36-SONLI MAKTABDA BOBOKALONLAR TAVALLUDIGA BAG‘ISHLAB “IKKI BUYUK SIYMO” DЕB NOMLANGAN TADBIR TASHKIL ETILDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda ulug‘ ajdodlarimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburlarning tavallud kuni keng nishonlanadi va ushbu sanalar munosabati bilan turli tadbirlar, ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy kechalar o‘tkaziladi. Tadbirlarda o‘sib kelayotgan yosh avlod buyuk bobokalonlarga faxru-iftixorini yaqqol namoyon etib, o‘z ehtiromini ko‘rsatishga harakat qiladi.

9 fevral kuni Amudaryo tumanidagi 36-sonli maktabda ham “Ikki buyuk siymo” deb nomlangan tadbir tashkil etildi. Maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Nasiba Bobojonova hamda uning rahbarligidagi 2-“A”sinf o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan ushbu tadbirni maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Vahobjon Davletov ochib berdi. U o‘z so‘zida buyuk bobokalonlarimiz hayoti va ijodiga keng to‘xtalib o‘tdi. Ikki buyuk siymo – so‘z mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy, ulug‘ shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi, ular qoldirgan ulkan adabiy merosning yoshlar tafakkurini o‘stirishdagi, dunyoqarashini boyitishdagi beqiyos ahamiyati xususida so‘z yuritdi.

Shundan so‘ng, sinf rahbari Nasiba Bobojonova hamda o‘quvchilar Alisher Navoiy va Bobur ijodiga mansub g‘azal va ruboiylardan yod aytishdi. Ifodali tarzda aytilgan g‘azal va ruboyilar tomoshabinlarga nihoyatda manzur bo‘ldi. Ayniqsa, jajji o‘quvchilar ijrosidagi sahna ko‘rinishlari, ular gavdalantirgan Alisher Navoiyning yoshligi, Zahiriddin Muhammad Boburning qalbidagi Vatanga muhabbat va sog‘inch hislarini aks ettirishga harakat qilishlari barchani nihoyatda ta’sirlantirdi. Qizlar esa dilrabo raqs va qo‘shiqlari bilan kechaga yanada fayz kiritdilar.

Tadbirda o‘quvchilar ikki buyuk siymo haqida olgan bilimlarini savol-javob tarzida sinab ko‘rishdi. Navoiy va Bobur hayoti, ijodi haqidagi savollarga to‘liq javob berishga xarakat qilgan o‘quvchilar Bobur merosini chuqur o‘rganishgani barchani quvontirdi.

Tadbir davomida har ikki ijodkor dunyo adabiyoti tarixida juda katta o‘rin tutishi, xalqparvar davlat arbobi sifatida jamiyatda tutgan yuksak mavqei jihatidan ham, ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot ahliga ko‘rsatgan homiyligi jihatidan ham o‘xshashi yo‘q siymo ekanligi, ular bugun o‘zbek xalqining milliy iftixoriga, adabiy, ma’naviy kamolot timsoliga aylangani ta’kidlandi.

Navoiy ham, Bobur ham buyuk davlat arbobi bo‘lishgani, Bobur mohir sarkarda sifatida aql-zakovati va shijoati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solgani, o‘zbek tilida yozilgan “Boburnoma”, “Mubayyin”, “Xatti Boburiy”, “Harb ishi”, Musiqa sirlari”, “Qofiya ilmi” kabi asarlari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan joy olgani to‘g‘risidagi fikrlar bildirildi.

Shundan so‘ng, o‘quvchilar o‘rtasida Navoiy va Bobur bobokalonlarimiz hayoti to‘g‘risida diktantlar tanlovi o‘tkazildi. Zukko o‘quvchilardan Dilfuza Yo‘ldosheva, Laziz Tursunboyev, Charosoy Soliyeva, Asliddin Yusupov, Javohir Madatov, Umrbek Bashirov, Shirinoy Baxtiyorovalar ushbu tanlovda faol ishtirok etib, zehnli, bilimli ekanligini, iqtidorini ko‘rsatishdi.

Xalqimiz ma’naviy dunyosining yuksalishiga ulkan hissa qo‘shgan ikki buyuk shaxs – Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi munosabati bilan tashkil etilgan tadbir barchaga manzur bo‘ldi. O‘quvchilar ham ikki ijodkorning hayoti, faoliyati, ijodiy merosi haqidagi bilimlarini yanada mustahkamlab oldilar.

O.Xudoyberganova.