AMUDARYODA VOLЕYBOL BO‘YICHA TUMAN BIRINCHILIGI MUSOBAQALARI BO‘LIB O‘TDI

Туман янгиликлари

Amudaryoda sportning voleybol turi bo‘yicha “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”ga bag‘ishlab tuman birinchiligi o‘tkazildi.

17-18 fevral kuni tumandagi Ixtisoslashtirilgan maktab sport zalida kattalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan tuman birinchiligi musobaqasining ochilish marosimida tuman Sport maktabining ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Bahrom Soatov hamda Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi mas’ullari, maktablarning jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari, tuman Sport maktabi murabbiylari ishtirok etishdi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar yurtimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, tumanimiz sport sharafini nufuzli musobaqalarda himoya qilayotgan yurtdoshlarimiz, erishilayotgan yutuqlarni tilga olib o‘tdilar. Shuningdek, aholini jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish, sport turlari orqali sog‘lomlashtirish azal-azaldan e’tirof etib kelinayotgani, bu esa sog‘lom muhitni yaratishga xizmat qilayotganini ta’kidlashdi va musobaqada ishtirok etish uchun kelgan jamoalarga omad tilashdi.

Shundan so‘ng, tuman birinchiligi uchun qizg‘in bellashuvlar boshlab yuborildi. Musobaqalarda erkaklar o‘rtasida 11 ta, ayollar o‘rtasida esa 9 ta jamoa kuch sinashdilar. Tumandagi ovul va mahallalar, korxona-tashkilotlar, umumta’lim maktablari xodimlaridan tashkil topgan jamoalar g‘oliblik uchun harakat qildilar. Musobaqalar davomida barcha jamoalar o‘yin qoidalariga amal qilgan holda birdamlikda g‘alabani qo‘lga kiritishga intildilar.

Shuni e’tirof etish joizki, bugungi kunda davlatimizda sport o‘yinlari kundan kunga ommalashib, sport jamoalarining shakllanib borish darajasi yuqorilamoqda. Ayniqsa, voleybol sport turi aholi va o‘quvchi-yoshlarda jamoaviylik, ahillik, birdamlik, hamjihatlik, mehr-oqibatni yanada mustahkamlashda beqiyos ahamiyat kasb etmoqda. Hozirda maktablarda jismoniy tarbiya fani darslari va darsdan tashqari mashg‘ulotlar mobaynida voleybol sport turi orqali o‘quvchilarning jismoniy sifatlarini rivojlantirishda turli xil zamonaviy metodlardan foydalanib kelinmoqda. Shuningdek, voleybol sport turi yoshlarda jismoniy sifatlarni rivojlantirish bilan birga kuch, chidamlilik, tezkorlik, chaqqonlik, egiluvchanlik sifatlarini ham oshirishda ham o‘rni katta.

Ikki kun davomida qizg‘in va murosasiz bo‘lib o‘tgan voleybol musobaqalarida jamoalar o‘rtasidagi bahslarni hakamlar sinchkovlik bilan kuzatib, baholab bordilar. Natijaga ko‘ra erkaklar o‘rtasida tuman Ichki ishlar bo‘limi jamoasi birinchi o‘rin g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni esa 45-sonli maktab jamoasi, uchinchi o‘rinni Qangli ovuli jamoasi qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishdi. Shuningdek, ayollar o‘rtasidagi musobaqalarda birinchi o‘rin 28-sonli maktab jamoasiga nasib qilgan bo‘lsa, Oq oltin ovuli jamoasi ikkinchi o‘rin, tuman Sport maktabi jamoasi esa uchinchi o‘rinni egallashdi.

18 fevral kuni bo‘lib o‘tgan g‘oliblarni taqdirlash munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda tuman Sport maktabi direktori Chorsham Tajimurodov, tuman Ichki ishlar bo‘limi mas’ullari, Sport maktabi mas’ullari, trenerlari qatnashishdi va g‘oliblarni yutuq bilan tabriklashdi.

G‘olib jamoalarga tuman hokimligi tomonidan tayyorlangan diplom va esdalik sovg‘alari bilan topshirildi.

O.Xudoyberganova.