Bugungi kunda yurtimizda kelajak egalari bo‘lgan yoshlarning har tomonlama yetuk va barkamol inson bo‘lib kamol topishlari yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarning chek-chegarasi yo‘q. Yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, o‘zining qobiliyati, zehni, izlanuvchanligi bilan jamiyatning har jabhasida tengdoshlariga namuna bo‘layotgan yoshlarimiz soni kun sayin oshib bormoqda.
Mamlakatimiz bo‘ylab yoshlar siyosati eng ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qaralib, bu borada olib borilayotgan islohotlar jamiyat hayotining eng asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan yosh avlodning har tomonlama yetuk va barkamol bo‘lib voyaga yetishiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Bu boradagi davlat siyosatini amalga oshirishda sayyor qabullar va uchrashuvlarning ham o‘rni alohida.
Joriy yilning 30 yanvar sanasida Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov tumanimizdagi bir guruh yoshlar bilan uchrashdi. Tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 55-sonli umumta’lim maktabida tashkil etilgan mazkur uchrashuvda Oybek, Gulzor va Olmazor mahallalarida istiqomat qiluvchi yoshlar vakillari ishtirok etishdi.
Shuningdek, uchrashuvda tuman hokimining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Nodir Kamolov, tuman Mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Sherzod Murodov, tuman Yoshlar ishlari agentligi boshlig‘i Sardor Ismoilov, ovul va mahallalardagi hokim yordamchilari, fuqarolar yig‘inlari raislari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlar siyosati borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks tizimi yaratilgani, bilimli, keng dunyoqarashga ega vatanparvar yigit-qizlarni tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilanligini alohida qayd etib o‘tdi.
Shuningdek, tuman hokimi yoshlarning qobiliyat va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berilayotgani alohida ta’kidlab, ularni ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanishga, ilm-fan va kasb-hunar sirlarini puxta egallashga chaqirdi.
Uchrashuvda yoshlarning ta’lim olish, o‘zini o‘zi band qilish borasidagi muammolari tinglangdi va atroflicha o‘rganildi. Xususan, oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan bir guruh yoshlarning to‘lov shartnoma pullarini to‘lashdagi muammolari, sartaroshlik, tikuvchilik kabi tadbirkorlik turlari bilan shug‘ullanish uchun asbob-uskuna sotib olish, o‘zini o‘zi band qilish uchun kredit olish borasidagi muammolari tinglanib, ularni hal qilishga yordam beriladigan bo‘ldi.
Uchrashuv davomida tuman Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i Sherzod Murodov ham so‘zga chiqib, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar xususida to‘xtaldi va harbiy xizmatni o‘tash tartibi haqida ma’lumotlar berdi.
Tadbir ochiq muloqot shaklida olib borildi. Yoshlar har sohada o‘zlarini qiynayotgan savollar bilan mas’ullarga murojaat qilib, savollariga to‘liq javoblar oldilar.
Charos Arslonova, tuman hokimining Axborot xizmati rahbari.