So‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga doir keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ishlar samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish, mazkur yo‘nalishda davlat va nodavlat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faolligini yanada oshirish, yoshlar ongiga vatanparvarlik, mardlik tuyg‘ularini singdirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Joriy yilning 30 yanvar sanasida Amudaryo tumani Madaniyat bo‘limi binosida o‘tkazilgan qo‘mondon va yoshlar uchrashuvi ham mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarning amaldagi ijrosi bo‘ldi.
Uchrashuvda shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general mayor Farhodjon Shermatov, tuman hokimi Sobir Xojametov, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, yoshlar yetakchilari hamda bir guruh yoshlar ishtirok etdilar.
Shu o‘rinda qayd etish joizki, mazkur uchrashuv davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 12 yanvar sanasida o‘tkazgan yig‘ilishida belgilab bergan yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, muddatli harbiy xizmat nufuzini oshirish, yoshlarda muddatli harbiy xizmat qilish borasidagi bilimlarni shakllantirish kabi ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qaratildi.
Uchrashuvda shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general mayor Farhodjon Shermatov so‘zga chiqib, Vatan himoyasi, uni asrab-avaylash, Vatanga xizmat qilish har bir o‘g‘il-qizning Vatan oldidagi farzandlik burchi ekanligini ta’kidlab, uchrashuvda ishtirok etayotgan yigitlarning muddatli harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirdi.
Shuningdek, uchrashuvda tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Zafar Ahmedov, tuman Sanitariya-epidemiyalogik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi boshlig‘i Gulmurod Bekiyev, Xizr eli mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi Ilyos Egamovlar so‘zga chiqib, o‘zlarining muddatli harbiy xizmat davomidagi taassurotlari, bilim va ko‘nikmalari bilan bo‘lishdilar.
Tadbirning rasmiy qismi nihoyasiga yetgach, shimoli-g‘arbiy harbiy okrug harbiy orkestr jamoasi, faxriy qorovul jamoasi hamda razvedka qo‘shinlari qo‘l jangi jamoasining qo‘l janggi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari, marsh sadolari ostidagi harbiy saf yurishi, harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi hamda harbiy orkestr jamoasining ona Vatan va Milliy armiyani tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari yangradi.
Uchrashuv mobaynida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, yoshlarning muddatli harbiy xizmatga borishlari ularning har tomonlama rivojlanishlarida muhim o‘rin tutishini qayd etib o‘tdi hamda mehmonlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Uchrashuv davomida tadbir ishtirokchilarining harbiy va turli sohadagi murojaatlariga shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondoni va boshqa tegishli mutaxassislar tomonidan to‘liq javoblar berildi.
Charos Arslonova, tuman hokimining Axborot xizmati rahbari.