FAROVON MAHALLASI YOSHLAR YETAKCHISI DOIM YOSHLAR ORASIDA

Туман янгиликлари

Tumanning Farovon mahallasida turli yo‘nalishlardagi tadbirkorlik sohalarida muvaffaqiyatlarga erishayotgan, o‘zini-o‘zi band qilish tamoyili asosida yakka tadbirkorlik, kasanachilik, hunarmandchilik bilan shug‘ullanib, doimiy  daromad manbaiga ega bo‘lganlar talaygina. 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 823 nafar yoshlardan 364 nafarining doimiy ish bilan bandligi ta’minlangan bo‘lib, ularning o‘z faoliyatlarini hech qanday to‘siqlarsiz amalga oshirishlari uchun mahalla yetakchisi Shohruh Ro‘zmetov doimo mas’ul, yaqin ko‘makdosh.

Shohruh Ro‘zmetovning ish kunlari deyarli har kuni mahalla yoshlari hayotidagi muammolarni hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlar bilan o‘tadi.

Xususan, “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan 63 nafar yoshlarning muammolarini joyiga chiqqan holda o‘rganish, ularni o‘zlari qiziqqan yo‘nalishlar bo‘yicha kasbga o‘qitish, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari bo‘lgan yoshlarning o‘qishi, kasb-korli bo‘lishiga ko‘maklashish  maqsadida mahalladagi hokim yordamchisi Muqaddas Beknazarova hamda MFY raisi Madamin Kazakov bilan doimiy hamkorlikda, bamaslahat ish olib boradi. Ana shunday hamkorlikning natijasi o‘laroq, 2023 yil davomida 1 nafar yoshning haydovchilik o‘quv markazida o‘qib, haydovchilik guvohnomasi olishi uchun sharoit yaratildi va unga BHMning 4 baravari miqdorida subsidiya ajratildi. Ijtimoiy yordamga muhtoj oilaning farzandi bo‘lgan yana 1 nafar yoshning safarbarlik chaqiruv rezervi badali to‘liq qoplab berildi.

Mahalla yetakchisi nafaqat “Yoshlar daftari”, balki “Ayollar daftari” ro‘yxatidagi fuqarolar turmush tarziga ham alohida e’tibor qaratadi. Chunki ayol-qizlar bekorga bu daftarga kiritilmasligini yetakchi yaxshi biladi. Balki ularning nogironligi bo‘lgan farzandlari bordir, balki o‘g‘il-qizlarini OTMlarda o‘qitishda qiynalayotgandir. Nima bo‘lganda ham “Ayollar daftari” ro‘yxatidagi mahalla ayollari hayotiga doir muammolarga yoshlar yetakchisi e’tibor qaratishi shart.

Shohruh Ro‘zmetov bu borada mahalla xotin-qizlar faoli bilan bamaslahat ish yuritadi. Hamkorlik natijasida  “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan, kam ta’minlangan oilalar farzandlari bo‘lgan 11 nafar yoshlarning OTMlardagi o‘qishi uchun shartnoma mablag‘ining 30 foizi to‘lab berildi. 1 nafar yoshning salomatligini tiklashi uchun davolanish xarajatlariga subsidiya ajratildi. Bundan tashqari, dehqonchilik qilish istagida bo‘lgan 1 nafar ishsiz yoshga 10 yillik muddat bilan 0,5 gektar yer ajratilishiga ko‘maklashdi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 8 nafar yoshlar doimiy ishga joylashtirilib, “Yoshlar daftari” ro‘yxatidan chiqarildi.

Mahalla yoshlar yetakchisining faoliyat ko‘lami, kundalik ish rejalari bu bilan cheklanmaydi. Mahalla yoshlarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, hududdagi ta’lim-tarbiya muassasalari bilan hamkorlikda turli sport musobaqalarini tashkil etish, o‘quvchi-yoshlarning uzrli sabablarsiz dars qoldirishlari, mahalla hududida huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan nazorat tadbirlarini o‘tkazish kabi ishlar uning doimiy diqqat markazida. Hududiy profilaktika inspektori va inspektor-psixologlari, ta’lim-tarbiya muassasalarining amaliyotchi-psixologlari hamda ota-onalar  bilan o‘zaro hamkorlikda muntazam ravishda o‘tkazilib kelinayotgan “Xavfsiz tun”, “Tig‘”, “Davomat” hamda “Biz ommaviy madaniyat unsurlariga qarshimiz!” mavzularidagi profilaktik-nazorat tadbirlari  o‘zining ijobiy samaralarini bermoqda. Shu bois, mahalla yoshlari, o‘quvchi-yoshlar orasida huquqbuzarlikka moyillik holatlari yo‘q hisobi.

Shunday bo‘lsa-da, 27 nafar tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan alohida profilaktik suhbatlar olib borish, ularning qiziqishlarini inobatga olgan holda ish yuritishga alohida e’tibor qaratiladi. Ularni sog‘lom hayotga qaytarish maqsadida ushbu yoshlar uchun mas’ul qilib biriktirilgan tashkilotlar mas’ullari bilan hamkorlikda barchasining muammolari tizimli ravishda o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, ularni nazoratsiz qoldirmaslik maqsadida turli sport to‘garaklariga  jalb etish, kitobxonlikka qiziqtirish borasida amaliy choralar ko‘rilayotgani o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Ayni paytda Shohruh Ro‘zmetovning mahalla yoshlari hayotiga oid rejaviy ishlari ancha tig‘iz pallaga kirgan. Sababi, hademay bahor keladi. Yana bir-ikki haftadan so‘ng, ko‘klamga tayyorgarlik, obodonlashtirish tadbirlari boshlanib ketadi. Farovon mahallasi yoshlari esa bu kabi tadbirlarga ertadan kirishishadi. Mahalla hududini ko‘kalamzor go‘shaga aylantirish maqsadida barcha ko‘chalar bo‘ylaridagi ariqlarni tozalash, uy-hovlilarning fasad qismlarini obodonlashtirish ishlarini hamjihatlik bilan amalga oshirishga allaqachon kirishib ketishgan.

– Ko‘chat ekish mavsumini hech qiyinchiliksiz o‘tkazish uchun bu juda muhim, – deydi Shohruh Ro‘zmetov. – Qolaversa, ahillikda qilingan ish ko‘ngillarga zavq bag‘ishlaydi.

 

Robiya YO‘LDOSHЕVA