Muhtaram yurtboshimiz tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston sanoatini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish doirasida hududdagi mahallalarga 500 mln mablag' ajratilgan bo'lib, ushbu mablag' hisobidan Amudaryo tumanidagi ovul va mahallalarda samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada Yangiobod mahallasida tizimli ishlar qilindi. Xususan, mazkur mahalla fuqarolar yig‘ini binosiga ham quyosh paneli o‘rnatildi va shu orqali bino elektr energiyasi bilan ta’minlandi. Shuningdek, Yangiobod mahallasi hududidagi Abdulla Avloniy ko‘chasiga yangidan elektr liniyalari tortildi, tayanch ustunlari o‘rnatildi. Bu orqali hududdagi fuqarolar uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq muammolar o‘z yechimini topdi.
Yangiobod mahallasi hududidan o‘tuvchi kollektorga o‘rnatilgan ko‘prikdan, ya’ni mahallaning Farovon mahallasi bilan chegarasidan 40-sonli umumta’lim maktabigacha piyodalar yo‘lakchasi qurildi. Ushbu piyodalar yo‘lakchasining qurilishi mahalla aholisi, ayniqsa, maktab o‘quvchilarining yo‘llarda harakatlanishlarida xavsizlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Mahallaning Amudaryo ko‘chasiga bolalar maydonchasining qurilishi esa bolajonlarning bo‘sh vaqtini maroqli o‘tkazishlariga zamin yaratdi.
Bir so‘z bilan aytganda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Mahallalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan ajratilayotgan mablag‘lar mahallalar infratuzilmalarini takomillashtirish, aholining turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ijrosini hamda mavjud muammolarning samarali va tezkor hal etilishini moliyaviy va moddiy jihatdan ta’minlashda muhim vosita bo‘lmoqda.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati.