Bugungi kunda mamlakatimizda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash eng ustuvor masalalardan biri sifatida qaralib, bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumki, aholini ichimlik suvi ta’minlash borasida tumanimizda ham muammo va qiyinchiliklar ko‘p holatlarda uchrab turadi. Mang‘it suv tozalash inshootining yangidan qurilishi suv ta’minoti bo‘yicha uchraydigan qator muammolarni bartaraf qilishi kutilmoqda. Joriy yilning 13 fevral sanasida tumanimizdagi Qipchoq OFY hududida suv tozalash inshooti qurilishining tamal toshi qo‘yildi.
Tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, quruvchi pudratchi tashkilot xodimlari, ovul va mahallalar oqsoqollari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo, Beruniy, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot, Nukus va Mo‘ynoq tumanlaridagi aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning sifatli ichimlik suvi ta’minotini yanada yaxshilash, shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida «O‘zbekistonning g‘arbiy qismida ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini rivojlantirish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori bu boradagi ishlarda muhim dasturulamal bo‘layotganini ta’kidladi.
Mazkur qarorga asosan Amudaryo tumanida 2024-2025 yillarda “Osië taraqqiët banki” kredit mablag‘lari xisobidan jami 38,58 mln dollar mablag‘ ichimlik suv ta’minotini yaxshilash belgilangan.
Tadbirda so‘zga chiqqan quruvchi pudratchi tashkilot “Obi xayot injiniring" MCHJ rahbari Rahimboy Rahimovning ta’kidlashicha, loyiha doirasida Amudaryo tumani uchun quvvati 40 ming m3/sut bo‘lgan «Mang‘it» suv tozalash inshootini yangidan qurish rejalashtirilgan. Shu maqsadda "Obi xayot injiniring" MCHJ va "Uy-Jay Qurilis" MCHJ bilan 12,98 mln dollarlik shartnoma imzolangan. Bugungi kunda shartomaga asosan ishchi loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, qurilish montaj ishlarini olib borish pudratchi tashkilot tomonidan amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Ernazarov tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra “Osië taraqqiët banki” tomonidan ajratilgan 25,6 mln dollar kredit mablag‘lar hisobidan «Amudaryo tumanining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash» loyihasi doirasida 68,5 km yetkazib beruvchi magistral suv tarmoqlari va 289,2 km ichki ichimlik suv tarmoqlari va 3 ta ichimlik suv inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari rejalashtirilgan.
Tadbir ishtirokchilari Mang‘it suvni qayta tozalash inshootining tamal toshini qo‘ydilar. Ushbu xayrli ish orqali tumanimiz aholisini uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan suv ta’minoti borasidagi muammolar bartaraf qilinishini ta’kidladilar. Shundan so‘ng Yusuf Eshon bobo jome’ masjidi imom-xatibi Abdurahmon Matsafayev so‘zga chiqib, butun tumanimiz ahlini boshlanayotgan xayrli ish bilan tabrikladi hamda quruvchilarning ishlariga rivoj, muvaffaqiyat tiladi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.