So‘nggi yillarda mamlakatimizda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu hayotbaxsh tamoyil asosida olib borilayotgan ishlar natijasida joylarda sayyor qabullar o‘tkazilib, odamlarni qiynab kelayotgan ko‘plab muammolarga yechim topilmoqda. Bu esa aholiga qulay yashash sharoitlari yaratish, mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash imkonini bermoqda. Shu bilan birga aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchi ortib bormoqda.
Joriy yilning 1 fevral sanasida Amudaryo tumani Choyko‘l OFYda joylashgan 22-sonli maktab binosida ham tuman hokimi Sobir Xo‘jametovning sayyor qabuli o‘tkazildi.
Sayyor qabulda 3-sektor rahbari – tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jamoladdin Yusupov, tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Nodir Kamolov, korxona-tashkilotlar rahbarlari, banklar mas’ullari, ovul fuqarolar yig‘ini raisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda fuqarolar ishtirok etdilar.
Shu o‘rinda qayd etish joizki, hududlarni obodonlashtirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash, ularning muammolarini hal etish yuzasidan tashkil etilayotgan sayyor qabullarda aholi tomonidan bildirilgan murojaatlar o‘rganilib, muammo va kamchiliklarni bartaraf etish orqali insonlarning yashash sharoitlari tobora yaxshilanmoqda.
Mazkur sayyor qabul davomida ham fuqarolardan bir qator murojaatlar kelib tushdi. Jumladan, o‘quvchilarning maktabga qatnashlaridagi xavsizligi uchun yo‘l va yo‘lak qurilishi, tabiiy gaz yetishmovchiligi, talaba yoshlarning to‘lov shartnoma pullarini to‘lashdagi qiyinchiliklar, muddatli harbiy xizmat badal pulini to‘lashdagi muammolar, betob farzandini davolatishda yordam, Choyko‘l OFY Madaniyat uyini ta’mirlash va boshqa masalalarda bildirilgan murojaatlar shular jumlasidandir.
Barcha murojaatlar tegishli mas’ullarga yo‘naltirildi hamda ular tomonidan o‘rganilib, hal qilinadigan bo‘ldi. Shuningdek, sayyor qabul mobaynida fuqarolarning turli masalalar yuzasidan bergan savollariga ham tegishlicha javoblar hamda tushuntirishlar berildi.
Ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, turli darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlarning aholi vakillari bilan muloqotlari odamlarning orzu-istaklari, talab va ehtiyojlarini o‘rganish, ularga imkon qadar ko‘mak berish, mavjud muammolar yechimini topishga imkon bermoqda.
Ayniqsa, mas’ullar tomonidan odamlarning muammo va tashvishlarini hal etish, og‘irini yengil qilish yo‘lida tashkil etilayotgan sayyor qabullar yurtdoshlarimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda.
Shu jihatdan olib qaraganda, Choyko‘l ovulida o‘tkazilgan sayyor qabul ham aholining turli masalalar yuzasidan murojaatlarini tinglash va mazkur murojaatlarda aytilgan kamchiliklarni bartaraf qilib, ovul aholisining turmush sifatini yanada yaxshilashda muhim vosita bo‘ldi.
Charos Arslonova, Tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.