Amir Temur nomli ovul fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Dildora Xudoyberganova uchun hamqishloqlarining turmush tarziga oid muammolarini hal etishga ko‘maklashish shu el farzandi sifatida hayotiy ehtiyoj kabi o‘ta muhim.
- Men shu qishloqda tug‘ilib-o‘sganman. Hamqishloqlarimning barchasi xuddi et bilan tirnoq kabi taqdirlari biri-biriga tutash, qon-qarindosh, qardosh, men ham ulardan biriman, - deydi Dildoraxon Amir Temurliklar haqida.
Qishloq aholisining asosiy qismi o‘zbeklar bo‘lsa-da, Dildoraxon aytganlariday, azaliy qon-qarindosh va qardosh bo‘lgan hamqishloqlar uchun turkman, qozoq, qoraqalpoq, tatar, rus millatiga mansub aholi vakillari eldoshlarining yaxshisini oshirib, yomonini yashirib, nihoyatda ahil-inoqlikda yashashadi. Biri-birining tilini va dilini yurakdan anglab, totuvlik tug‘ini boshlariga jig‘a qilib olgan Amir Temurliklarning ahilliklari tahsinga munosib.
Oilalardagi hamjihatlik ovul hayotiga fayz bag‘ishlaydi, albatta. Bundayin hamjihatlik muhitini yaratishda OFY raisi Oybek Yusupov rahbarligidagi ovul mas’ullarining fidoyiliklari, hamkorlikdagi faoliyatlari muhim ahamiyatga ega.
Ilk mehnat faoliyatini 2016-2018 yillarda qishloqdagi 4-sonli umumta’lim maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlashdan boshlagan Dildora Xudoyberganovaning nomzodini 2018 yilda OFY xotin-qizlar faoli lavozimiga qo‘yishganida biroz ikkilandi:
- Qishloq hududi katta, aholisi ko‘pmillatli, qanday bo‘larkan? – degan hadik bilan hujjatlarini taqdim etdi.
Oliy ma’lumotli ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi, ijodkor, ma’naviyatli qizning xotin-qizlar faoli sifatida OFYda faoliyat olib borishidan hamqishloqlari, to‘g‘risi, mamnun bo‘lishdi. To‘g‘ri-da, gapini o‘rnida ayta oladigan muloyim, samimiy, o‘zgalar tashvishiga og‘rinmay yelka tutadigan Dildora Xudoyberganovadan munosib nomzod bormi?!
Barchaga manzur bo‘lgan Dildoraxon shijoat bilan ishga kirishdi. O‘zbek oilalarining kayvoni, ibratli onaxonlari bilan turkman oilalarining namunali ejelari, uddaburon qozoq jengeylari, qoraqalpoq kempir apaylari bilan bamaslahat ayol-qizlar orasidan ko‘cha boshchilari saylanishiga e’tibor qaratdi. OFY raisi Oybek Yusupov, ovuldagi hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, hudud bo‘yicha profilaktika inspektori hamda hududiy inspektor-psixologlar bilan hamkorlik tufayli faqat 2023 yilning o‘zida “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan 13 nafar ayol-qizlarga o‘z davromad manbalarini yaratishlari uchun imtiyozli kredit olishlariga ko‘maklashdi. 1 nafar ayolning qiziqishlari, chevarlik hunari inobatga olinib, qasbga o‘qitildi va subsidiya asosida tikuv mashinasi bilan ta’minlandi. Yana bir ayol esa doimiy ishga joylashtirilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj 17 nafar xotin-qizlar mavsumiy ish bilan ta’minlanishdi.
Oilalarning tinch-totuvligi nafaqat o‘sha oilalarga, balki jamiyatimizga ham ziynat, fayz-baraka bag‘ishlashini Amir Temurliklar juda yaxshi bilishadi. Oilalarda ana shunday to‘kislikni ta’minlashda Dildora Xudoyberganova kayvoni, ibratli onaxonlar bamaslahat qozoq, qoraqalpoq oilalarida asrlar davomida shakllangan o‘zaro mehr-oqibat, bag‘rikenglik, totuvlik tuyg‘ulari darz ketmasligi uchun jon kuydiradi. OFY raisi Oybek Yusupov va qishloqning kayvoni onaxonlari bilan birgalikda oilaviy nizolar tufayli ajrashish yoqasiga borib qolgan 9ta oila yarashtirilib, hamjihatlikda yashashlariga erishilgani ham ana shu go‘zal tuyg‘ularning ustuvorligidan, qishloq kayvoni onaxonlarining tadbirli, hamfikr va hamjihatligidan! Bundan ham muhimi, OFY xotin-qizlar faoli Dildora Xudoyberganovaning zimmasidagi mas’uliyatni chuqur his qilib, hamqishloqlariga qayishib, el bo‘lib ketganidan.
- Qishlog‘imizdagi har bir ayol-qiz hayotiga oid muammoning ijobiy hal etilishi xuddi o‘z shaxsiy muammoyimning had etilishi kabi ko‘nglimga xotirjamlik bag‘ishlaydi, - deydi Dildora mamnuniyat bilan.
Jamiyatda ayolning tinch, xotirjam faoliyat yuritishi, albatta, uning oilaviy hayotiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Dildoraning bu tomondan ko‘ngli to‘q. U baxtiyor oila bekasi, ibratli kelin. Umr yo‘ldoshi, Jumurtov SHFY hokim yordamchisi Ravshan Arikov bilan ikki nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazishmoqda.
- Ishlashim, jamiyatga faol aralashishim uchun barcha sharoitlarni yaratib bergani uchun oilam, umr yo‘ldoshimdan minnatdorman, - deydi u ehtirom bilan. – Oiladagi ana shu g‘amxo‘rlik tufayli juda baxtiyorman.
O‘zini baxtiyor his etgan inson hamisha o‘zgalarga baxt ulashishga qodir bo‘ladi. Dildoraxon Xudoyberganovaning har bir ish kuni hamqishloq ayollar turmushini to‘kis, ularning mushkullarini oson qilishdek ezgu niyatlar bilan o‘tadi. O‘zi aytganiday, Amir Temurlik ayollarning quvonchi ham, tashvishi ham o‘ziniki.
Robiya YO‘LDOSHЕVA.