Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodni mustaqillik g‘oyalariga, milliy-ma’naviy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, ular qalbida vatanparvarlik, xalqparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlash, turli mafkuraviy hurujlardan himoya qilish doimiy dolzarb masalalardan sanaladi. Ayniqsa, bugungi yuksak texnologik taraqqiyot jarayoni, har bir xonadonga kirib borgan internet tarmog‘i, yoshlarimizni o‘ziga ohanraboday tortayotgan turli gadjetlar har birimizni yoshlar ta’lim-tarbiyasi sohasida ogoh bo‘lishga da’vat etadi. Zero, yoshlarning ma’naviy immunitetini mustahkamlashga qaratilgan ishlarga hissa qo‘shish har bir ziyoli, ongli insonning zimmasidagi yuksak burch va mas’uliyatli vazifadir.
Kelajak egalarini ona Vatanga sadoqat, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash maqsadida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, Favqulodda vaziyatlar bo‘limlari mutaxassislari hamda joylardagi madaniyat muassasalari xodimlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu chora-tadbirlar ro‘y berishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning, yoshlar o‘rtasida diniy-ekstremizm, giyohvandlik, odam savdosi bilan bog‘liq yoqimsiz illatlarga berilish holatlarining oldini olishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir.
Joriy yilning 16 fevral sanasida Amudaryo tumani Madaniyat markazi binosining tantanalar zalida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston – yagona uyimiz!” shiori ostidagi ma’naviy-ma’rifiy, musiqiy tadbir ham kelajak egalari bo‘lgan yoshlar tarbiyasi, kamoloti masalasiga bag‘ishlangani bilan ishtirokchilarda katta taassurot uyg‘otdi.
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy Prokuraturasi, Amudaryo tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mas’ulligida tashkillashtirilgan ma’naviy-ma’rifiy, musiqiy tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurori o‘rinbosari, Adliya podpolkovnigi Maqsud Niyazov, Nukus harbiy prokurori, Adliya polkovnigi Ulug‘bek Abdurahimov, Nukus harbiy prokurori yordamchisi, kapitan Shoriyor Ramazanov hamda Amudaryo tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Zafar Ahmedovlar ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan mas’ullar bugungi globallashuv jarayonida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular ongida ona Vatanni himoya qilishdek sharafli burch mas’uliyatini shakllantirish, “Men O‘zbekistonning farzandiman!” degan yuksak faxr hissini uyg‘otish har bir mutasaddining sharafli burchi ekanini ta’kidladilar. Ma’ruzachilar o‘sib kelayotgan avlodni har qanday mafkuraviy xurujlarning tajovuzkor ta’siridan asrab-avaylash, ularning jirkanch illatlar domiga ilinib qolishlarining oldini olishga qaratilgan fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar. Yoshlarni bu kabi illatlardan himoya qilishda ayniqsa ota-onaning, ta’lim-tarbiya, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining zimmasidagi mas’uliyat yuksak ekanligini ta’kidladilar.
Shundan so‘ng, amudaryolik yoshlar uchun Shimoli-G‘arbiy harbiy okrugi orkestri tomonidan harbiy vatanparvarlik tuyg‘ularini madh etuvchi konsert dasturi namoyish etildi.
Ona – Vatan, tinchlik va millatlararo do‘stlikni tarannum etuvchi harbiy orkestr ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar yoshlar qalbida haqiqatan ham harbiy hayotga qiziqish, Vatan himoyachisi bo‘lishdek sharafli kasbga cheksiz mehr va ixlos tuyg‘ularini uyg‘otdi.
Tadbir davomida Amudaryo tumani madaniyat markazi san’atkorlari ijrosida ham maroqli konsert dasturi ham namoyish etildi.
Tadbir o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida vatanparvarlik, milliy-ma’naviy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlab, harbiy hayotga katta qiziqish hissini uyg‘otgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
Robiya YO‘LDOSHЕVA.