TA’LIM-TARBIYA SOHASI FIDOYISI

Туман янгиликлари

Qangli qishlog‘ida tug‘ilib-o‘sgan Tozaboy Matchonov umumta’lim maktabini tugatgan yiliyoq Toshkent shahriga yo‘l oldi. 1981 yilda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutiga o‘qishga kirgan. Tozaboy o‘qish jarayonida hamqishloqlari hayotiga o‘zgarishlar olib kirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodga Qangli qishlog‘i, Amudaryo tumani, qo‘yingki, Qoraqalpog‘iston bilan tutashib ketgan ona Yurt kengliklari, ana shu bepoyon Vatan sha’nini yuksaltirish uchun o‘qib, bilim olish juda muhimligini anglatib yashash zarurligini chuqur idrok etdi.
U 1985 yilda institutni muvaffaqiyatli tamomlab, ona qishlog‘idagi S.To‘ramurodov nomidagi sakkiz yillik maktabda ilk mehnat faoliyatini boshladi.
O‘z fani asoslarini puxta egallagan yetuk pedagog kadrlar ta’lim-tarbiya sohasida hamisha qadrlanadi. Bu borada Tozaboy Matchonovning ham bilim va salohiyatidan samarali foydalanishga intilgan maktab rahbarlari ko‘p bo‘ldi. 1989-1994 yillarda u Amudaryo tumanidagi yetakchi ilm maskanlaridan biri hisoblangan 11-sonli umumta’lim maktabida, keyinchalik 29-sonli maktabda jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi sifatida o‘z faoliyatini davom ettirdi. O‘quvchilar bilan olib boriladigan tarbiyaviy ishlar ta’sirchanligini oshirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida sportga qiziquvchi yoshlarni atrofiga jamladi, kurash, shaxmat sporti to‘garaklarini tashkil etdi. “Umid nihollari”, “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarida qatnashgan o‘quvchilari Amudaryo tumani birinchiligida, mazkur musobaqalarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdilar. 1994 yildan hozirgi kunga qadar 29-sonli maktabda faoliyat yuritayotgan oliy toifali o‘qituvchi Tozaboy Matchonovning o‘quvchilari deyarli har yili an’anaviy ravishda o‘tkazilib kelinayotgan “Umid nihollari”, “Besh tashabbus olimpiadasi” sport  musobaqalarining doimiy g‘olib va sovrindorlari safidan joy olib kelishayotganining o‘zi oddiy qishloq maktabi o‘qituvchisining o‘z sohasining yetuk mutaxassisi ekanligidan yaqqol dalolat.
Xususan, Tozaboy Matchonov rahbarligidagi o‘quvchi-yoshlar qatorasiga 3 yilki, “Umid nihollari” sport musobaqalarida sportning yengil atletika, kurash turlari bo‘yicha tumanda 1-o‘rinni, Respublika miqyosida faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda. 2022-2023 o‘quv yilida esa “Besh tashabbus olimpiadasi”ning parashaxmat musobaqasida ham Tozaboy Matchonovning o‘quvchilari tuman g‘olibligini qo‘lga kiritib, musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida faxrli 3-o‘rinni egallashdi.
Dono xalqimiz tilidan-tillarga ko‘chib, o‘z qadri-qimmati bilan hamon yuqori tutilguvchi bir hikmat borki, ana shu hikmat Tozaboy Matchonov kabi fidoyi o‘qituvchilar shaxsiga qarata aytilganday. Ya’ni, “Ustozidan ilm olgan shogirdlari qator tursalar, ul ustoz chin ustozdir”. Shu jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, Tozaboy Matchonovdan “ilm olib, qator turgan” shogirdlari behisob. Xususan, ustoziga havas qilib, jismoniy  tarbiya va sport sohasi fidoyilari bo‘lib yetishgan shogirdlaridan Gulandom Xudoyberganova, Shohista Xudoyberganova, Go‘zal Yo‘ldosheva, Javlonbek Xudoyberganov, Nigora Sultonmurodova, Nuriddin Qurbonboyev, ... yana qancha yoshlar jismoniy madaniyat mutaxassislari sifatida faoliyat yuritishmoqda. O‘nlab shogirdlari O‘zbekistonning turli hududlaridagi OTMlarda jismoniy madaniyat yo‘nalishi bo‘yicha  tahsil olishmoqda.
Tozaboy Matchonovni ko‘pchilik qattiqqo‘l, qat’iyatli o‘qituvchi sifatida hurmat qilishadi. Balki shundaydir. Katta leytenant harbiy maxsus unvoniga ega o‘qituvchi bo‘lganidanmi, o‘quvchilariga o‘z fanidan qat’iy talablar qo‘yishga odatlangan Tozaboy Matchonovning shogirdlari jismoniy madaniyat fanini o‘zlashtirishda xuddi o‘qituvchisi kabi qat’iyatli, intiluvchan. Ishda qat’iyat va ishonch uyg‘un bo‘lsa, muvaffaqiyat sari yo‘l ochilaveradi.
Tozaboy Matchonov nafaqat hamkasblari va shogirdlari, balki o‘zi istiqomat qiladigan mahallada ham hurmat-e’tiborga munosib, oilaparvar, mehribon va madaniyatli ota sifatida umr yo‘ldoshi Zamiraxon Yernazarova  bilan biri-biridan o‘qimishli ikki qiz, bir o‘g‘ilni kasb-korli qilib voyaga yetkazishdi. Shirin-shakar nevaralarga bobo bo‘ldi. Bugun uning oilasi haqiqiy ziyolilar bilan obod. Qilayotgan ezgu ishlari davlatimiz tomonidan e’tirof etilayotgani, yuqori tashkilotlarning faxriy yorliqlari, tashakkurnomalari bilan taqdirlanayotgani esa qalbiga quvonch bag‘ishlaydi, ertangi kuniga ishonch uyg‘otadi. “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” – umumxalq bayrami munosabati bilan oddiy qishloq maktabi o‘qituvchisi Tozaboy Matchonovning fidoyi mehnatlari davlatimiz tomonidan yana bir bor e’tirof etilib, “Qoraqalpog‘iston xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. E’tirof, hurmat, e’tibor va rag‘bat – bu xalq ehtiromi, ishonchining yorqin ifodasi.
Zahiradagi katta leytenant, yuzlab yoshlarning sevimli ustozi Tozaboy Matchonov hamon postda – yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lidagi eng mas’uliyatli, eng sharafli vazifani ado etishda hamisha sobit, hamisha qat’iyatli. Ana shu tuyg‘ularga hamroh yashash esa uning ezgu a’moli.
Ayni paytda umrining 60 bahorini qarshilagan Tozaboy Matchanovga:
- Aslo charchamang, yana uzoq yillar yoshlar safida, mas’uliyatli va sharafli kasbingiz bilan e’tiborda,e’zozda yashang, 60 yoshingiz muborak bo‘lsin, - deymiz.


Robiya YO‘LDOSHЕVA.