So‘nggi yillarda mamalakatimizda qurilish sohasida Yangi O‘zbekistonga xos bo‘lgan zamonaviy bunyodkorlik ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonning barcha hududlarida xalqaro darajadagi bino va inshootlar majmualari bilan bir qatorda, qishloq hududlarda ham shahar sharoiti tipidagi aholi turar joylari qad rostlamoqda.
E’tiborli jihati shundaki, Amudaryo tumanida ham yildan-yilga qurilayotgan uy-joylar soni ortib, ularni arzon narxlarda sotib olish uchun fuqarolarimizga bir qator qulayliklar yaratib berilmoqda. Bu jarayonda “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da belgilab olingan vazifalar muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.
Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash, hududlarda zamonaviy shaharsozlik talablari asosida ko‘p qavatli uy-joylar, ijtimoiy soha va infratuzilma obyektlari hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishini jadallashtirish, yer resurslaridan oqilona foydalanish va aholi punktlarining urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirish maqsadida 2021 yil 9 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan edi. Farmonga asosan joylarda “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi boshlandi. 2024 yil 12 yanvar kuni Amudaryo tumanining Do‘stlik mahallasi hududidagi bo‘sh turgan yer maydonlarida ham yangi massivi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.
Yangi massiv qurilishining boshlanishiga tamal toshi qo‘yish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Azim Qurbonboyev, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Kamiljan Aytbayev, tuman hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Ernazarov, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hamda tegishli soha vakillari, faxriylar ishtirok etdilar.
Tadbirda tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Kamiljan Aytbayev bugungi kunda tumanimizda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgani, yangi ta’lim va tibbiyot muassasalari, sport saroylari, yo‘l va ko‘priklar, zamonaviy uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirilayotgani natijasida tumanimiz qiyofasi tubdan o‘zgarayotganini aytib o‘tdi.
Bugungi kunda turar-joyga muhtoj aholi qatlamini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida 6ta 5 qavatdan iborat har biri 30-35 xonadonli turar-joylarni qurish ishlari boshlab yuborildi. Bundan tashqari, hududda bozor infratuzilmasi obyektlari, aholi dam olish maskani, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari qurilishi belgilangan.
Tuman hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Ernazarov inson manfaatlarini ta’minlash, odamlarga barcha qulaylik yaratishga qaratilayotgan e’tibor har qadamda ko‘zga tashlanayotganini hamda binolarni loyihalashtirishda iqlim sharoitlari, sanitariya va xavfsizlik talablari asosida qurilishini ta’kidlab o‘tdi.
Joriy yilda quriladigan har biri 5 qavatli bo‘lgan 6ta ko‘p qavatli uyda jami 185ta xonadon bo‘ladi. Keyingi bosqichlarda esa massiv hududida jami 65ta ko‘p qavatli turar joylar qurilib, ulardagi xonadonlarning umumiy soni 2100taga yetadi. Demak, ushbu “Yangi O‘zbekiston” massivida kelgusida jami 10 mingdan ortiq aholi yashaydi.
Bugungi kunda massivda bir necha turli qurilish texnikasi hamda mahalliy quruvchi-muhandislar g‘ayrat bilan mehnat qilmoqda. Yana bir e’tiborli jihati shundaki, elektr energiyasini iqtisod qilish maqsadida massivda qurilayotgan har bir inshoot tomiga quyosh panellari o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Kelgusida massiv qoshida va hududida ijtimoiy infratuzilma obyektlari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, bolalar maydonchalari va sport maskanlari ham bunyod etilishi rejalashtirilgan. Yangi inshootlar, ishlab chiqarish majmualari va ijtimoiy infratuzilma obyektlari qurilishi hisobiga hududdagi aholining yashash tarzi yanada yuksaladi.
O‘ylaymizki, Do‘stlik mahallasi hududida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivi tumanimizning ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlaydi. Mang‘it shahrini ulkan bunyodkorlik maydoniga aylantiradigan ushbu massiv qurilishi uy-joyga muhtoj aholining orzu-umidlarini bekamu ko‘st ro‘yobga chiqarishga zamin yaratadi.
Tuman hokimligi Axborot xizmati