2024 yil 17 yanvar kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi – 69-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyani Xalq deputatlari tuman Kengashi raisining o‘rinbosari G‘ulomjon Yeshniyozov ochdi va olib bordi. Sessiya kotibligiga 8-Bo‘ston saylov okrugidan deputat Maqsud Sa’dullayev saylandi.
Sessiyada sektorlar rahbarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, bo‘limlar, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari mas’ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiyada dastlab qonuniylik hamda jinoyatchilikka qarshi kurashning holati to‘g‘risida tuman prokurori Aziz Ro‘zmetovning axboroti tinglandi.
Axborotda tuman prokuraturasi tomonidan 2023 yil davomida “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani to‘liq ro‘yobga chiqarish, hududda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, 2023 yilda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 525ta prokuror nazorati hujjati qo‘llanilgan hamda mansabdor shaxslarning noqonuniy buyruq va qarorlariga 187ta protestlar keltirilgan, 60ta taqdimnomalar kiritilgan, 162 nafar shaxslar intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Sessiya ishida tumanda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularning profilaktikasini tashkil etish bo‘yicha o‘tgan yil davomida amalga oshirgan ishlar yuzasidan tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jamoladdin Yusupov hisobot berdi.
Tumanda umumiy jinoyatchilik tahlil qilinganda, o‘tgan yilga nisbatan 275 dan 285 ga, jinoyat qidiruv yo‘nalishida 184 dan 189 ga hamda boshqa sohadagi jinoyatlar esa 47 dan 52 ga oshgan. O‘tgan yil davomida 1-sektor hududida 87ta, 2-sektor hududida 85ta, 3-sektor hududida 40ta, 4-sektor hududida 73ta jinoyatlar sodir etilgan. Hisobotda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi.
Sessiyada tumanda jismoniy va yuridik shaxslarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlariga joriy yil uchun yer solig‘i stavkalarini belgilash to‘g‘risida Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Rasul O‘razimbetov hisobot berdi.
Hisobotda 2024 yil uchun jismoniy shaxslarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlari bo‘yicha yer solig‘i stavkasini tuman markazi, ya’ni Mang‘it shahri uchun 1 kvadrat metr yerga 210 so‘m 24 tiyin miqdorida, tumanning qishloq joylari uchun esa 1 kvadrat metr yerga 163 so‘m 52 tiyin miqdorida belgilash taklif qilindi.
2024 yil uchun yuridik shaxslarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlari bo‘yicha yer solig‘i stavkasini esa tuman markazi, ya’ni Mang‘it shahri uchun 1 gektar yerga 24 ming 97 so‘m 50 tiyin miqdorida, tumanning qishloq joylari uchun esa 1 gektar yerga 19 ming 845 so‘m miqdorida belgilash taklif qilindi.
Shundan so‘ng sessiyada tuman Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Faxriddin Abdullayevning “Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash va takomillashtirishning chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi masala yuzasidan hisoboti tinglandi.
Hisobotda ta’kidlanganidek, bugungi kunda tumanimizda 415 o‘rinli markaziy shifoxona, 1ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 9ta oilaviy poliklinika va 4ta oilaviy shifokorlik punkti faoliyat yuritmoqda. Bugungi kunga qadar tumanda jami 91 nafar shifokor, 328 nafar o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat 91ta tibbiyot brigadalari tashkil etilgan.
2023 yil davomida tuman bo‘yicha 74 ming 309 nafar aholi profilaktik ko‘riklardan o‘tkazilgan. Ko‘rik natijasi bo‘yicha ularning 6 ming 508 nafari ambulator, 353 nafari statsionar sharoitda sog‘lomlashtirilgan. Statsionar sharoitda sog‘lomlashtirilganlarning 284 nafari tumanda, 67 nafari Nukus shahrida va 2 nafari Toshkent shahrida davolangan. 40 yoshdan oshgan 60 ming 55 nafar aholini yurak-qon tomir, qandli diabet va boshqa yuqumli bo‘lmagan kasalliklar bo‘yicha skriningdan o‘tkazish rejalashtirilib, amalda 63 ming 192 nafar aholi skrining ko‘rigidan o‘tkazilgan. Hisobotda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada takomillashtirish bo‘yicha kelgusidagi rejalar haqida ham ma’lumotlar berildi.
Sessiyada tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining jamoat xavfsizligi xizmati bo‘yicha o‘rinbosari, mayor Sharapat Joldasbayev tumanda jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish borasida 2023 yilda amalga oshirilgan ishlar xususida hisobot berdi.
O‘tgan yil mobaynida tuman bo‘yicha profilaktika inspektorlari tomonidan jami 6 ming 337ta ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Ma’muriy bayonnomalarning 1 ming 34tasi ayollarga, 5 ming 303tasi esa erkaklarga nisbatan tuzilgan. 2023 yil davomida 180 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan. Hisobotda 2023 yil davomida tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi.
Sessiyada Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Kun tartibidagi barcha masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.
Tuman hokimligi Axborot xizmati