Afg‘on urushi faxriylari uchun bayram tadbiri tashkil etildi

Туман янгиликлари

15-fevral – Sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqilganiga 35 yil to‘ldi. Har yili ushbu sana arafasida butun mamlakatimiz bo‘ylab joylarda uchrashuvlar, davra suhbatlari, xotira tadbirlari, bayram tantanalari muntazam ravishda tashkil etilib, keng miqyosda nishonlanadi.

 Ushbu sana munosabati bilan tumanimizda amudaryolik baynalmilal afg‘onchi-jangchilarning uchrashuvlari, bayram tadbirlari tashkil etildi. Tumanimizdagi afg‘on urushi qatnashuvchilari Xotira maydonida “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydilar. Muzey faoliyati bilan tanishish mobaynida afg‘onchi jangchilar bugungi dorilomon kunlarga shukronalik keltirdilar.

Shundan so‘ng tuman hokimligi tashabbusi bilan urush faxriylari uchun “Sher” to‘yxonasida ajoyib bayram tadbiri tashkil etildi. Bayram tadbirida tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Nodir Kamolov, tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi boshlig‘i G‘ulomjon Duysenboyev, tuman Mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Sherzod Murodov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi faxriy baynalmilal jangchilar uyushmasining tuman bo‘limi ruhbari Bahodir Jumaniyozov boshchiligidagi bir guruh faxriy jangchilar ishtirok etdilar.

Bayram tadbirini tuman hokimi o‘rinbosari Nodir Kamolov ochib berdi. Nodir Kamolov o‘z so‘zida Afg‘onistonda chorak asrcha davom etgan o‘zaro urushlarga barham berish uchun sobiq ittifoq armiyasi safida safarbar qilingan, murakkab sharoitlarda jang-u jadallarda qatnashib, omon qaytgan faxriylar uchun 15 fevral – sobiq ittifoq qo‘shinlari olib chiqib ketilgan sana chinakkam bayram ekanligini ta’kidladi hamda ularni bayram bilan tabrikladi. Sana munosabati bilan har yili mamlakatimizda turli tadbirlar o‘tkazilib, sobiq afg‘onchilarga alohida hurmat-e’tibor ko‘rsatilayotganini qayd etib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar, mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikni qadrlash, jangchi-fahriylarni qo‘llab-quvvatlash va halok bo‘lgan vatandoshlarimizning xotirasini abadiylashtirishga katta e’tibor qaratilayotganini, Afg‘on urushida halok bo‘lgan faxriylarni xotirlash har birimizning insoniy burchimiz ekanligini alohida ta’kidladilar.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘on urushida 65 ming nafar O‘zbekiston fuqarolari qatnashib, 1500 nafardan ko‘prog‘i halok bo‘lgan. Amudaryo tumanidan harbiy harakatlarda ishtirok qilgan fuqarolarning 13 nafari janglarda halok bo‘lgan, 278 nafari esa bugungi kunda tinch va osoyishta yurtimizda umrguzaronlik qilmoqda.

Bayram tadbirida Afg‘on urushi faxriylariga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan konsert dasturi namoyish etildi. Bir-biridan ajoyib Vatan, ona, tinchlik, shukronalik haqidagi sho‘x-shodon kuy-qo‘shiqlar faxriylarimizga ko‘tarinki bayramona kayfiyat beg‘ishladi.

Tadbir so‘ngida Afg‘on urushi faxriylari barcha tadbir tashkilotchilarga, “Sher” to‘yxonasi rahbariyatiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.