2-sektor hududidagi yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi

Туман янгиликлари

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ertanggi kun egalarining har tomonlama yetuk va barkamol inson bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining “Yoshlarning bandligiga ko‘maklashish hamda ularni doimiy ish bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni yoshlar orasida ishsizlikning kamayishi, yoshlar bandligini ta’minlash borasida muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Joriy yilning 24 fevral kuni Amudaryo tumani 2-sektor hududidagi yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Tuman prokuraturasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tuman bo‘limi, tuman Majburiy ijro byurosi, Yoshlar Ishlari Agentligi tuman bo‘limi mas’ullaridan iborat ishchi guruh 2-sektor hududidagi yoshlar bilan uchrashib, yoshlar orasida jinoyatchilik va huqubuzarliklarning oldini olish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga ko‘maklashish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, yoshlarning erta turmush qurishlarining oldini olish, kelajagimiz egalarini turli yot g‘oyalardan himoya qilish maqsadida targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazdi.

Tuman Madaniyat bo‘limi binosida, Qilichboy ovuli hududidagi Madaniyat uyi binosida, Amir Temur nomli ovul hamda Bog‘ mahalla fuqarolar yig‘inlari ma’muriy binolarida o‘tkazilgan tadbirlarda yoshlar bilan muloqot tashkil etilib, ularning qiziqishlari o‘rganildi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yurtimizda kelajak egalari bo‘lgan yoshlarning mustaqil hayotga qadam qo‘yishlari, o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda. Yoshlarning barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishlari uchun, o‘z qiziqishlari, iqtidorlarini namoyon etishlari hamda o‘zi sevgan kasb egasi bo‘lib, xalqimizga na’fi tegadigan komil ison bo‘lib voyaga yetishlari uchun imkoniyatlar yanada kengaytirilmoqda.

Targ‘ibot tadbirlarida 2-sektor hududidagi mahallalarda otalikka olingan 4ta toifadagi yoshlar bilan birma-bir suhbat qilindi. Ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlari uchun qiziqishlarini o‘rganish maqsadida anketa so‘rovnomalari olindi.

Mas’ullar yoshlar bilan yakka tartibda o‘tkazgan o‘zaro suhbatlar chog‘ida ularning yashash sharoitlari, oilaviy ahvoli va muammolari bilan yaqindan tanishdilar. Aniqlangan muammolarga yechim topish bo‘yicha “Mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda tegishli choralar ko‘rilishi belgilab olindi.

Shuningdek, uchrashuvlar davomida yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha tadbirlar tashkil etish, band bo‘lmagan yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, mahallalarda harbiy-vatanparvarlik, madaniy-ma’rifiy va ommaviy sport tadbirlari tashkil qilib, ularga yoshlarni keng jalb etish bo‘yicha takliflar hamda tavsiyalar o‘rganildi va ularni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Targ‘ibot tadbrlari mobaynida mas’ullar hududdagi ehtiyojmand oilalar holidan ham xabar oldilar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga kundalik ehtiyoj uchun oziq-ovqat mahsulotlarini berdilar. Hududlarda bu kabi targ‘ibot tadbirlari davom ettirilmoqda.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.