘rtasida mehr-oqibat bardavomligini ta’minlash, milliy qadriyatlarimizni mustahkamlash, odamlarga har tomonlama ko‘mak berishda samarali faoliyat olib borayotgan tuzilmaga aylandi.
Aytish joizki, yuqoridagi Farmon va Qaror bilan mahallalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada jadallashtirish, mahalla kesimida ishlashga mas’ul bo‘lgan shaxslarning faoliyatini samarali tashkil etish va ularning hamkorligini ta’minlash, mahallalarning o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ularga qonunda belgilangan vakilliklarini amalga oshirishiga ko‘maklashishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berildi.
Yig‘ilishda tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Kamiljan Aytbayev so‘zga chiqib, Prezidentimizning yaqinda qabul qilgan “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muoammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni mahallalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada takomillashtirish, mahallabay ishlashga ma’sul bo‘lgan shaxslar faoliyatini samarali tashkil etish va ularning hamkorligini ta’minlashga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatli bo‘lganligini ta’kidlab o‘tdi.
Aytish joizki, ushbu hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston mahallalari uyushmasini, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman bo‘limlarini tashkil etish nazarda tutilgan.
Mahallaning xalq bilan davlat o‘rtasida ko‘prik vazifasini amalga oshiruvchi mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishiga ko‘maklashish, mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish, uning jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, mahalla boshqaruvida aholining faol ishtirokini ta’minlash uyushmaning asosiy vazifalari etib belgilangan.
Shuningdek, har bir fuqaro o‘zi va oilasining moliyaviy ahvoli va farovonligini ta’minlashda mas’uliyatini sezishi, boqimandalikka o‘rganmasligi bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirish, fuqarolarni o‘z uyi va ko‘chasini ozoda saqlashga milliy qadriyat va urf-odatlarni hurmat qilishga chaqirish kabi vazifalar ham ko‘zda tutilgan.
Yig‘ilish yakunida mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari so‘zga chiqib, Farmon va Qarordan kelib chiqadigan dolzarb vazifalarga o‘z munosabatlarini bildirishdi.
Shundan so‘ng, ishtirokchilar orasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashining tashkiliy yig‘ilishida qatnashish uchun 7 nafar delegatlar saylandi.
Tuman hokimligi Axborot xizmati