2024 yil 19 yanvar kuni Amudaryo tumani Madaniyat markazi binosida huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashining tashkiliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda sektorlar rahbarlari, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Komiljon Aytboyev, tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Soburova, tuman prokurori Azizbek Ro‘zmetov, Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jamoladdin Yusupov, ovul va mahallalar fuqarolar yig‘ini mas’ullari, tashkilotlar rahbarlari hamda tegishli soha vakillari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishni tuman prokurori Azizbek Ro‘zmetov boshqarib bordi.
Yig‘ilishda o‘tgan yil davomida tumanda jinoyatchilikka qarshi kurash va uning oldini olishda huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati keng muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, tumanda umumiy jinoyatchilik o‘tgan yilga nisbatan 3,6 foizga oshgan bo‘lib, shundan “og‘ir” va “o‘ta og‘ir” jinoyatlar 18,6 foizga, nomusga tegish 100 foizga, giyohvandlik moddalari muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlar 160 foizga, firibgarlik 22,2 foizga, odam savdosi 100 foizga hamda yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq jinoyatlar 25,9 foizga oshgan.
Jinoyatlarning ko‘pgina qismi tumanning Do‘stlik, Gulzor, A.Navoiy, Besh tom, Chordara, Oybek, Bosuv mahallari, O‘rta qal’a, Kuyuk-ko‘pir, Qipchoq, Qilichboy ovullarida sodir bo‘lgan.
Yig‘ilishda tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jamoladdin Yusupov so‘zga chiqib, jinoyatlarni mahallalar kesimida tahlil qildi. Jumladan, jinoyatchilik darajasi bo‘yicha 2023 yilda tumandagi jami 49ta mahallaning 12tasi “qizil”, 20tasi “sariq” va 17tasi “yashil” toifalarga kiritilgan.
Yig‘ilishda prokuratura organlarining murojaatlar bilan ishlashga oid faoliyati ham tahlil etildi. Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish masalasi ko‘rib chiqilib, mazkur jarayonda har ikkala tizim mas’ullari tomonidan bir qator kamchilik va nuqsonlarga yo‘l qo‘yilganligi bildirildi hamda kamchiliklar tanqid ostiga olindi.
Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Komiljon Aytboyev bugungi kunda ayniqsa, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish masalasi yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini aytib o‘tdi. Shu ma’noda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, idora va tashkilotlar hamda nodavlat va notijorat tashkilotlari bilan birga jamoatchilik vakillari tomonidan yoshlarning siyosiy faolligini oshirish, huquqiy ongi va madaniyatini rivojlantirish hamda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish borasida tashkil etilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada jonlantirish lozimligi alohida qayd etildi.
Yig‘ilishda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha xato va kamchiliklar keng muhokama qilindi hamda kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Tuman hokimligi Axborot xizmati