Mahalla institutining rivojlanishida va tobora xalqqa yaqinlashuvida mahallada faoliyat olib boruvchi hokim yordamchilarining tutgan o‘rni muhim ahamiyat kasb etmoqda. Buni ovul va mahallalarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy ishlarda yaqqol ko‘rish mumkin. Chunki hokim yordamchilari bevosita xalq orasida, ular hayotiga doir yechimini kutayotgan muammolarni hal etishda aholi bilan hamjihatlikda ish yuritayotganlari bois, yillar davomida ko‘plarni qiynab kelayotgan masalalar ijobiy yechim topmoqda.
Amudaryo tumanining Kuyukko‘pir qishlog‘i azaldan mehnatkash va fidoyi dehqonlar, tadbirkorlar yurti. Surishtirib kelsangiz, bu qishloqdan nomdor olimlar, shoir-u yozuvchilar, el ardog‘idagi ustoz-murabbiylar, shifokorlar yetishib chiqqan.
Nodirbek Norimbetov Kuyukko‘pir OFYda hokim yordamchisi sifatida ilk faoliyatini boshlagan kunidanoq ovul ahlining o‘zaro mehr-oqibati, yoshlarning intiluvchanligini ko‘rib, dadil ishga kirishdi. OFY raisi Tamara Karimova, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va nuroniylar masalasi bo‘yicha OFY raisining maslahatchisi bilan hamkorlikda aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini o‘rgandi. Uyma-uy kirib borib, vaziyatni o‘rganarkan, ovulning ziyoli va ibratli oilalari a’zolari, shuningdek, nuroniylarning yoshlar tarbiyasiga ta’siri kuchli ekanligini his etdi. Chunki har bir yosh yo o‘qib, bilim olish, yo bo‘lmasa tadbirkorlik bilan, dehqonchilik bilan shug‘ullanishga intiladi. Qisqasi, hech qaysisi bekorchi bo‘lib qolishni istamaydi.
Shundanmi, Nodirbek Norimbetov hududda ishsizlikka barham berish, ayniqsa, yoshlarning bandligini ta’minlashga asosiy e’tiborini qaratdi. Bu borada alohida shaxsiy ish rejasini tuzib chiqdi. O‘rganilgan har bir holatni kundalik ish yurituv daftariga qayd etib, navbati bilan muammolarni hal etishga kirishdi.
Birgina 2022-2023 yillar oralig‘ida dehqonchilik qilish orqali o‘z daromad manbaini yaratish istagida bo‘lgan 230 nafar fuqaroning ro‘yxati shakllantirilib, ularning har biriga 30 sotixdan, jami 60 gektar yer dehqonchilik qilish, bog‘ yaratishlari uchun ajratib berildi. 8 nafar fuqaroga esa subsidiya asosida ixcham issiqxonalar qurib berilib, ularning bandligi ta’minlandi.
Ovul xotin-qizlar faoli bilan hamkorlikda “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan, binoyiday chevarlik kasblari bor-u, iqtisodiy ahvoli past bo‘lgan xotin-qizlardan 8 nafariga tikuv mashinalari olib berilib, ularning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishlariga ko‘maklashildi. Natijada kuyukko‘pirliklar orasida tadbirkorlar safi so‘nggi ikki-uch yil ichida ancha oshdi.
Hokim yordamchisining ko‘magi bilan faqat 2022-2023 yillar oralig‘ida 30tadan ziyod yangi tadbirkorlik subyektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Xususan, 2022 yilda 89 nafar fuqaroga 2 mlrd. 200 mln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. 2023 yilda esa 90 nafar fuqaroga 2 mlrd. 100 mln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, ularning yakka tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlariga, o‘z xonadonlari uchun zarur jihozlar, maishiy texnika uskunalari sotib olishlari uchun sharoitlar yaratildi.
Bugungi kunda hokim yordamchisi Nodirbek Norimbetovning o‘z ishiga fidoyiligi, ovul ahlining turmush sharoitini yanada yaxshilashga bo‘lgan intilishlari tufayli o‘zini-o‘zi ish bilan band qilgan, shu orqali oilasi hayotida farovonlik muhitini yaratib, hayotdan rozi yashayotgan insonlar talaygina.
“Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan Dilshoda O‘rozboyeva qo‘li gul chevar, lekin bu hunaridan samarali foydalanish uchun oila budjetidan mablag‘ ajratishning esa imkoni yo‘q. Dilshodaga bu borada hokim yordamchisi Nodirbek yaqin ko‘makdosh bo‘ldi. Unga tikuv mashinasi olib berilishida yordamlashdi. Ayni paytda Dilshoda O‘rozboyeva hamqishloqlarining buyurtmalari asosida chevarlik faoliyati bilan shug‘ullanib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi.
Yana bir ijtimoiy himoyaga muhtoj ayol-qizlardan Aysafar O‘rinboyevaning ham qiziqish va intilishlari inobatga olinib, 11,5 mln. so‘mga non pishirish pechi olishda ko‘maklashdi. Aysafar O‘rinboyeva ayni paytda hamqishloqlarining buyurtmalari asosida issiq non pishirishni yo‘lga qo‘yganidan, bundan ham muhimi, doimiy ish, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lganidan xursand.
Nodirbek Norimbetovning kundalik ish rejalari qayd etilgan daftarda Dilfuza Allamberganovaning ham ism-sharifi paydo bo‘ldi. Kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj Dilfuza Allamberganovaga ham subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berilib, uning ham doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratildi.
Hokim yordamchisining Kuyukko‘pir OFY binosidagi xonasi deyarli har kuni gavjum. Kimdir farzandining o‘qishi uchun, yana kimdir safarbarlik chaqiruv rezervi shartnoma to‘lovi uchun yordam so‘rab keladi. Yana kimdir kelin tushirish, qiz uzatish to‘ylarida yetishmovchilik bo‘layotganidan shikoyat qilsa, yana bir toifadagilar yer, suv, uy ta’mirida yordamga muhtoj. Hokim yordamchisining kundalik ish rejalar daftarida shu tariqa yangi-yangi qaydlar paydo bo‘laveradi. Nodirbek Norimbetov uchun esa kuyukko‘pirliklar hayotiga doir muammolarni hal etish hamma narsadan muhim. Chunki o‘zi faoliyat yuritayotgan hudud aholisining o‘z hayotidan, davlatimizdan rozi yashashi uchun ko‘maklashish yuksak mas’uliyat. Ana shu mas’ullik tuyg‘usi Nodirbekka kuch, ruhiyatiga tetiklik bag‘ishlaydi.
Robiya Yo‘ldosheva