DARYOBO‘YI MAHALLASIDA YANGI “LAYLO” OILAVIY MTT ISH BOSHLADI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanining Daryobo‘yi mahallasi hududidagi Amudaryo MTPga qarashli bino kimoshdi savdosiga qo‘yiladigan bo‘ldi. Qishloqda har qanday xabar shahardagiga qaraganda yashin tezligida tarqaladi. Chunki qishloqda hamma bir-birini yaxshi taniydi, birov-birovga begona emas. Tadbirkor Eldorbek Qodirov ham bu xabarni eng birinchilardan bo‘lib eshitdi-yu, ko‘nglida uzoq vaqtdan beri o‘ylab yurgan rejasi – oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini yo‘lga qo‘yish haqida o‘ylab qoldi. Oila a’zolari bilan o‘ylashib, kimoshdi savdosiga qo‘yilayotgan MTP binosining holatini borib ko‘rdi. Jiddiy ta’mirtalab holatdagi binoni bolalar ta’lim-tarbiyasi uchun munosib holatga keltirish uchun anchagina mablag‘ zarurligini bilib tursa-da, ezgu niyatidan qaytmadi, kerakli hujjatlarini taxt qilib qo‘ydi va kimoshdi savdosida ishtirok etib, g‘olib bo‘ldi.

Shu kundan boshlab Eldorbek Qodirov bino atrofini obodonlashtirish, joriy ta’mirlash ishlarini boshlab yubordi. Qarovsizlikdan suvoqlari ko‘chib, namlik tufayli eshik va deraza romlari yaroqsiz holatga kelib qolgan bino ta’miri uchun 400 mln. so‘m o‘z mablag‘ini ajratgan tadbirkor to binoda so‘nggi pardozlash ishlari bitgunga qadar quruvchi-ustalarga ko‘makdosh bo‘ldi. Barcha qurilish-ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkazilgach, tadbirkor bino ichkarisidagi xonalarni zamonaviy mebellar bilan jihozladi. Bolalar ichki o‘yinxonasi, yotoqxona, hatto yuvinish xonasi va oshxona jihozlarigacha bolalar psixologiyasi, ularning o‘ziga xos dunyosiga mos jihozlar bilan jihozlanishiga e’tibor qaratdi.

Joriy yilning 10 fevral sanasida tadbirkor Eldorbek Qodirovning ezgu niyati amalga oshdi va 50 o‘rinli “Laylo” oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti Daryo bo‘yi mahallasi bolajonlarini o‘z bag‘riga oldi.

Oilaviy nodavlat MTTning ochilish marosimida Amudaryo tuman hokimining o‘rinbosari Nodir Kamolov, tuman MMTB mudiri Yalg‘osh Shomurodov hamda Daryobo‘yi MFY mas’ullari ishtirok etishdi. Marosimda so‘zga chiqqan tuman MMTB bo‘limi mudiri Yalg‘osh Shomurodov tadbirkor Eldorbek Qodirovga yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lidagi sharafli va xayrli ishlarida omad tiladi.

Barcha sharoitlarga ega “Laylo” oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirilishi munosabati bilan 6 nafar fuqaroning doimiy ish bilan bandligi ta’minlandi.

Farzandlarimiz kamoloti yo‘lidagi har qanday ish ezgu va xayrlidir. Tadbirkor Eldorbek Qodirovning sa’y-harakatlari tufayli Daryobo‘yi mahallasining turli tashkilot va korxonalarda ishlovchi yosh onalari,shuningdek, farzandlarini zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotiga berishni xohlovchi uy bekalari va yosh oilalari uchun ayni muddao bo‘ldi. Mazkur oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotida bolajonlarning maktabgacha ta’limi va tarbiyasi uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjud. Tarbiyalanuvchilar turfa o‘yinchoqlar ularning fikrlash, nutqiy qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan qiziqarli mashg‘ulotlar bilan qamrab olingan.

- Xalqimizning o‘z hayotidan rozi yashashlariga ko‘maklashish burchimiz, - deydi Eldorbek Qodirov. – Eldoshlarimga ozmi-ko‘pmi , nafim tegayotganidan xursandman.

Ayni paytda Daryobo‘yi mahallalik bolajonlarni o‘z bag‘riga olgan oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatidan ota-onalar ham mamnun.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.