AMUDARYOLIK 13 YOSHLI O‘QUVCHI ChЕT TILINI BILISH DARAJASI BO‘YICHA V2 SЕRTIFIKATINI QO‘LGA KIRITDI

Туман янгиликлари

Zamon shiddat bilan rivojlanayotgan, kun sayin taraqqiyot sari ilgarilayotgan ayni davrda xorijiy tillarni mukammal bilish juda katta ahamiyat kasb etadi. Davr bilan hamnafas bo‘lish uchun esa yoshlarimiz bilim olish bilan birga chet tillarini ham o‘rganishlari va shunga harakat qilishlari kerak. Shunga ko‘ra yurtimizda yosh avlodning mukammal bilim olishlari, ilmda yuqori cho‘qqilarni zabt etishlari uchun yetarli sharoit va imkoniyat yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan va munosib yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan bilimdon yoshlar Amudaryo tumanida ham ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Tumandagi Ixtisoslashtirilgan maktabning 7-sinfida ta’lim-tarbiya olayotgan Aslbek To‘liboyev kelajakka munosib avlod bo‘lib kamolga yetishga intilayotgan ana shunday yoshlardan biri. Yaqinda u o‘z bilimini sinab ko‘rish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladigan imtihonlarda ishtirok etdi hamda endi 13 yoshga kirgan bo‘lishiga qaramasdan, chet tilini bilish darajasi bo‘yicha B2 sertifikatini qo‘lga kiritishga erishdi.

Aslbek To‘liboyev 2010-yil 11-dekabrda ziyoli oilada dunyoga kelgan. Uning otasi Mansur Allayarov Nukus Davlat Agrar Universitetini tamomlagan. Hozirgi kunda chet elda. Onasi Dilnura Boboniyozova esa Nukus Davlat Pedagogika institutini tamomlagan bo‘lib, hozirgi kunda 36-sonli maktabda ingliz tili fanidan dars berib kelmoqda.

Aslbek 3 yoshidan Mang‘it shahridagi 3-sonli Maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalana boshladi. Ingliz tilidan MTTdagi mashg‘ulotlar davomida ko‘nikmalarini rivojlantirdi. Ota-onasi ham farzandining chuqur bilim olishiga yetarli ahamiyat berishga, sharoit yaratishga harakat qilishdi. Bu, albatta, o‘zining ijobiy samarasini berdi va kichik bilimdon maktabgacha tarbiya davridanoq iqtidorliligi bilan tengdoshlariga namuna bo‘la boshladi. U 2017-yildan 36-sonli maktabning 1-sinfida o‘qiy boshladi. Birinchi ustozi Alisher Yo‘ldoshevdan alifbeni o‘qishni, son-sanoqlarni va boshqa ko‘plab boshlang‘ich bilimlarni juda qiziqib o‘rgandi. Bilimi yaxshi bo‘lgani sababli 5-sinfni tamomlab, tumandagi Ixtisoslashgan maktabga test topshirdi va yuqori ball bilan maktab o‘quvchilari safidan o‘rin oldi. Hozirgi kunda shu maktabda 7-sinfda ta’lim olmoqda.

Otabek Yo‘ldoshev rahbarlik qilayotgan mazkur maktabda ta’lim-tarbiya ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgani o‘quvchilarning yutuqlarida namomyon bo‘lmoqda. Aslbekning sinf rahbari Gulasal Yodgorova ham undagi matematikaga bo‘lgan qiziqishni ko‘rib,  matematika fanidan Al Xorazmiy olimpiadasida qatnashishiga imkoniyat yaratdi. U olimpiadada yuqori ballni qo‘lga kiritdi va Respublikada 7-o‘rinni egallab, kuchli 10 talikka kirdi. Hozirgi kunda ustozlari bilan kelgusi bosqichga qattiq tayyorgarliklar ko‘rmoqda. Shaxmat, shashka o‘yinlariga, kitobxonlikka qiziqadigan Aslbek bo‘sh vaqtlarida dona surish yoki kitob o‘qish bilan band bo‘ladi.

Maktabning ingliz tili fan o‘qituvchisi Muhayyo Toirova ham uning til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini ko‘rib, yanda ko‘proq o‘rgatishga harakat qiladi. Aslbek ushbu tilni yanada mukammalroq o‘rganish maqsadida “BRIGHTON SCHOOL” o‘quv markazida qo‘shimcha mashg‘ulotlarda qatnashdi. O‘quv markazdagi ustozi Nurbek Jumaniyozovdan grammatikani o‘rgandi. Keyinchalik “ADVANCE” o‘quv markazida Asadbek Yusupovning to‘garaklariga qatnashdi va o‘z bilimlarini sinab ko‘rish maqsadida imtihonlarda qatnashib, chet tilini bilish darajasi bo‘yicha B2 sertifikatini qo‘lga kiritdi.

Yosh bilimdon Aslbekning ta’lim olish bilan bog‘liq rejalari ko‘p. U katta bo‘lgach, xorijdagi nufuzli oliygohlarda ta’lim olib, yetuk, har tomonlama bilimli, kelajak bunyodkori bo‘lishni maqsad qilmoqda. Ayni paytda kelgusida IELTS sertifikatiga ega bo‘lish uchun ingliz tilini yanada mukammal o‘rganishni davom ettirmoqda.

Biz ham iqtidorli o‘quvchi Aslbek To‘liboyevga kelgusi o‘qish va ishlarida omad va muavaffaqiyat tilab qolamiz!

Ozoda Xudoyberganova.