A.NAVOIY TAVALLUDI KUNIGA BAG‘ISHLANGAN “ADABIYOT VA MATЕMATIKA FANLARINING BOG‘LIQLIGI” MAVZUSIDAGI TADBIR QIZIQARLI TAASSUROTLARGA BOY BO‘LDI

Туман янгиликлари

Ko‘pchilik matematika fanini o‘rganish qiyin, murakkab fan sifatida ko‘rishadi. Aslida ham shundaymi, umumta’lim maktablari o‘quvchilari haqiqatan ham matematikani  o‘rganishda qiynalishadimi?
Amudaryo tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 57-sonli maktab o‘quvchilari uchun esa matematika - haqiqiy adabiyot va she’riyat darajasidagi jozibador, qiziqarli, shu bilan birga tafakkurni  charxlovchi fan sifatida  juda qadrli. Bu haqdagi maktab o‘quvchilarining fikri bilan qiziqsangiz, she’riyatda ham vazn, o‘lchov, sanoq borligi  xususida dalil fikrlarini bildirishib, sizni hayratda qoldirishadi. Maktabning 5-, 6-, 7-sinflar o‘quvchilari ishtirokida Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan “Adabiyot va matematika fanlarining o‘zaro bog‘liqligi” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirni kuzatarkanmiz, bunga yaqqol guvoh bo‘ldik. Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari Gulbahor Bo‘ronova, Ra’noxon To‘rayeva, matematika fani o‘qituvchilari Feruza Yerimbetova, Mahliyo Xudoyberganova rahbarligida tashkillashtirilgan  mazkur tadbirda o‘quvchi-yoshlar umumta’lim fanlarini, ayniqsa, adabiyot va matematikani o‘zaro uzviylik asosida o‘rganayotganlarini amalda namoyon etishdi.
Avvalo, tadbir o‘tkaziladigan xona adabiyot va matematika fanlarining o‘zaro bog‘liqligini ifoda etuvchi ko‘rgazmali vositalar, buyuk bobokalonlarimiz Al-Xorazmiy, A.Navoiy  hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi  suratli-lavhalar, gazeta-jurnallar, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy va badiiy adabiyotlar, gullar bilan bezatildi.
Tadbirni ochib bergan maktab direktori Masharif Ro‘zmetov ilm-fan va adabiyotimizning buyuk darg‘alari Al-Xorazmiy hamda Alisher Navoiyning bebaho ilmiy-madaniy, adabiy merosi va bu merosning bugungi yoshlar ta’lim-tarbiyasida tutgan betakror va tengsiz o‘rni haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng, asosiy 8ta shart bo‘yicha o‘z bilimlarini namoyish etishlari uchun 5-sinfning “Navo”, 6-sinfning “Al-Xorazmiy” 7-sinf o‘quvchilaridan iborat “Alisher Navoiy” jamoalari taklif etildi. Har bir jamoa sardori tadbirning 1-sharti talablariga ko‘ra, o‘z jamoasi va jamoaning nomlanishidan ko‘zlangan ma’no-mazmun hamda maqsadlari yuzasidan o‘zlarini tanishtirdilar. Biri-biridan bilimdon va zukko o‘quvchilar tanishtiruv shartini juda chiroyli va madaniyatli tarzda amalga oshirdilar. Shundan so‘ng, uchala jamoa ham sonlar ishtirokidagi maqol aytish sharti bo‘yicha bahslashdilar. Yashirin sonlarni topishga bag‘ishlangan 3-shart yanada qiziqarli bahslar bilan davom etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar 4-shart talablari asosida mustaqil ravishda qiziqarli misol va masalalar yechishdi va matematik terminlar yozish bo‘yicha musobaqalashishdi.
Ruboiylar ketma-ketligi, Navoiy asarlarida qo‘llagan vazn, o‘lchov  va shakl yuzasidan 6-shart talablarini bajarish jarayonida ishtirokchilar bir-birlariga savollar berish orqali o‘quvchi-o‘quvchining bilimini sinovdan o‘tkazishdi. Bunda A.Navoiy ruboiylarining turoqlanishi, qofiyalanishida sanoqning o‘rni yuzasidan o‘zaro bahslashdilar.
Tadbirning 7-sharti esa haqiqiy Navoiyxonlik bayramiga aylanib ketdi. Unda har bir jamoa a’zosi Navoiy g‘azallarini qanchalik ko‘p bilishini, shu bilan birga  g‘azallarning mazmun-mohiyati, turoqlanishi va o‘lchovi, ya’ni vazni xususidagi bilimdonliklarini namoyish etishdi. Oxirgi, 8-shartni uchala jamoa a’zolari ham qiziqarli tarzda bajardilar. Unda o‘quvchi-yoshlar ikki buyuk alloma hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi sahna ko‘rinishlarini mahorat bilan ijro etishdi.
Tadbir yakunida Jasur O‘rozboyev rahbarligidagi Barno Asqarova, Rayhon Haytimbetova, Anora Jumanovalardan iborat hakamlar hay’ati xulosalariga ko‘ra, “Al-Xorazmiy”  jamoasi 1-o‘ringa munosib ko‘rildi. “Alisher Navoiy” jamoasi 2-o‘rinni, “Navo” jamoasi 3-o‘rinni egalladilar.
Shunisi e’tiborliki, ushbu tadbir orqali maktabda matematika va adabiyot fanlarini o‘qitishda ikkala fan o‘qituvchilarining hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilgani tufayli o‘quvchi-yoshlar adabiyot va matematika fanlarining o‘zaro bog‘liqligini bilim va intilishlari orqali amalda namoyon eta oldilar. Hatto tadbir boshlovchilari bo‘lgan 8-sinf o‘quvchilari Musobek Yo‘ldoshev va Zarinaxon Qurbonboyevalar har bir shartga ta’rif berishda A.Navoiy asarlaridan samarali foydalandilar.
Bo‘lib o‘tgan tadbir 57-sonli maktab pedagogika jamoasining ahilligidan, innovatsion pedtexnologiyalardan samarali foydalangan holda faoliyat yuritayotganlaridan yaqqol dalolatdir.


Robiya YO‘LDOSHЕVA.